Haj ibodatini ado etmoqchi bo'lgan har bir mo'min-musulmon iloji boricha hajning shartlari, ruknlari, odoblarini o'qib, o'rganib yoki so'rab bilib olishi shart. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Bas, Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahlidan so'rangiz!»(Anbiyo surasi, 7-oyat).
Muborak haj ibodatining barcha tartib, qoidalarini tushunib, ado etilsa, uning mukammal bajarilishi va savobining ortishiga sabab bo'ladi. Zero, ilmsiz amal mevasiz daraxt kabidir.
Eng avvalo haj ibodatini ado etishda uning mohiyatini yaxshi anglab olish lozim. Haj naqadar muborak va hammaga ham nasib etavermaydigan ibodat ekanini tushunib etgan banda bu amalni to'la-to'kis ado qilishga shavqi ortadi, azmu qaror qiladi.
Haj ibodatiga boruvchi kishi uchun avvalo hajni xolis Alloh uchun niyat qilmog'i talab etiladi. Chunki Alloh taolo faqat xolis qilingan amalnigina qabul qiladi.
Haj ibodatini istagan kishi riyo (birov ko'rsin)dan va sum'a (birov eshitsin)dan, odamlar maqtashi, uni ibodatli kishi yoki hoji deb aytishlarini yaxshi ko'rish va shunga o'xshash boshqa nafs aldovlaridan saqlanadi.
Haj ibodatiga boradigan kishi dunyodan ketayotgandek bo'lmog'i lozim. Haj ana shunday ibodatki bunda banda barcha shahvat, lazzatlardan, orzu-havaslardan, oilasi, yaqinlaridan, lavozim, mansabidan, hatto ustidagi kiyimlaridan ham ajralib chiqib, buyuk Robbiga yuzlanadi.
Shuningdek, barcha gunohlariga tavba qiladi. Dastlab o'zi bilan Robbi o'rtasidagi gunohlariga tavba qilib, barcha gunoh-ma'siyatlari uchun tili bilan Allohga istig'for aytadi va nadomat qiladi.
Zimmasidagi ibodatlarining qazosini ado etishga kirishadi. Chunki qoldirgan ibodatlarni qazosini o'tamagunicha unga tavba foyda bermaydi, so'ng nadomat qiladi va Alloh taologa istig'for aytadi.
So'ngra bandalarga taaluqli bo'lgan gunohlariga tavba qiladi, kimning o'ziga yoki moliga zulm qilgan bo'lsa, Alloh taolodan mag'firat so'rash bilan birga mol egasidan kechirim so'rab, rozi qiladi.
Hajga tayyorgarlik ko'rish asnosida zarur narsalarni yig'ib, jamlashga kirishganda esa oxirat kuniga nimalar jamlab qo'yganini esiga olsin.
Ustidagi kiyimlarini echib, oq ikki matoni o'rayotganida kafanni yodiga olsin.
Ehrom libosiga kirgan hojilar bir xil bo'lib, ular orasidan boy bilan kambag'alni, podshoh bilan gadoyni ajratib bo'lmaydi. Bu barobarlik o'limdan keyin barchalarining kafan libosida teng bo'lishlarini eslatadi. Aslida vafot etgan har bir kishining holati shunday. Yuviladi, liboslaridan echintiriladi va oq choyshabga o'raladi. So'ng unga (janoza) namozi o'qilib, qabrga qo'yiladi.
Haj qiluvchi miyqotda libosini echib, ehromni kiyganida ushbu holatni ko'proq eslashi lozim. Dunyo hayoti bir kun kelib albatta o'z nihoyasiga etishini va uxroviy hayoti boshlanadigan o'limni yodga oladi.
"Labbayka"ni aytishni boshlaganida Alloh taoloning amri farmoniga javob berayotganini esga olsin. Qabul etishini umid qilib, qabul bo'lmay qolishidan qo'rqib tursin.
Haramga etganida Alloh taologa o'zini mehmonlari martabasiga erishtirgani uchun shukr qilsin.
Baytullohga ilk bor ko'zi tushganida hamda Baytullohni tavof qilish naqadar ulug'vorligini his etsin.
Hajarul asvadni qo'li bilan ushlagan yoki ishora qilganida Alloh taologa barcha gunohlaridan tavba qilishga, buyruqlariga itoat qilishga va'da bersin va bu va'dasiga vafo qilishga azmu qaror qilsin.
Ka'bai Muazzamaning eshigiga osilganida va Multazamda turganida gunohkor banda O'z Robbisining bayti ostonasida turganini bilsin.
Safo va Marva orasida sa'y qilayotganida qiyomat kunini eslasin. Har sa'y qilayotganidagi borib-kelishni "qiyomatning arosati" deb o'ylasin.
Arafotda turganida, odamlarning to'planganini ko'rganida, ovozlarining ko'tarilishini eshitganida, tillarining turli-tumanligini bilganida qiyomat kunidagi mahshargohni, unda xaloyiqning jamlanishini va shafoat so'rashlarini esga olsin.
Shaytonga tosh otishda Alloh taologa qullikni namoyon qilishni va buyruqqa bo'ysunib, uni ado etishni qasd qilsin.
Qurbonlik so'yish paytida bu ishning Alloh taologa qurbat hosil qilishning eng muhim turlaridan biri ekanini, qurbonlikning har bir bo'lagi evaziga qurbonlik qiluvchining bir bo'lagi do'zaxdan xalos bo'lishini eslasin.
Davron NURMUHAMMAD
Hayotning bo‘ronli kunlariyu o‘tkir tig‘li hanjarlari unga ozor berishiga qaramay Allohning qadari va irodasiga rozi bo‘lib uyquga ketgan, mahzunlik uning qalbiga kirishga yo‘l topa olmayotgan, ko‘z yoshlar esa ko‘ziga hech o‘rnasha olmayotgan va farzandi, suyukli insonlari, ota-onasi yoki do‘stlarini yo‘qotgan barcha insonlarga aytar gapimiz: Alloh ajringizni ulkan qilib bersin! Darajangizni oliy qilsin! Siniqligingiz o‘rnini O‘zi to‘ldirib bersin! U zot bunday marhamat qiladi:
﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ﴾
“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir” (Baqara surasi, 45-oyat).
Hazrati Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Sabrning iymondagi o‘rni boshning jismdagi o‘rni kabidir”. Shuning uchun siz sabringiz evaziga beriladigan mukofot – Firdavs jannatini qo‘lga kiritishingiz sizga xushxabar bo‘lsin! Tez orada siz har qanday holatda ham muvaffaqiyat qozongan inson ekaningizni bilasiz. Chunki Alloh taolo O‘zining Payg‘ambariga bunday deydi:
﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾
“Va sabrlilarga bashorat ber” (Baqara surasi, 155-oyat).
Shu’la: O‘zingizga bo‘lgan ishonch umringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar sizga yangi g‘oyalar ijod etishingiz va o‘z kasbingizda yangi marralarni zabt etishingizga yordam beradi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan