Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Qalbda taqvo bo'lsa...

05.06.2024   3312   7 min.
Qalbda taqvo bo'lsa...

Dunyoning har kuni, har soati, har daqiqasi sinov. Talabaning ilmiy saviyasi imtihon qilinganidek, Rabbimiz ham bizlarni sinaydi. Bandalik imtihoni ham, ta'limi ham so'nggi nafasgacha davom etadi. Mo'min kishi har nafasini yaxshi ishlar bilan bezashi kerak.

Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi: “...(Shuningdek) Sizga aniq narsa (o'lim) kelguniga qadar Rabbingizga ibodat qilavering!” (Hijr surasi, 99-oyat).

Diplomni olsak, bu hujjat umrimiz so'n­gigacha foyda beradi. Bandalik esa bunday emas! Hech kimga “Oqibat albatta xayrli bo'­ladi” degan vasiqa berilmagan.

Alloh azza va jalla marhamat qiladi: “U kunda na mol va na farzandlar foyda bermas, faqat Alloh huzuriga sog'lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur) (Shuaro surasi, 88–89-oyatlar).

Alloh huzuriga sog'lom qalb bilan bora olish uchun esa barcha jihatlarga e'tiborli bo'lish lozim. Jaloliddin Rumiy toza qalbni go'zal ta'riflaydi: “Ey yo'lchi! Tanang bir maktub kabidir. Unga diqqat bilan boq. U Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini bajaryaptimi, ya'ni yaratilish maqsadlariga muvofiqmi?

Bir burchakka o'tirib olib tafakkurga sho'n­g'i, maktubni, ya'ni o'zingni o'qi!

Agar maktubdagi yozuv – fe'l-atvoring va amallaring, ibodatlaring, xayru hasanot­laringga munosib bo'lmasa, uni yirtib tashla va qayta yozishga jasorat qidir! (Ya'ni tavba va istig'for qil, hayotingni taqvo asosida yangidan bunyod et!)”

Hech kim hurmat qilgan, e'zozlagan aziz insoniga yomonlikni ravo ko'rmaydi. Amal­larimizni Alloh taologa yorug' yuz bilan taqdim eta olishimiz uchun ularni taqvo bilan himoya qilishimiz lozim. Zero, “...(Qurbonlikni) Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur” (Moida surasi, 27-oyat)“...Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toho surasi, 132-oyat). Yana Haq taolo marhamat qiladi: “...Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir” (Baqara surasi, 194-oyat).

Mo'min kishi taqvoni qanday kasb qiladi?

Albatta, Payg'ambarimiz sollallohu alay­hi va sallamga ergashish orqali. Janobi Haq bizlarga namozning har rakatida Fotiha surasini o'qishimizni buyuradi. Har rakatda: Bizni shunday to'g'ri yo'lga yo'llagin... (Fotiha surasi, 6-oyat) deya Rabbimizga iltijo qilamiz.

Rabbimiz Payg'ambarimiz alayhissalomga xitoban: (Siz) to'g'ri yo'ldadirsiz (Yosin surasi, 4-oyat) deya amr etdi. Bundan anglashiladiki, eng to'g'ri yo'l Payg'ambarimiz alayhissalomning yo'llaridir. Shu sababli inson o'z hayotini Payg'ambar alayhissalomning hayotlari bilan taqqoslasa, qay darajada to'g'ri yo'lda ekanini anglab etadi.

Alhamdulillah, musulmonmiz. Alloh taolo bizlarga so'nggi nafasda iymon kalimasini aytishni buyuradi. Afsuski, oxirgi nafasimizni qanday berishimiz yolg'iz Allohga ayon... Shuning uchun ilohiy amrlarni qalbdan chuqur his etib, yuksak axloq bilan yashash lozim. Chunki so'nggi nafasda to'g'ri yo'ldan “toyib ketmaslik” shunga bog'liq. Zero, qalbda taqvo bo'lsa, namoz Rabbimiz xohlaganidek xushu bilan o'qiladi, sadaqa kibr qilmay beriladi, xizmat chin qalbdan ado etiladi.

Hushusiz o'qilgan namoz, oluvchiga minnat qilib berilgan sadaqa, qo'l uchida qilingan xizmat amal daftarimizga qora dog'dan boshqa iz qoldirishi mumkinmi?!

Shunday ekan, umrimizning har onini taqvo qilgan holda yashaylik. Toki, imtihon “baho”si a'lo bo'lsin! 

Nigora MIRZAYeVA

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

17.09.2026   3748   4 min.
Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.

Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.

Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.

Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.

Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.

Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.

Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.

Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.

“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.

Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.

Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari