Bandaning rizqini Alloh subhonahu va taolo tomonidan o'lchab qo'yilgan. Shu rizq bandaga etib kelgay. Holbuki son-sanoqsiz jonivorlarning rizqini etkazgan Alloh ta'olo insonning rizqini ham bergay. “O'z rizqini ko'tara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Ularga ham, sizlarga ham Alloh rizq beradir. Va U o'ta eshitguvchi va o'ta bilguvchi zotdir”(Ankabut, 60).
Rivoyat qilibdilarki, basralik bir savdogar Chin mamlakatiga tijorat uchun yo'lga chiqdi. Yo'lga tushib, endi kemaga chiqayotganida bir keksa oqosqol qo'lida bir qop yuk bilan kelib savdogarga iltimos qildi:
“Men shu qopdagi qalaylarni dengizga tashlayman deb nazr qilgan edim. Agar malol kelmasa shuni olib ketsang, dengizning o'rtasiga kelganda suvga tashlab yuborarsan.
Savdogar qopdagi qalaylarni olib qoldi va ehtiyot sharti ila cholning kimligi va turar joy manzilini surishtirib oldi. Yo'lga tushib dengizning o'rtasiga yaqinlashganida birdan qattiq shamol bo'lib to'fon ko'tarilib, qopni suvga tashlash yodidan ko'tarilib qoldi. Manzilga etib borib savdo-sotig'ini boshlagan edi, bir yigit kelib uning qayerdan kelganini so'rab bilganidan keyin:
Basraning qalaylari sifatli bo'ladi, mabodo olib kelmadingizmi? deb so'rab qoldi. Shunda savdogar mo'ysafidning iltimosini unutganini bildi. O'zicha mulohaza qilib, qalayni sotib, pulini egasiga topshirishni ma'qul ko'rdi.
Basraga qaytgach, mo'ysafid yashagan mahallaga borib, uni surishtirsa, vafot etgan ekan. Merosxo'rlariga beray, desa o'zi yolg'iz yashagan ekan. Aytishlariga qaraganda bir kambag'alroq jiyani bor ekan, lekin u bilan ham: “Sen meros olish uchun mening o'limimni kutib yuribsan”, deb ranjitaverganidan yigit shahardan bosh olib ketib qolgan ekan.
Savdogar yana boshqa merosxo'r chiqib qolar, degan niyatda pulini asrab qo'ydi. Oradan ko'p o'tmay Chin mamlakatida undan qalayni sotib olgan yigit kelib qoldi.
Men qalayini uyga olib borib sindirib ko'rsam, orasidan oltin chiqdi. Men sizdan oltin emas, qalay sotib olgan edim, bu oltinlar men uchun haromdir, deb ortingizdan surishtirib yurib topib keldim”, deb kelganining sababini tushuntirdi yigit.
Savdogar ham unga qalayni qanday qilib olib, unga nima uchun sotganini, cholning merosxo'ri ketib qolgani haqida batafsil gapirib berdi. Bu so'zlarni eshitgan yigit kulib yubordi.
“U mo'ysafid mening amakim bo'ladi. Men o'sha yolg'iz merosxo'rman. Amakim boyligini suvga tashlashidan maqsad meni merosdan mahrum qilish edi. Lekin Alloh taolo uni menga nasib qilgan ekan, o'zim ham bilmagan holda menga etkazdi”, dedi.
Yigitning chindan ham mo'ysafidga jiyan ekani tasdiqlangach, savdogar unga omonatni topshirdi.
Ha bandaning taqdirda yozilgan rizqi qanday bo'lmasin keladi. Faqat kimlardir shoshib, o'sha rizqqa harom yo'l orqali etishadi.
Ulug'bek qori YO'LDOShYeV
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati