Alloh taolo o'zining komil hikmati bilan inson zotini juft qilib yaratdi. Ularning o'rtasiga ulfatchilik va muhabbat solib, oila bo'lib yashashga rag'bat paydo qiladi. Insoniyat yaratilgandan beri Alloh taolo ularni halol yo'l bilan nasl qoldirish, erda hayotni davom ettirishga targ'ib qiladi.Oila tinch ko'ngillar xotirjam bo'ladi.Tinch oilada tarbiyalangan bolalar ham yaxshi insolar bo'lib etishadi
Taassuflar bo'lsinki, keyingi vaqtlarda oilalarning ajralish holatlari ko'plab kuzatilmoqda. Bu ham o'z navbatida jamiyatda noxush holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo'ladi. Ajrimlar tufayli qudachilik rishtalari uziladi, yaqinlar o'zaro adovatli kishilarga aylanadilar. O'rtadagi farzandlar arosatda qolib, aksariyat hollarda moddiy, ma'naviy va ruhiy jihatdan to'la-to'kis tarbiya topish imkoniyatini yo'qotadilar. Va hokazo, ajrimlarning salbiy oqibatlari hozirgi kunda barchaga kunday ravshan bo'lib qoldi.
Dinimizda kishi o'ziga ham, o'zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Hususan, jufti haloli, umr yo'ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo'qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o'z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog'ini berib ajrashadi. Bu bilan er Alloh taolo bergan oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi bir qancha katta ne'matlarga noshukrlik qilgan bo'ladi.
Ko'pincha yangi turmush qurayotgan kelin-kuyovlarni ko'rgan yoshi ulug'lar beixtiyor: “Iloho, yangi turmush qurayotgan kelin-kuyov baxtli bo'lishsin, oilasida totuvlik, ahillik oshyon qursin”, deb duoga qo'l ochishadi. Afsus, kelin-kuyovlarning hammasi ham umrlari davomida oila nomli oshyonlarini avaylab asray olishmaydi. Bo'lar-bo'lmas gap-so'zlar, arzimas bahonalar bilan shirin turmushlarini og'uga aylantirishadi. Bir-birlarini tushunmaslikdan, murosa ilmini bilmaslikdan bir oilada yashayotgan ikki kishi dushman-g'animga aylanadi. Qancha oilalar buzilib, kishilar aziyat chekadi, bolalar etim bo'ladi, asablar qaqshaydi. Ajrashishmagan taqdirda ham, butun umrlari g'urbat, g'am va iztirobda o'tadi.
Oilaning totuvligi bir kishiga yoki bir sababga bog'liq emas. Buning uchun hamma – kelin-kuyov ham, ota-onalar ham, oila tashqarisidagilar ham, keng jamoatchilik ham baravar jon koyitmasa, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Yangi oila qurgan kuyovning ota-onalari birinchi kunlardanoq ko'ngilchanlik qilib kelinni taltaytirib yubormay, turmush sinoatlariga tayyorlab borsa, hayot faqat o'yin-kulgi va ko'ngilxushliklardan iborat emasligini unga tushuntira olsa, xotinning eng asosiy burchi erga itoat ekanini etkaza olsa, orada urush-janjallar kelib chiqmaydi, ikki yoshning baxti zavol topmaydi.
Kelin odobli bo'lib, erining yaqinlarini hurmat qilsa, ular bilan murosa qilish yo'llarini axtarsa, yoshi ulug' qaynonasini e'zozlab, xizmatini ayamasa, oila inqirozga uchramaydi, o'rtada bolalar tirik etim bo'lmaydi.
Insonning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kechira olish xislatidir. Kechirish dinimizda maqtalgan sifatlardan hisoblanadi. Bir qarashda oniy yutqazishday ko'ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, kelgusidagi g'alabani ta'minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro'molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan narsa. Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo'lini tanlab, ziddiyatni daf qilish chorasini ko'rishi kerak. Shunday holatlarda bir tomonning andishaga rioya qilishi, aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo'ynini sindirib, jinday murosaga yurishi katta mojarolarning oldini olibgina qolmay, oilada chinakam saodat gulshanini barq urdirib, yashnatib yuboradi.
Hulosa o'rnida shuni aytish lozimki, jamiyatimizning kelajagi oilalarning mustahkamligiga bog'liqdir. Bu borada har birimiz bir yoqadan bosh chiqarib, oilalarning mustahkamligi, jamiyatimizning sog'lomligi hamda farzandlarimizning porloq kelajagi yo'lida o'stirayotgan o'g'il-qizlarimizga to'g'ri tarbiya berib bormog'imiz lozim.
Qobilxon Turg'unov,
Namangan shahar "Yusufxon o'g'li Qosimxon" jome
masjidi imom noibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati