O'rta asr Sharq muarrixlarining fikriga ko'ra, hozirgi O'zbekiston hududlari VII asrdan Movarounnahr nomi bilan tilga olingan. Ushbu atama yurtimizga islom dining kirib kelishi bilan bog'liq. Manbalarga ko'ra, "Movarounnahr" so'zi "daryoning narigi tomoni, ikki daryo oralig'i, daryoning narigi sohili" ma'nolarida ishlatilgan. Bu hozirgi Amudaryo bo'lib, qadimda Jayhun nomi bilan yuritilgan.
Bu atama haqida daslabki ma'lumot hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning Abu Bakr at-Tamimiy Ahnaf ibn Qays ibn Muoviya ibn Husaynga yo'llagan maktubida uchraydi. Asli ismi Zohhak bo'lgan bu shaxs o'z ismi bilan emas, Ahnaf (ya'ni oqsoq) laqabi bilan tanilgan. Bu sahobiy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam davrlarida musulmon bo'lib, Umar roziyallohu anhuning davlat boshqaruvlari vaqtida Hurosonga jo'natilgan.
Ahnaf ibn Qays hijriy 22 (mil. 642) yilda Hurosonning Marv va Balx shaharlarini egallagach, Halifa Umar roziyallohu anhu unga shunday mazmundagi maktub yo'llagan: "Ammo ba'd! Daryodan o'tmanglar. Uning avvalgi tarafi bilan cheklaninglar. Hurosonga nima maqsadda kirganingizni yodda tutingizlar. O'z maqsadingizda bardavom turinglar. Shunda g'alabangiz ham ayon bo'ladi. Daryoning u tarafiga o'tishdan saqlaninglar". Hazrati Umar roziyallohu anhu o'z maktubini hamd-u sano bilan boshlab, o'z lashkarboshiga daryoning narigi tomoniga o'tmaslikka chaqirmoqda. Maktubdagi arab tidigi "dun" (oldi) va an-Nahr (daryo) so'zlari daryoning oldi tarafi mazmunini anglatar edi. Bu esa o'sha vaqtda "Movarounnahr", ya'ni "daryoning orqa tarafi" atamasi mavjud bo'lganiga dalalolat qiladi.
Mashhur tarixchi Yoqut Hamaviy: “Movarounnahr Hurosondagi Jayhun daryosining narigi tomonidir” degan fikrni ilgari suradi. Muarrix Jayhun daryosining sharqiy tomonini "Haytallar yurti" deb ataydi. Islom kirib kelganidan so'ng "Movarounnahr" deb yuritila boshlaganini zikr etadi. Daryoning g'arbiy tomonini esa, Huroson va Horazm viloyatiga tegishli deydi. Shu o'rinda yana Horazmning Huroson hududiga kirmasligini ta'kidlab, uning alohida boshqa yurt bo'lganini uqtirib o'tadi.
Tarixda Arablar kirib kelgandan keyingina mazkur erlar "Movarounnahr" deb yuritila boshlangan. Arablar Movarounnahr deganda O'rta Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo oralig'idagi hududlarni nazarda tutganlar. Alloh taolo birinchi hijriy asrda Movarounnahr diyorini O'zining oxirgi va mukammal dini Islom nuri bilan munavvar qildi. Bu diyor ahlining ko'pchiligi Islomni ochiq qalb bilan qabul qildi. Ularning Islomi go'zal bo'ldi. Zotan Alloh taoloning O'zi bu diyor odamlarini ularga bergan ajoyib tabiat va qobiliyatlarga mos va ularning rivojiga omil bo'luvchi qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini Islomga hidoyat qilgan edi. Movarounnahr aholisining Islom diniga kirishi ularning ko'plab qobiliyatlarining ochilishiga, hayotning ko'plab jabhalarida o'zlarining peshqadamliklarini isbot qilishga olib keldi. Tez orada Islomning turli soha va ilmlari bo'yicha Movarounnahrlik namoyandalar etishib chiqa boshladilar. Bu harakat tezlik bilan rivoj topdi va turli ilmlarda umumdunyo miqyosidagi buyuk allomalar etishib chiqa boshladi. Shu tariqa Movarounnahrda Islom dini va islomiy ilmlar rivoji boshlandi. Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlarning nomi islomiy shaharlar sifatida butun dunyoga tanildi.
Madina Jo'rayeva,
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati