Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajinggiz mabrur haj bo'sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o'zlari ham o'z hajlarining mabrur bo'lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor:
“Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo'ladi!”(Buxoriy, 3/1773; Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so'ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o'tilgan edi (Buxoriy, 2/1519; Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo'lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so'zining lug'aviy ma'nosi qanday?
«Mabrur» so'zi lug'atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma'nodadir. Uning «xolis» degan ma'nosi ham bor. Demak, «mabrur» so'zi «maqbul» so'ziga ma'nodosh bo'ladi.
Mabrur haj bo'lishi uchun quyidagilar bo'lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag'batli bo'lgan holatda qaytmoqlikdir”(Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag'bat qo'ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo'lib, har dam va har qadamda oxiratini o'ylaydigan bo'lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo'lsa, ularning hajlarining mabrur bo'lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo'ladi. Bu haqida Rasululloh (s.a.v.)ning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o'tgan gunohlari kechiriladi»(Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so'zi lug'atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma'nosida ekani aytiladi. Qur'oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma'nosida kelgan. Bu erda esa u umumiy bo'lib, yomon gap-so'z, qabih ishlar ma'nosida qo'llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko'zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo'lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo'ladi. Bu to'g'ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e'tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo'lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo'lib chiqadi”(Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o'xshash dunyoviy va hajdan o'zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko'rib, «Sayru sayohat qilib, do'konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Hotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo'lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka'baga suyanib o'tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o'ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa'y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u er bu erlarni ko'rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o'tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko'proq zikr, ko'proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko'rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g'animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg'a-salomlarga chalg'ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo'ladi.
4) Haji mabrur bo'lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so'ng uning holi yaxshi tarafga o'zgarishidir. Har bir hoji o'z holiga qarab ko'rsin: ko'proq ibodatlar qilayaptimi, o'qiyotgan nafllari avvalgidan ko'paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og'zidan chiqqan yomon gaplar endi yo'qoldimi, yomon amallari yo'qoldimi, hech kimga aytib bo'lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo'lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to'liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e'tibor qaratishlari kerak bo'ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o'zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo'lga o'tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo'lishi uchun u riyodan xoli bo'lmog'i kerak, deb ta'kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Ho'jako'rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e'tibori va obro'-hurmatiga sazovor bo'lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko'zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo'lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma'siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki, uning "xolis haj" degan ma'nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog'ini bosib olmaslikka ham e'tibor qaratish kerak bo'ladi. Birovning ko'ngliga og'ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo'r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo'ladigan, atigi o'n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo'q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa'ylari mashkur bo'lsin!
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati