Odamlarning ustidan kulmang, ularning guldek orzularini mazaxlamang, ayniqsa sodda, samimiy insonlarning. Ehtimol xodimingizning darajasi Allohning nazdida siznikidan, uncha-muncha obro'li kishilarnikidan baland bo'lishi mumkin. Hech kimning orzu-maqsadlariga bepisandlik qilmang, zero, dunyo orzu-maqsadlarsiz quppa-quruq bo'lib qoladi.
Ko'p tafakkur qilib, kam gapiring. Eshitganlaringizga beparvo munosabatda bo'lmang, kelajakda unga ehtiyojingiz tushib qolishi mumkin!
Kimdirga nisbatan xato muomala qilganingizni bilganingiz zahoti undan uzr so'rang. Uzr so'rayotganingizda samimiyat bilan, uning ko'zlariga qaragan holda uzr so'rang. Shunda u sizni eshitishdan oldin ko'zlaringizdan afsusdaligingizni uqib oladi.
Hayotda biror ishda qoqilsangiz, nimanidir qo'ldan boy bersangiz, engilmang, taslim bo'lmang. Darhol turib g'alaba tomon intiling.
Ana endi hozir zamonamizda keng tarqalgan muammolardan biri – birovning telefoniga, umuman shaxsiy mulki yoxud hovlisiga beruxsat qarash xususida to'xtalib o'tsak. Bu mavzu kunimizning dolzarb mavzularidan bo'lgani uchun unga to'xtalib o'tib, bir maqolani e'tiboringizga havola etishni zarur deb topdik.
Zamonaviy olamimizda zamonaviy buyumlar bizning doimiy hamrohimizga aylandi. Masalan, mobil telefonlari. Ularning turi takomillashgani sari, bu texnologiya vositalariga bog'lanishimiz yanada ziyoda bo'ldi. Tabiiyki, qo'l telefonida har bir kishining shaxsiy yozishmalari, surat va videolari va boshqa o'zigagina taalluqli narsalar bo'ladi. Kimdir bu jihatlarga e'tibor qaratib, birovning telefoniga qo'l tekkizmaydi, boshqa birov esa buni jiddiy qabul qilmay, birovning telefonini “titkilash” bilan ovora bo'ladi. Ho'sh, Islom shariati bu jihatlarga qanday qaraydi? Bu borada qanday odob beradi?
Islom shariatida o'zgalar uyiga kirishdan oldin ruxsat so'rash shartligi ta'kidlangan. Bu borada oyatlar nozil qilingan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan tegishli ko'rsatmalar berilgan. Misol uchun, mana bu rivoyatni keltirish mumkin.
Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam hujralaridagi teshikdan mo'raladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo'llarida taroq bor edi, u bilan sochlarini tarardilar. Shunda u zot: “Agar qarab turganingni bilganimda, mana shuni ko'zingga tiqib olardim! Albatta ruxsat so'rash nazar (tushishi ehtimoli bo'lgani) uchun (joriy) qilindi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Ahmad rivoyati).
Shariatda biron joyga kirishdan oldin izn so'rash nazar sababidan joriy qilingan. Sababi, beruxsat kirish bilan uy egasi rozi bo'lmagan narsalarga begona odamning ko'zi tushishi mumkin. Shuning uchun birovning uyiga kirmoqchi bo'lgan odam, avval uy egasini chaqirib, undan izn so'raydi. Agar izn berilsa, kiradi. Bo'lmasa, ortiga qaytib ketadi. Uy egasi chaqirmasidan oldin to'ppa-to'g'ri ichkariga bostirib kirish mo'min kishiga umuman to'g'ri kelmaydi. Qolaversa, iznsiz birovning uyiga mo'ralash, eshik tirqishidan ichkariga nazar solish ham joizmas.
Shundan kelib chiqib aytamiz, birovning telefoniga ruxsatsiz tegish to'g'ri emas. Mana shunday narsalar shariat hukmlariga bepisand qarashdan kelib chiqmoqda. Banda shariatga amal qilmaganidan keyin boshiga turfa balolar yog'ilaveradi. O'zingiz aytganingizdek, hozir birovning telefoniga ruxsatsiz qo'l tekkizadiganlar ko'payib ketgan. Aslida, shariat talabiga ko'ra, birovning telefonini ruxsat so'rab ko'rish lozim. So'ramasdan birovning narsasiga tegish joizmas!
Yuqorida, hujrai saodat tirqishidan mo'ralagan kimsaga qanday ohangda murojaat qilinganini o'qidik. Endi o'zimizga bir savol beraylik: "Agar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam birovning telefonini ruxsatsiz titkilayotganlarni ko'rganlarida, ularga nima degan bo'lardilar?!”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida «1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va «Vaqf» fondi filiali rahbari Rajabali domla Norqo‘chqorov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan mudarrislar hamda faxriy ustozlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, ularning yosh avlodga sof islomiy ilmlar, odob-axloq va ezgu qadriyatlarni yetkazish yo‘lidagi fidokorona mehnatlarini alohida e’tirof etdilar.
Tadbir doirasida ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida bayram sovg‘alari hamda moddiy rag‘batlantirish mablag‘lari topshirildi.
Ma’rifat ulashuvchi, millat kelajagini tarbiyalovchi ustozlarni e’zozlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat va minnatdorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati