Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Qalbingizni salavot bilan ziynatlang!

22.05.2024   6365   3 min.
Qalbingizni salavot bilan ziynatlang!

Nabiy sollallohu alayhi va sallam­ning Azbo nomli tuyalari o'tlayotgan bo'lsa, o't-­o'lanlar unga talpinar, yirtqich hay­vonlar esa: “Sen Muhammadnikisan” deya undan yi­roqlashardi. Rasulullohning vafotlaridan keyin shu tuya­lari emay, ichmay qo'yadi... 

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom: “Jabroil alay­hissalom menga risolatni olib kelganida, qaysi tosh yoki daraxt yonidan o'tmayin: “Assalomu alayka, ya Rasulalloh!” der edi», deganlar (Imom Bazzor rivoyati).

Jobir roziyallohu anhu aytadi: “Masjid xurmoning g'o'lalaridan bino qilingandi. Nabiy alayhissalom xutba qilsalar, ana shu g'o'lalardan birining ustiga chiqar edilar. U zot alayhissalomga minbar yasab berilgach, o'sha g'o'laning o'n oylik bo'taloqdek ingraganini eshitdik”.

“Al-fiqhul akbar” asaridagi Ibn Ab­bosning “Muhammad alayhissalomning ashobini so'kmanglar. Ulardan har birining maqomi soat sayin yuksalgan, ya'ni Payg'ambar alayhissalom bilan bir soat birga bo'lish sizlarning qirq yillik amalingizdan yaxshiroqdir”, deganlarini ­eslasak, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Sahobalarim yo'lchi yulduz kabidirlar. Ulardan qay biriga ergashsangiz, hidoyat topasiz” (Imom Doraqutniy rivoyati) hadisidagi mohiyatni yanada te­ranroq anglaymiz.

Sa'diy Sheroziyning hikoyatini o'qisak, buni yanada yaqqolroq his qilamiz:

“Hushbo'y sovunning hidiga mahliyo bo'lgan shoir farazan undan so'rabdi:

– Buncha xushbo'ylikni qayerdan olding?

– Aslida, men mushk ham, anbar ham bo'lmagan oddiy tuproqman. Bir muddat gulga hamrohu hamsuhbat bo'ldim. Atirgul butasi ostida bo'lganim tufayli uning kurtaklaridan oqib tushgan shudring tomchilari bilan nam­landim. Shundan so'ng uning hidi menga o'r­nashdi. Qalbingizni yayratgan bu ifor aslida atirguldan!..”. 

Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga muntazam ravishda salavotlar aytib, salomlar yo'llasak, atirgulning ifori kabi ma'naviy olamimiz ziynatlanib boraveradi. 

Mavjuda ABDULLOH qizi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   64119   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari