Alloh taolo muqaddas kalomi bo'lmish Qur'oni karimda hamda payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida mo'min musulmonlarni g'iybatdan va bir-birlari haqida yomon gumon qilishdan qaytarganlar.
Bu haqda Alloh taolo Hujurot surasining 12-oyatida xabar berib aytadiki: “Ey iymon keltirganlar! Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar chunki ba'zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o'zining o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'radimi? Ha,yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albata, Alloh tavbani ko'p qabul qiluvchi va rahimlidir”.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: “Zinhor va zinhor badgumon bo'lmanglar, chunki badgumonlik so'zning eng yolg'onidir”.
Boshqa bir hadisda aytilishicha: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kishilar so'radilar. Yo Allohning Rasuli g'iybat nima? Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringni o'ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. Shunda: Birodarimda men aytgan narsa bo'lsachi? deb so'radi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar aytganing unda bo'lsa,g'iybat qilgan bo'lasan ammo bo'lmasa bo'hton qilgan bo'lasan”, dedilar.
Ulug' sahobalardan Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Agar yaxshilikka burishning birorta yo'li bo'lsa ham, mo'min birodaringdan chiqqan so'z haqida faqat yaxshi gumon qil”, deganlar.
Ulamolardan Fuzayl ibn Iyoz rohimahulloh: “Kim g'iybatdanomonda bo'lishni istasa, gumon eshiklarini mahkam berkitsin. Kim gumondan uzoqda bo'lsa, do'sti aybini axtarishdan omonda bo'ladi. Kim birovning xatosini topishdan xoli bo'lsa, u g'iybatdan chetda bo'ladi”, deganlar.
Sufyoni Savriy rahimahulloh esa: “Birodaring haqida yomon gumonda bo'lishing uni zaharlab o'ldirishing bilan teng” deganlar.
Yuqorida keltirilgan oyati kalimalar, payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflari, sahobai kiromlar va allomai zamonlarimizning purma'no so'zlari biz mo'min-musulmonlarni boshqa mo'min musulmonlar haqlarida yomon gumon qilishlik va g'iybatlardan saqlanishga undaydi, inshaAlloh. Alloh taolo barchamizni yomon gumon qilishdan va g'iybatdan O'zi asrasin.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida «1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va «Vaqf» fondi filiali rahbari Rajabali domla Norqo‘chqorov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan mudarrislar hamda faxriy ustozlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, ularning yosh avlodga sof islomiy ilmlar, odob-axloq va ezgu qadriyatlarni yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarini alohida e’tirof etdilar.
Tadbir doirasida ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida bayram sovg‘alari hamda moddiy rag‘batlantirish mablag‘lari topshirildi.
Ma’rifat ulashuvchi, millat kelajagini tarbiyalovchi ustozlarni e’zozlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat va minnatdorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati