Cavol: Masjidi Nabaviyda bomdod namozida imom zam suraga sajda oyati bor surani o'qidi. Sajda oyatini o'qib, tilovat sajdasini qilish uchun takbir aytib sajdaga ketdi. Biz ruku qilyapti deb rukuga ketdik. Imom yana takbir aytib sajdadan qaytdi. Surani tugatib, ruku qildi. Biz ham qo'shilib ruku qildik va shu tarzda imom bilan birga namozni o'qib tugatdik. Imom bilan tilovat sajdasini qilmaganimiz, ortiqcha ruku qilganimiz sababli namoz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ikki harami sharifda ko'p hollarda imomlar juma kuni bomdod namozida “Sajda” surasini zam sura qiladi. Bu surada sajda oyati bor. Savolda aytilgandek imomlar sajda oyati kelganda takbir aytib sajdaga borib, sajda qilib, yana tik turadi. Haj yoki umraga borayotgan ziyoratchilar shuni bilib olmog'i lozim.
Savolda so'ralgan holatga kelsak, bu holatda namoz buzilmaydi. Bilmasdan tilovat sajdasi qilinmagani uchun gunoh ham bo'lmaydi. Ataylab sajda qilinmasa, bunda gunoh bo'ladi. Ulamolar farz amallarda imomga ergashmaslik namozni buzadi deyishgan. Lekin sizning holatingizda barcha farz amallar imom bilan birga bajarilgan. Faqat ortiqcha ruku qilingan. Bu namozni buzmaydi. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda bunday deyilgan:
“Namoz farz amallarda imomga xilof qilish bilan buziladi. Hilof qilish degan gapdan murod imomga butunlay ergashmaslikdir. Namoz imomga ergashmaslik tufayli emas, balki farz amalni tark qilish sababli buziladi. Namozning buzilishi farz amalga xosdir. Chunki vojib yoki sunnatda imomga iqtido qilmaslik bilan namoz buzilmaydi”(“Raddul muhtor” kitobi).
Sajdai tilovat qilish vojib amal bo'lib, vojib amalni bajarmagani sababli namoz buzilmaydi.
Kitobdagi iboradan imomga iqtido qilganda vojib yoki sunnat amalni bajarmasa bo'lar ekan, degan xayolga bormaslik kerak. Chunki qasdan vojib yoki sunnatni tark qilish namozni buzmasa-da, gunohkorlikka olib boradi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2026-2027 o‘quv yilining 1-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov boshqardi.
Majlisda muassasaning yangi o‘quv yilidagi faoliyatiga oid quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi:
Institut Kengashi, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarning 2026-2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan yillik rejalari hamda o‘tgan o‘quv yilidagi buyruqlar va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
Bitiruv malakaviy ishlari mavzulari tasdiqlanib, ilmiy rahbarlar biriktirildi; fan oyliklari, to‘garaklar tashkil etish hamda yangi o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tavsiya etish masalalari hal etildi.
Talabalar turar joyi to‘lovlari, ichki tartib-qoidalar va professor-o‘qituvchilar navbatchiligi tasdiqlandi.
Ta’lim tizimida ilk bor “Faxriy doktor”, “Faxriy professor”, “Faxriy dots.nt”, “Faxriy ustoz” va “Faxriy talaba” maqomlarini ta’sis etish, tegishli nizom hamda ko‘krak nishonlari eskizlari ma’qullandi.
Institutning 55 yillik yubileyini keng nishonlash rejasi, muassasani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tayyorgarligi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati