1) Musofir o'z ahli ayoliga moddiy va ma'naviy narsalarni qoldirib chiqar ekan, qoldirgan narsalarining ichida eng afzali, Allohning rahmatiga, barakotiga sabab bo'lguvchisi ikki rakat nafl namozdir.
عن المطعم بن مقدام قال قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ مَا خَلَّفَ عَبْدٌ عَلَى أَهْلِهِ أَفْضَلَ مِنْ رَكْعَتَيْنِ يَرْكَعُهُمَا عِنْدَهُمْ حِيْنَ يُرِيدُ السَّفَرَ.
Mut'im ibn Miqdom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Safarga chiquvchi odam xonadon ahliga safar oldidan o'qiladigan ikki rak'at namozdan afzalroq narsa qoldirmabdi» (Kanz ul-Ummol).
2) Safarga chiquvchi kishi doim zikr bilan mashg'ul bo'lish uchun o'zi bilan 100 talik tasbeh olishi kerak. Chunki Rasulloh sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Albatta, boshqa joylarga nisbatan Masjidul haramda o'qilgan namozlar 100 000 (yuz ming) va Masjidun nabaviyda o'qilganlari 1000 (ming) namozning savobiga teng bo'ladi». Bu degani 100 000 (yuz ming)ta yoki 1000 (ming)ta qazo namozning o'rniga bitta namoz kifoya qiladi degani emas. Balki bitta namoz bitta namoz o'rniga o'tadi, lekin savobi minglab marta ko'p bo'ladi.
Bu mavzuda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
صلاة في مسجدي هذا خير من ألف صلاة فيما سواه إلا المسجد الحرام (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Mana bu masjidimda o'qilgan namoz boshqa joylarda o'qilgan mingta namozdan yaxshiroqdir. Faqat Masjidul haramda unday emas” (Muttafaqun alayh).
Bu hadisni Alloma Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh shunday sharhlaganlar:
(خير) أي من جهة الثواب لا من جهة الإجزاء فالتضعيف يرجع إلى الثواب ولا يتعدى إلى الإجزاء بإتفاق العلماء كما نقله النووي وغيره ، فلو كان عليه صلاتان فصلى في أحد المسجدين صلاة لم تجزه إلا عن واحدة
ya'ni: “Masjidun nabaviyda o'qilgan bitta namoz boshqa joylarda o'qilgan 1000 (ming)ta namozdan savob jihatidan yaxshiroqdir, o'rniga o'tish jihatidan emas. Ulamolarning ittifoqi bilan 1000 (ming) barobar ustun bo'lish, o'rniga o'tishga emas, balki savobga tegishli bo'ladi. Buni Imom Navaviy va boshqa ulamolar ham naql qilishgan. Agar bir kishining zimmasida ikkita o'qilmagan namoz bo'lsa va ikki haramdan birida bitta namoz o'qisa, faqat bittasining o'rnidan o'tadi” (“Mirqotul mafatih” kitobi).
Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi:
الصلاة في المسجد الحرام بمائة ألف صلاة والصلاة في مسجدي بألف صلاة والصلاة في بيت المقدس بخمسمائة صلاة (رواه الامام الطبراني عن أبي الدرداء رضي الله عنه)
ya'ni: “Masjidul haramdagi namoz yuz ming namozga, Mening masjidimdagi namoz ming namozga, Baytul maqdisdagi namoz besh yuz namozga teng keladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Bu masjidlarning fazilat ma'lum va mashhur: Masjidul haram eng birinchi ibodat uchun qurilgan masjid, Masjidun-nabaviy sevimli Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam qurdirgan va doim o'sha erda turgan masjidlari, Baytul maqdis ham qadimdan ko'plab payg'ambarlar namoz o'qigan, Payg'ambarimiz o'sha erdan me'rojga ko'tarilgan masjiddir.
Demak, muborak masjidlarda o'qilgan bitta qazo namozi bittaga o'tsa ham, hech tushkunlikka tushmaslik kerak. Zero u muborak joylarda ajru savoblarning minglab marta ko'paytirib berilishi haqida sahih xabarlar ko'p. Alloh taoloning marhamati bilan yuqorida zikr qilingan uchta muborak masjidlarga haj, umra yoki ziyoratga borgan mo'min-musulmonlar u masjidlarda turli ibodatlarni ko'paytirishga harakat qilishi kerak. Albatta, Alloh va Rasuli rost so'zlaydi, va'dasiga xilof qilmaydi, ixlos bilan amal qilsak, va'da qilingan ulug' ajrlar shubhasiz beriladi. Vallohu a'lam.
3) Misvokning ma'naviy foydalari ham juda ko'p.
Jumladan, u shaytonni haydaydi, misvok ishlatuvchidan shayton qochib ketadi. Misvok yaxshiliklar savobini oshiradi. Agar tahorat olishda misvok ishlatilsa namozning savobining ortishiga sabab bo'ladi. Misvok o'lim oldidan shahodat kalimasini eslatuvchidir. Misvokning eng muhim afzalliklaridan biri bu – Alloh taoloning roziligini topishga sabab bo'lishidir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Misvok og'izni poklovchi va Robbni rozi qiluvchidir", deganlar. Boshqa rivoyatda "shaytonni g'azablantiradi" deyiladi.
Qarang azizlar, tishimizni tozalaydigan bu tayoqcha orqali Alloh taoloning roziligini topishimiz mumkinligi naqadar ajoyib.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Agar ummatimga mashaqqat bo'lmasin, demaganimda ularni har tahoratda misvok qilishga amr etar edim", deganlar (Imom Nasoiy rivoyati).
4) Parvardigorning bunday va'dasi bor: ya'ni, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o'sha yaxshiligi o'n barobar qilib qaytariladi” (An'om surasi, 160-oyat).
Qur'oni karimda yaxshilik-ehson qiluvchilarning sifatlari batafsil bayon etilgan. Ular kechalari turib namoz o'quvchilar, tun oxirida Parvardigorlaridan mag'firat so'rovchilar, mol-mulklaridan muhtoj va faqirlarga nasiba ajratuvchi kishilardir. Imkoni bor kishilar muborak zaminda qiynalgan kishilarga ehson qilishsa yuqorida zikr qilganimizdek 1 riyol ehsonlari Madinai munavvarada 1000 riyolni, Makkai mukarramada 100 riyolni savobi beriladi
5) Safar davomida ziyoratchi o'ziga sabrli bo'lishni maqsad qilib olishligi. Kishilar bilan muomalotda, aeroportda ruyhatdan o'tishda, aftobusga chiqib tushishda, ziyoratgohlarda ziyoratchiga xos odobda bo'lishligi lozim bo'ladi.
6) Ziyoratchi bomdod namozidan so'ng shoshilmay kun chiqqach ishroq namozini o'qishi.
Chunki Muoz ibn Anas Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bomdod namozini o'qib bo'lganidan keyin namoz o'qigan joyida to choshgoh namozini o'qiguncha o'tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo'lsa, uning xatolari agar dengiz ko'pigidan ko'p bo'lsa ham mag'firat qilinadi», dedilar». (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).
Termiziyning lafzida: «Kim bomdodni jamoat bilan o'qisa, so'ngra quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o'tirsa, keyin ikki rakat namoz o'qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo'lur. To'liq, to'liq, to'liq», deyilgan.
7) Imkon darajasida zikrlarni ko'paytirishi
Zamonamiz olimlaridan Shayx Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: "Allohga qasamki, men har kuni bomdod namozidan so'ng "Astag'firulloh" ni yuz bora, "La ilaha illalloh" ni yuz bora, "Allohumma solli alaa Muhammadin va alaa olihi va sohbihi vasallim" ni yuz bora, "Subhanallohi valhamdulillohi va la ilaha illallohu vallohu akbar" ni yuz bora, "Subhanallohi va bihamdihi subhanallohil aziym" ni yuz bora, "La havla valaa quvvata illaa billah" ni yuz bora, "Hasbiyallohu va ni'mal vakil" ham yuz bora zikr etaman.
Bu zikrlarga bir soatning uchdan biri, ya'ni, yigirma daqiqacha vaqt ketadi.
Bas, ey sen, o'zingga doimo Allohni zikr etishni lozim tutgin. Shunda Alloh taolo senga madadlarini ato etadi".
8) Qur'oni karim tilovati. Bo'sh vaqt bo'lishi bilan Qur'oni karimni tilovat qilishni maqsad qilish
9) Makruh vaqtlarda bomdoddan keyin peshindan oldin va asr bilan shom namozi o'rtasidagi vaqtlarda nafl namoz o'qimaslik.
Quyidagi vaqtlarda namoz o'qish, tilovat sajdasi qilish, janoza namozi o'qish joiz emas (mumkin emas):
– kun chiqayotgan paytda;
– kun qiyom (tikka)ga kelganida;
– kun botish chog'ida;
Bu paytlarda namoz o'qish, Qur'oni Karimdan sajda oyati o'qilganda sajda qilish, janoza namozini shu vaqtga to'g'rilab o'qish mumkin emas. Ammo shu kungi asr namozi kun botayotgan bo'lsa ham ado etilaveradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Menga eng rozi bo'lingan kishilar guvohlik berdilar. Ularning ichida eng rozi bo'lingani Umardir. «Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdod namozidan keyin to quyosh chiqquncha va asrdan keyin (quyosh) botguncha namoz o'qishdan qaytarganlar», dedi» Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
10) Madinai munavvarada ovozni baland qilmaslik xatto oyoq kiymini ham erga ohista qo'yib kiyish lozim.
11) Baqi' qabristoni haqida ma'lumotga ega bo'lish.
Baqi' qabristoni sharafli joy hisoblanib, u dunyodagi qabristonlarning eng afzalidir. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim Madinada vafot eta olsa, shunday qilsin. Chunki men bu erda vafot etgan kishini shafoat qilaman”, dedilar” (Termiziy rivoyati).
12) Qubo masjidi fazilati
Qubo masjidida o'qilgan nafl namoz umraning savobiga tenglashtirilgan.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim uyida yaxshilab tahorat olib, so'ngra Qubo masjidiga kelsa va u erda namoz o'qisa, unga umraning savobidek savob bo'ladi”. Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilishgan.
13) Masjidda o'qiladigan janoza namozlarini o'qish. Ziyoratchi Madinai munavvara va Makkai mukarramadagi janoza namozlarini ham o'qishligi va ikki tomonga salom berib tugatishligini esdan chiqarmasligi kerak. Janozaga qatnashgan kishi bir qiyrot savobga ega bo'ladi, bir qiyrot Uhud tog'i barobaricha deyilgan. Endi tasavvur qilib ko'raylikchi janozaga qatnashmay qancha savobdan quruq qolyapmiz?
14) Ziyoratchi oyalarimiz o'zlarini tutishlari, liboslariga e'tibor berib sha'nlariga dog' tushirmasliklari.
15) Ziyoratchilar Mino vodiysi, Muzdalifa va Arafot maydonlarida guruh rahbariga itoatda bo'lishi lozim.
Alloh taolo barchamizni muborak maskanlarga borib, Haj va Umra ibodatlarini qilishlik baxtini nasib qilsun.
Manbalar asosida tayyorlandi:
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Yurtimizda aholi ma’naviyatini yuksaltirish, sof e’tiqod va milliy qadriyatlarimizni keng yoyish hamda xalqimizga to‘g‘ri va ishonchli diniy-ma’rifiy ilmlarni yetkazishda davriy matbuot nashrlarining o‘rni beqiyos.
Joriy yilning 17 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yilgi obuna mavsumida faol ishtirok etib, ushbu nashrlar targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan soha mas’ullari va imom-xatiblarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsiddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda nashrlar bosh muharriri Abdujalil Xo‘jamov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur gazeta va jurnallar shunchaki matbuot vositasi emas, balki har bir xonadonga ilm-ma’rifat, sog‘lom e’tiqod va fazilat olib kiruvchi mo‘tabar ma’naviy manbalardir. Ular orqali xalqimiz mo‘tadil diniy ilmlarni o‘zlashtirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga rasmiy va asosli javoblar olish imkoniga ega bo‘ladi.
Muloqot davomida diniy nashrlarning jamiyatdagi ahamiyatini oshirish, aholini mutolaaga jalb etish va yangi bosqichdagi obuna ishlarini yanada samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir yakunida nashrlarni aholi orasida keng targ‘ib etishda fidoyilik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh imom-xatiblar va soha xodimlariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati