Dubayda ikki yilda bir marta o'tkaziladigan Islom xattotlik san'ati ko'rgazmasi islom davlatlaridan 200 nafar xattot ishtirokida boshlandi.
“IQNA” saytining “ash-Sharq” matbuotiga tayanib xabar berishicha, Dubay madaniyat va san'at departamenti dunyoning turli burchaklaridan 200 ga yaqin xattot va rassomlarni jamlagan va Dubay bo'ylab 35 ta joyda 19 ta ko'rgazma tashkil etadigan “Dubay xattotlik biyennalesi” o'z faoliyatini boshladi.
Ko'rgazmaga qo'yilgan asarlar orasida islom xattotligi, an'anaviy va zamonaviy tipografiya 8 tilda o'rin olgan.
Ushbu biyennalening ochilishi 11-Dubay xalqaro arab xattotligi ko'rgazmasi doirasida bo'lib o'tadi va shu yilning 31 oktyabrigacha davom etadi.
Mazkur ko'rgazmaning ochilishida Dubay Madaniyat boshqarmasi rahbari Shayxa Latifa bint Muhammad bin Rashid al-Maktum bunday dedi: “Hattotlik milliy o'zligimizni anglashdagi ustunlardan biri sanalib, mahalliy hamda arab madaniyati va merosimiz boyligini ifodalovchi, ilhomlantiruvchi vositadir”.
U qo'shimcha qildi: “Dubay ijodiy iqtisodiyotda sifatli o'zgarishlarni amalga oshirish va ijodiy iste'dodlarni qo'llab-quvvatlovchi barqaror badiiy muhitni yaratish tarafdoridir. Dubay xalqaro xattotlik ko'rgazmasi Islom san'atini asrab-avaylash, arab madaniyatining estetikasi va boyligini yoritib, uning ijodiy mazmunini dunyoga taratishga o'zining salmoqli hissasini qo'shadi”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati