Dunyoning har kuni, har soati, har daqiqasi sinov. Talabaning ilmiy saviyasi imtihon qilinganidek, Rabbimiz ham bizlarni sinaydi. Bandalik imtihoni ham, ta'limi ham so'nggi nafasgacha davom etadi. Mo'min kishi har nafasini yaxshi ishlar bilan bezashi kerak.
Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi: “...(Shuningdek) Sizga aniq narsa (o'lim) kelguniga qadar Rabbingizga ibodat qilavering!” (Hijr surasi, 99-oyat).
Diplomni olsak, bu hujjat umrimiz so'ngigacha foyda beradi. Bandalik esa bunday emas! Hech kimga “Oqibat albatta xayrli bo'ladi” degan vasiqa berilmagan.
Alloh azza va jalla marhamat qiladi: “U kunda na mol va na farzandlar foyda bermas, faqat Alloh huzuriga sog'lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi, 88–89-oyatlar).
Alloh huzuriga sog'lom qalb bilan bora olish uchun esa barcha jihatlarga e'tiborli bo'lish lozim. Jaloliddin Rumiy toza qalbni go'zal ta'riflaydi: “Ey yo'lchi! Tanang bir maktub kabidir. Unga diqqat bilan boq. U Alloh taoloning buyruq va qaytariqlarini bajaryaptimi, ya'ni yaratilish maqsadlariga muvofiqmi?
Bir burchakka o'tirib olib tafakkurga sho'ng'i, maktubni, ya'ni o'zingni o'qi!
Agar maktubdagi yozuv – fe'l-atvoring va amallaring, ibodatlaring, xayru hasanotlaringga munosib bo'lmasa, uni yirtib tashla va qayta yozishga jasorat qidir! (Ya'ni tavba va istig'for qil, hayotingni taqvo asosida yangidan bunyod et!)”
Hech kim hurmat qilgan, e'zozlagan aziz insoniga yomonlikni ravo ko'rmaydi. Amallarimizni Alloh taologa yorug' yuz bilan taqdim eta olishimiz uchun ularni taqvo bilan himoya qilishimiz lozim. Zero, “...(Qurbonlikni) Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur” (Moida surasi, 27-oyat), “...Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toho surasi, 132-oyat). Yana Haq taolo marhamat qiladi: “...Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir” (Baqara surasi, 194-oyat).
Mo'min kishi taqvoni qanday kasb qiladi?
Albatta, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ergashish orqali. Janobi Haq bizlarga namozning har rakatida Fotiha surasini o'qishimizni buyuradi. Har rakatda: “Bizni shunday to'g'ri yo'lga yo'llagin...” (Fotiha surasi, 6-oyat) deya Rabbimizga iltijo qilamiz.
Rabbimiz Payg'ambarimiz alayhissalomga xitoban: “(Siz) to'g'ri yo'ldadirsiz” (Yosin surasi, 4-oyat) deya amr etdi. Bundan anglashiladiki, eng to'g'ri yo'l Payg'ambarimiz alayhissalomning yo'llaridir. Shu sababli inson o'z hayotini Payg'ambar alayhissalomning hayotlari bilan taqqoslasa, qay darajada to'g'ri yo'lda ekanini anglab etadi.
Alhamdulillah, musulmonmiz. Alloh taolo bizlarga so'nggi nafasda iymon kalimasini aytishni buyuradi. Afsuski, oxirgi nafasimizni qanday berishimiz yolg'iz Allohga ayon... Shuning uchun ilohiy amrlarni qalbdan chuqur his etib, yuksak axloq bilan yashash lozim. Chunki so'nggi nafasda to'g'ri yo'ldan “toyib ketmaslik” shunga bog'liq. Zero, qalbda taqvo bo'lsa, namoz Rabbimiz xohlaganidek xushu bilan o'qiladi, sadaqa kibr qilmay beriladi, xizmat chin qalbdan ado etiladi.
Hushusiz o'qilgan namoz, oluvchiga minnat qilib berilgan sadaqa, qo'l uchida qilingan xizmat amal daftarimizga qora dog'dan boshqa iz qoldirishi mumkinmi?!
Shunday ekan, umrimizning har onini taqvo qilgan holda yashaylik. Toki, imtihon “baho”si a'lo bo'lsin!
Nigora MIRZAYeVA
tayyorladi.
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA