Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: "Bas, namoz tugagandan so'ng er yuzi bo'ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko'p eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz" (Juma surasi, 10-oyat).
1. Kahf surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim juma kuni Kahf surasini o'qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi", dedilar (Abu Bakr ibn Marduyah rivoyat qilgan).
2. Duxon surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim juma kechasi "Ha mim" (Duxon surasi)ni qiroat qilsa, mag'firat qilinadi", dedilar.
Nabiy alayhissalom: "Kim juma kechasi "Ha mim"ni o'qisa, etmish ming farishta tonggacha uning haqqiga istig'for aytib chiqadi", deganlar.
3. Yosin surasi.
4. Hud surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Hud surasini juma kuni o'qinglar", deganlar.
5. Oli Imron surasi.
Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu aytadilar: "Kimki kechasi "Oli Imron" surasini o'qisa, unga kechani bedor o'tkazganlik savobi yoziladi".
Bir asarda: "Kim juma kuni Oli Imron surasini o'qisa, 70 ming farishta kechgacha istig'for aytadi".
6. Ixlos, falaq va naas surasi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma namozidan keyin "Qul huvallohu ahad", "Qul a'uzu birobbil falaq" va "Qul a'uzu birobbin naas" suralarini etti marta o'qisa, Alloh taolo uni keyingi jumagacha yomonlikdan saqlaydi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati