Shu yil 26 may kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida yangi qurilgan "Mirzaobod" jome masjidi mo'min-musulmonlarga foydalanishga topshirildi. Shu bilan viloyatdagi masjidlar soni 79 taga etdi.
2023-2024 yillar davomida homiylar ko'magida hashar yo'li bilan qurib bitkazilgan yangi masjid binosi 1000 o'ringa mo'ljallangan.
Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari Abdurauf domla Yorbekov va boshqa notiqlar hudud ahlini muborakbod etib, ushbu xayrli ishga hissa qo'shgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida jamoat bilan elu yurtimiz farovonligi va yangi jomening uzoq yillar mo'min-musulmonlar bilan obod bo'lishini so'rab duolar qilindi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati