O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko'plab muammolarni hal etishda muhim omil bo'lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e'tiborga olinib, o'z echimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 29 may kuni Diniy idora raisi o'rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog'ida ular tomonidan ko'tarilgan masjidlar holati, imom-xatib faoliyati, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Mana shunday samimiy qabul va g'amxo'rlikdan mamnun bo'lgan fuqarolar ko'rsatilgan e'tibordan ko'ngillari shod bo'lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O'zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati