Zulhijja so'zi qanday ma'noni anglatadi?
“Haj egasi” degan ma'noni bildiradi.
Zulhijja oyi qanday oy?
Bu oy Alloh taolo urush, qon to'kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa'da, Muharram, Rajab) to'rt oyning biri, hijriy-qamariy taqvimning oxirgi oyidir.
Zulhijja oyi qanday fazilatlarga ega?
Haj ibodati ado etiladigan, qurbonlik qilinadigan, Arafa va Qurbon hayiti nishonlanadigan oy. Bu oyda, ayniqsa uning dastlabki o'n kunida qilingan ibodatlar Alloh taolo uchun eng sevimli amallardan sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulhijja oyining o'n kunidagi amaldan ko'ra afzalroq amal yo'qdir”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Bu oyda tutilgan ro'za ikki yillik gunohlarga kafforot bo'ladi
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Zulhijja oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o'tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zulhijja oyining dastlabki to'qqiz kunida, Ashuro kunida va har oydan uch kunda – oyning avvalgi dushanbasi bilan ikki payshanbasida – ro'za tutardilar (Imom Ahmad rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yanada ko'proq zikr qilardilar va: “...Bu kunlarda tahlil (Laa ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh), takbir (Allohu akbar) va tahmid (Alhamdulillah) aytishni ko'paytiringlar!” derdilar (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni ko'p aytardilar: “Laa ilaha illallohu vahdaxu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva 'ala kulli shay'in qodiyr”(Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati