Bo'sh vaqtlarimizda ijtimoiy tarmoqlarda turli videolarni tomosha qilamiz. Ma'qul kelsa, do'stlarimiz va yaqinlarimizga ham ulashamiz.
Keyingi paytlarda tarmoqlarda odob-axloqqa, insoniylikka chorlovchi videolar ko'paymoqda. Ayniqsa, ijtimoiy bilim ulashuvchi, tadbirkorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan shug'ullanuvchi blogerlarimiz xalqimizga manfaatli kontentlarni ulashyapti.
Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, axloqsizlik, behayolik va vahshiylikni targ'ib qiluvchi videokontentlar ham talaygina. Ayrim vaynerlarning mavzulariga nazar solsak, er-xotin, qaynona-kelin, do'st va dugonalar orasidagi munosabatlar, boshqa turli trendlarni takrorlash bo'lib qolgan. So'zlarni buzib, shevayu jargonlardan foydalanish esa odat tusiga kirmoqda.
Bular orasida instagram tarmog'ida qaynotasining hisobiga yashovchi erkaklar mavzusidagi videolar talaygina ekani kishini taajjubga soladi. Unda yigitlarning boqimanda, qo'lidan hech ish kelmaydigan landovur, ayolining yoki ota-onasining hisobiga yashashi kulgi qilinyapti va bu oddiy holdek ko'rsatilgan. Bu hazil, albatta. Lekin uning zamirida “zili” bormasmikin? Chunki bunday videolarning ko'pligi yigitlarimizda ana shu tushunchani hosil qilib qo'ymayaptimi? Hayotda oriyati yo'q yigitlar ko'payib borayotganini inobatga olsak, bu mavzuga boshqacha yondashish kerakligi oydinlashadi. Afsuski, mard, qahramon, yurt himoyachisi yoki er kishi oilasining qo'rg'oni, ayolining tayanchi, farzandlarining ishongan tog'i ekanini ifodalaydigan videolar kam.
Shunisi ham borki, keyingi paytlarda ba'zi yigitlarimiz orasida behayo videolarni tarqatish urfga kirgan. Shu bilan birga, to'yu tantanalarda, bayramu yig'inlarda yigit kishiga yarashmaydigan xurmacha qiliqlar qilib, ijtimoiy tarmoqlarga joylash ham ko'paymoqda. Ular bu bilan nimaga erishmoqchi? Nahot birgina layk yoki mashhur bo'lish kishi or-nomusi, hayosidan ustun bo'lsa!?
Afsuski, ba'zi qizlarimiz ham ijtimoiy tarmoq sahifalarida obunachilar va layklar soni oshishi uchun ochiqdan-ochiq behayo suratlarini joylaydi. Bu esa ayrim kuzatuvchilar tomonidan iliq qarshi olinadi. Sahifasi bunday suratlar bilan to'lgan qizlarimiz ertaga bir yigitning yori, kimgadir kelin yoki ona bo'lishini nahot o'ylamasalar. Shuningdek, tarmoqlarda ayrim qizlarning muomala madaniyatidan yiroq ekanini ko'rib yoqa ushlaysan. Ertaga u qanday ona, qanday kelin bo'larkin?
Qolaversa, shu kunlarda tarmoqlarda ba'zilar o'zining bir kunlik hayotini keng ommaga ikir-chikirigacha namoyish etish odat tusiga kirmoqda. Ular o'z sahifalarida hashamatli yashashi, qimmat avtomashinalar minishi, nima tanovul qilayotgani yoki chet ellarga sayohati, ayoli, ota-ona, aka-uka yoki do'stlariga mashina, uy sovg'a qilishini ko'z-ko'z qilmoqda. Bu kibr bo'lishi bilan birga hayosizlik ham emasmi? Bu illat urfga kirib borayotgani achinarli hol. Bu videolarni ko'rib, kimdir havas qilsa, kimdir hayotidan nolishga tushadi. Buning ortidan oilaviy mojarolar kelib chiqishi hech gapmas.
– Dinimiz behayolikdan, kibru riyodan qaytaradi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Riyoning kamligi ham shirkdir”, deganlar, – deydi Toshkent shahar “Hazrati Imom” jome masjidi imom-xatibi Habibulloh domla Abdurazzoqov. – Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Hayo iymondandir, iymon esa jannatdadir. Behayolik qo'pollik, shafqatsizlikdir, qo'pollik esa do'zaxdadir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Hayo kishilarni yomon yo'ldan qaytaradi, yaxshilikka undaydi. Kimning hayosi bo'lmasa, qabih ishlarni tap tortmasdan qilaveradi. Hadisda aytilganidek, qabih ishlar oxiri do'zaxga olib boradi. Shu bois bugun ijtimoiy tarmoqlarga biror xabar yoki video joylayotganda, juda hushyor bo'lish kerak. Odamlarga yaxshilik ulashish payida bo'laylik, ma'nisiz, saviyasiz, manfaatsiz videolardan tiyilaylik. Shunda o'zimiz uchun ham, jamiyat uchun ham foydali ish qilgan bo'lamiz.
Shohrux UBAYDULLOH
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati