Sharatimiz ko'rsatmalarida jamoat namoziga targ'ib qilinadi. Umuman olganda musulmonlar o'zaro mehr-oqibatda yashashlari va hojatmandlar muhtojlarning ehtiyojlarini yaxshi his qilishlari hamda jamiyat a'zolarining hol-ahvollaridan xabardor bo'lib turishi uchun ham jamoatga ehtiyoj seziladi.
Alloh subhonahu va taolo Qur'oni karimda aytadi: “Namozni to'kis ado qiling, zakot bering va ruku' qiluvchilar bilan ruku' qiling”(Baqara, 43).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jamoat namozi yolg'iz namozdan (ya'ni yolg'iz o'quvchining namozidan) yigirma etti daraja ortiqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rivoyat qilinishicha qiyomat kuni bo'lganida Alloh taolo yuzlari yulduz kabi bo'lgan bir qavmni tiriltiradi. Farishtalar ulardan so'raydi:
“Sizlar nima amal qilgansiz?”.
Ular javob beradilar:
“Biz azonni eshitgan vaqtimizda hamma ishni tashlab, tahorat olgani turardik”.
Yana bir qavmning yuzi oy kabi nurli bo'lur. Ulardan so'raydilar:
“Sizlar nima ish qilgansizlar?”.
“Biz azondan oldin tahorat olardik”.
Va yana bir qavm bo'ladi, ularning yuzlari quyosh kabi porloq, nurafshon bo'ladi. Ulardan ham buning sababi so'ralganida ular shunday javob beradilar:
“Biz doimo azonni masjidda eshitardik”.
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati