Bugun, 21 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabalarining 50-bitiruv xatmonasi va Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarining 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tadbir bo'lib o'tdi.
Fayzli marosimda diniy soha rahbarlari, taniqli ulamolar, professor-o'qituvchilar, faxriylar, imom-xatiblar, talaba-yoshlar, otinoyilar, ota-onalar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan tadbir avvalida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari mehmonlarni tashrif bilan qutlash barobarida bitiruvchi talabalarni ahli ilm bo'lganlari va Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarini tabarruk yoshlari bilan muborakbod etib, ezgu tilaklarini bildirdilar.
Muftiy hazratlari o'z so'zida keyingi yillarda diniy-ma'rifiy sohada ulkan yangiliklar qilinayotgani, ayniqsa, diniy ta'limni yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha ko'plab sa'y-harakatlar amalga oshirilayotgani, xususan, Toshkent islom institutida o'quv dasturlari tubdan yangilangani, Arab tili bo'yicha xalqaro sertifikat berish joriy etilgani, “Sahihul Buxoriy”, “Sunani Termiziy” kabi mo''tabar kitoblarni xatm qilish yo'lga qo'yilgani, ta'lim muassasalaridagi Qur'oni karim va tajvid kurslarida har yili 10 mingdan ziyod fuqaro ta'lim olayotganini qayd etdilar.
Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov so'zga chiqib, Yurtboshimiz boshchiligida mamlakatimizning barcha jabhalarida bo'lgani singari diniy-ma'rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani, bu kabi xayrli ishlarni xalqaro hamjamiyat ham alohida e'tirof etayotganini ta'kidladi. Shu bilan birga Toshkent islom instituti nufuzi nafaqat mintaqamizda, balki Islom olamida mashhur ekani, ushbu dargohni bitirgan talabalar mas'uliyatli va sharafli vazifalarda dinimiz ravnaqi, Vatanimiz rivojiga hissa qo'shishlari lozimligini qayd etib, bitiruvchilarga ezgu tilaklarini yo'lladi. Shuningdek, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarini uzoq yillik samarali faoliyati to'g'risida so'z yuritib, 80 yillik tavallud ayyomlari bilan qutladi.
Marosimda so'z olgan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari, Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ham bitiruvchi talabalar va Shayx Abdulaziz Mansur hazratlarini samimiy tabriklab, mazkur ta'lim muassasasi faoliyatiga oid so'nggi yangiliklar bilan barchani tanishtirdi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari barcha bitiruvchi talabalarga tuhfalar ulashdilar. Shuningdek, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlariga diniy soha mutasaddilari, ulamolar va mehmonlar o'z hadyalarini topshirdilar.
So'nggi so'zni Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari olib, barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirish barobarida el-yurtimiz ravnaqi, bitiruvchi talabalarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar so'rab xayrli duolar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati