Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Yuksak va samimiy ehtirom

06.06.2024   1751   7 min.
Yuksak va samimiy ehtirom

Kuni kecha davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoev Makka shahrida bo'lib turgan O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat Rahbarining o'zbekistonlik hojilar holidan xabar olish maqsadida alohida e'tibor bilan qo'ng'iroq qilishi ilgari hech kuzatilmagan edi.

Yurtboshimiz Muftiy hazratlaridan Makka va Madina shaharlarida bo'lib turgan ziyoratchilarimizning haj ibodatiga tayyorgarlik jarayonlari, ular uchun yaratilgan sharoitlar, sihat-salomatligi va kayfiyati haqida so'radi.

    Muloqotda Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Prezident hojilarning holidan xabar olishidan ziyoratchilar xursand bo'layotganini hamda u kishining salom va tilaklarini barcha haj ibodati niyatida turgan yurtdoshlarimizga etkazishini ma'lum qildi. Shuningdek, davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan inson qadrini ulug'lash haqidagi odilona siyosat muborak diyorda ham amalda bo'layotgani, yurtdoshlarimiz e'zozu hurmatda bo'lib, ular uchun barcha sharoitlar hozirlangani, bu qulayliklarni nafaqat o'zimizning ziyoratchilar, balki Saudiya Arabistoni hukumatining haj ishlari mas'ullari va o'zga yurt hojilari e'tirof etayotganini aytib o'tdi.

Darhaqiqat, ayniqsa, bu yilgi haj mavsumiga o'zgacha tayyorgarlik ko'rildi. Ayni paytda qariyb 12 ming nafar o'zbekistonlik Saudiya Arabistonida bo'lib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro haj ibodatiga borishi belgilangan. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa ko'makchilar hamrohlik qiladi.

2024 yildan boshlab yana bir yangilik Saudiya Arabistonida bo'lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur'oni karimni xatm qilish yo'lga qo'yildi. Shu kungacha 1 515 ta xatm o'qilib, yurtga tinchlik, xalqqa farovonlik tilab duolar qilingan.

Habarlarda: “Bu kabi e'tibor va sharoitlarni arabistonlik mutasaddilar ham yuqori baholab, O'zbekiston Prezidentiga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar”, deyilmoqda.

            Ushbu e'tiroflardan mamnun bo'lgan Prezident ham:

            – Har kuni borganlarning muloqoti va takliflarini ko'rib, juda xursand bo'lyapman. Agar biz tahlil qilsak, mustaqillikning birinchi yilida 12 nafar edi, hozir 15 mingga yaqin fuqarolarimiz hajni ado etib, 30 ming qo'l duo qiladi, — dedi.

Suhbat chog'ida Yurtboshimiz: “…Eng katta maqsadim, hozirgi tahlikali zamonda ma'naviyatimiz, ma'rifatimiz, o'zligimiz, tinchligimiz, yurtimizdagi shukronalikni har bir ziyoratchi kelganidan keyin o'zining ko'chasida, mahallasida yangi O'zbekistonning fidoyisi bo'lib, targ'ibotchi degan, bir ibora bilan, o'zingiz bosh bo'lib, yoshlarimizga tarbiya nuqtai nazaridan yangicha tashabbus bilan kelsanglar va tashabbuslaringizni butun xalqimiz qabul qilsa”, deb maqsadlarini bildirdi.

  O'z navbatida Muftiy hazratlari ham hojilarimiz uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar o'ta yuqori darajada ekanini ta'kidlab, mana shuncha imkoniyatlarning javobi – vatanga muhabbat bilan unga xizmat qilish orqali qaytarilishini hojilar bilan kelishib olingani, bu yilgi hojilarimiz vatanga sadoqatli targ'ibotchi, uni sevishga chaqiruvchi, yoshlarni tarbiyachisi bo'lib yurtga qaytishini aytib o'tdi. Shuningdek, har kuni hojilar bilan yurtga qaytgandan so'ng mahallalarda yoshlarga vatan tuyg'usini, yurt farovonligini singdirib borishga, ularni ilmu ma'rifatga targ'ib qilishga, O'zbekiston degan yurtni butun dunyoga tanilishiga sabab bo'lgan ajodlarimiz va siz kabi vatani, xalqi va yoshlarini sevuvchi yurt rahbarini bergan Alloh taologa shukronalar aytib, yoshlarni mana shunday kayfiyatda tarbiya qilishga kelishib olinganini ta'kidladi.

         Allohga hamdlar bo'lsinki, hech mubolag'asiz haj ibodati uchun hojilarimizga ko'plab qulayliklar muhayyo qilingan. Bu sharoitlarni borib, o'z ko'zlari bilan ko'rgan ziyoratchilar e'tirof etishmoqda. Mablag'i bo'laturib, umrida bir marta Islom farzlaridan biri bo'lgan haj ibodatini amalga oshira olmay, armon bilan bu dunyodan o'tib ketgan qanchadan-qancha ajdodlarimiz bo'lgan. Bugungi kunga kelib, hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar mukammal tarzda yaratib berilmoqda. Mana shuncha fazilatli ishlarga shaxsan Yurtboshining o'zi telefon orqali hojilar holidan xabar olishi yana bir xursandchilik bo'ldi. Bu e'tibordan hojilarimiz va butun mamlakitimiz ahli ham mamnunlik tuydi.

            Alloh taolo bizni bergan ne'matlariga shukr aytishga buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne'matlarini yanada ziyoda qilishni va'da qildi:

«Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”» (Ibrohim surasi, 7-oyat)..

Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan ne'matlariga shukr aytsak, qadriga etsak – Alloh bizdan rozi bo'ladi va yanada ziyoda qilar ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdaRasululloh sollallohu alayhi va sallam: Odamlarga tashakkur qilmagan (inson) Allohga ham shukr qilmaydi,deganlarini imomTermiziy rivoyat qilgan.

Buyuk bobokalonimiz Qaffol Shoshiyning mashhur “Javomi ul-karim” kitobida keltirishicha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ne'matlar haqida gapirishlik shukr qilishlikdir” deganlar.

Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha mo'min-musulmonlar dinimiz uchun yaratilgan imkoniyatlardan mamnun bo'lib hayot kechirmoqdalar. Bunday ne'matning shukronasi – har bir inson to'g'ri va halol bo'lib, ibodat va savobli amallarini xolis Alloh taolo uchun ado etib, o'zgalarni ham yaxshilikka va ma'rifatga chaqirgan, yoshlarni odob va ilm sohiblari, vataniga sadoqatli qilib tarbiyalashda jonbozlik ko'rsatgan holda hayot kechirishlari bo'ladi, inshoalloh.

Zayniddin domla Eshonqulov,

 O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o'rinbosari

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

18.09.2026   15716   2 min.
Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.

Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari