Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo'ldingiz” (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Ey mo'minlar, Alloh taolo sizga oshnolik va birdamlikni in'om etganini eslang. Zero, Islomni qabul qilishingizdan oldin bir-biringizga dushman edingiz. Alloh taolo Islom orqali qalbingizni birlashtirib, o'zaro birodar qildi. Shunday ekan, birodaringizga nisbatan qalbingizda aslo gina, kin-adovat va nafrat saqlamang!
Imom Sa'diy rohimahulloh aytadilar: “Alloh qalbingizni Islom sababli birlashtirdi va shu bois o'zaro birodar bo'lib, rahm-shafqatli hamda bir-biringizga yordam berdingiz” (“Tafsiri Sa'diy”).
Boshqa oyatda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda ularning qalblarini birlashtirgan Zotdir. Agar er yuzidagi hamma narsani sarf qilsang ham, ularning qalblarini birlashtira olmas eding. Lekin Alloh ularni birlashtirdi. Albatta, U g'olib va hikmatli Zotdir” (Anfol surasi, 63-oyat).
Hunayn g'azotidagi g'alabadan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam makkaliklarga ularning qalblarini Islomga yanada oshno qilish maqsadida o'ljalarni orttirib berdilar. Bunga ba'zi ansoriylar norozi bo'lib: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurayshga beryaptilar, bizni esa tark qilyaptilar”, deyishdi.
Bu gap Nabiy alayhissalomga etdi. Shunda ansorlarni to'plab: “Ey ansorlar jamoasi, zalolatda edingiz, Alloh taolo sizni men sababli hidoyaga boshlamadimi? Tarqoq edingiz, Alloh sizni men sababli og'a-ini qilmadimi? Faqir edingiz, Alloh men sababli sizlarni badavlat qilmadimi?”.
Ansorlar u zot alayhissalomning har bir savollariga: “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir”, deb javob berishardi.
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati