Sabr insonga xos bo'lgan fazilat. O'z nomi bilan boshqa fazilatlarga qaraganda ko'proq mashaqqatni talab qiladi. Shuning uchun sabrga beriladigan mukofot ham o'sha maqomga munosib bo'ladi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday bayon qilinadi: “Albatta, sabr qiluvchilarga ajrlari hisobdan tashqari berilur”(Zumar, 10).
Sabrning navlari bor – musibatga sabr, ko'ngil xohishlariga sabr va ibodatga sabr.
Ko'ngil xohishlariga qarshi sabr qilish hammasidan ham og'ir. Qalb taqvo sari chorlab tursa-da, nafs shahvat tomon intilaveradi. “Shubhasizki, agar Robbim rahm qilmasa nafs yomonlikka undovchidir” (Yunus, 53).
Ko'ngil xohishlari esa, ziynatlangan.
“Hotinlardan, bolalardan, to'p-to'p tillo va kumushdan, go'zal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati insonlarga ziynatlab qo'yilgan” (Oli Imron, 14).
Ana shunday paytda nafsining boshiga urib, gunohdan saqlansa, ana o'sha kimsadir jannatiy!
“Va, ammo kim Robbisining maqomidan qo'rqsa va nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo'lsa. Bas, albatta, jannat o'rin bo'ladir” (Nozi'ot, 41).
Ayniqsa omad kelib atrofingizni fahsh va ma'siyatlar qurshab olganida, gunoh qilishga imkon har tomondan ochilib turganida Alloh taolodan qo'rqib sabr qilish – chin mardlik, haqiqiy taqvo, Allohdan qo'rqish, komil mo'minning sifati.
Bir kuni kelib omad ketganda sabrdan boshqa chora ham qolmaydi, imkon ham bo'lmaydi. Huddi yaqin insoni vafot etgan kishi kunlar o'tishi natijasida sabrdan boshqa chora topa olmagani kabi.
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida «1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va «Vaqf» fondi filiali rahbari Rajabali domla Norqo‘chqorov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan mudarrislar hamda faxriy ustozlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, ularning yosh avlodga sof islomiy ilmlar, odob-axloq va ezgu qadriyatlarni yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarini alohida e’tirof etdilar.
Tadbir doirasida ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida bayram sovg‘alari hamda moddiy rag‘batlantirish mablag‘lari topshirildi.
Ma’rifat ulashuvchi, millat kelajagini tarbiyalovchi ustozlarni e’zozlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat va minnatdorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati