Nabiy sollallohu alayhi va sallamning Azbo nomli tuyalari o'tlayotgan bo'lsa, o't-o'lanlar unga talpinar, yirtqich hayvonlar esa: “Sen Muhammadnikisan” deya undan yiroqlashardi. Rasulullohning vafotlaridan keyin shu tuyalari emay, ichmay qo'yadi...
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom: “Jabroil alayhissalom menga risolatni olib kelganida, qaysi tosh yoki daraxt yonidan o'tmayin: “Assalomu alayka, ya Rasulalloh!” der edi», deganlar (Imom Bazzor rivoyati).
Jobir roziyallohu anhu aytadi: “Masjid xurmoning g'o'lalaridan bino qilingandi. Nabiy alayhissalom xutba qilsalar, ana shu g'o'lalardan birining ustiga chiqar edilar. U zot alayhissalomga minbar yasab berilgach, o'sha g'o'laning o'n oylik bo'taloqdek ingraganini eshitdik”.
“Al-fiqhul akbar” asaridagi Ibn Abbosning “Muhammad alayhissalomning ashobini so'kmanglar. Ulardan har birining maqomi soat sayin yuksalgan, ya'ni Payg'ambar alayhissalom bilan bir soat birga bo'lish sizlarning qirq yillik amalingizdan yaxshiroqdir”, deganlarini eslasak, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Sahobalarim yo'lchi yulduz kabidirlar. Ulardan qay biriga ergashsangiz, hidoyat topasiz” (Imom Doraqutniy rivoyati) hadisidagi mohiyatni yanada teranroq anglaymiz.
Sa'diy Sheroziyning hikoyatini o'qisak, buni yanada yaqqolroq his qilamiz:
“Hushbo'y sovunning hidiga mahliyo bo'lgan shoir farazan undan so'rabdi:
– Buncha xushbo'ylikni qayerdan olding?
– Aslida, men mushk ham, anbar ham bo'lmagan oddiy tuproqman. Bir muddat gulga hamrohu hamsuhbat bo'ldim. Atirgul butasi ostida bo'lganim tufayli uning kurtaklaridan oqib tushgan shudring tomchilari bilan namlandim. Shundan so'ng uning hidi menga o'rnashdi. Qalbingizni yayratgan bu ifor aslida atirguldan!..”.
Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga muntazam ravishda salavotlar aytib, salomlar yo'llasak, atirgulning ifori kabi ma'naviy olamimiz ziynatlanib boraveradi.
Mavjuda ABDULLOH qizi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati