“(Biz halok qilgan qishloqlardan) biror qishloq (ahli) iymon keltirganda edi, iymoni unga foyda bergan (va halok bo'lmagan) bo'lur edi. Illo, Yunus qavmi (shunday qildi). Iymon keltirishgach, ulardan dunyo hayotidagi xorlik azobini ketkazdik va ularni (ma'lum) vaqtgacha (hayot lazzatidan) bahramand qildik”(Yunus surasi, 98-oyat).
Yunus alayhissalom payg'ambar etib yuborilgan Naynavo qavmining boshiga kelgan ofat duo tufayli qaytarildi.
Imronning ayoli Hanna qizini dunyoga keltirgach, bunday duo qildi: “Men unga Maryam deb ism qo'ydim. Men bu qizga va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning (yomonligidan) panoh berishingni Sendan iltijo qilib so'rayman”(Oli Imron surasi, 36-oyat). Mazkur duoning ijobatini Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislaridan bilib olamiz: “Dunyoga kelgan har bir go'dakka shayton teginadi, shu sababdan ular yig'lab tug'iladi. Maryam hamda o'g'li bundan mustasno”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibrohim alayhissalomning: “Parvardigoro, ularning orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmatni (Qur'on va hadisni) o'rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg'ambarni yubor...”(Baqara surasi, 129-oyat) duolari oradan 20 asrdan ortiq vaqt o'tgach, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam siymolarida ijobat bo'ldi.
Nabiy alayhissalomning duolari ijobat bo'lgani haqidagi xabarlar mutavotirdir. .
Huzayfa roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir odamning haqqiga duo qilsalar, duolari uning farzandi va farzandining farzandiga ham etib borar edi”, degan (Imom Tabaroniy rivoyati).
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Islomni Umar roziyallohu anhu yoki Abu Jahl bilan aziz etilishini so'rab duo qilganlar. Hazrat Umar roziyallohu anhu hidoyatga kelishi bilan Islom aziz bo'ldi”. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Umar musulmon bo'lganidan so'ng aziz bo'ldik” (Imom Buxoriy rivoyati).
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
قُلِ ادْعُواْ اللَّهَ أَوِ ادْعُواْ الرَّحْمَنَ أَيًّا مَّا تَدْعُواْ فَلَهُ الأَسْمَاء الْحُسْنَى وَلاَ تَجْهَرْ بِصَلاتِكَ وَلاَ تُخَافِتْ بِهَا وَابْتَغِ بَيْنَ ذَلِكَ سَبِيلاً
«Siz: “Allohga duo qilinglar, Rahmonga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, baribir. Go'zal ismlar Unikidir”, deb ayting. Namozingizni juda baland ovoz ila o'qimang, uni juda maxfiy ham o'qimang, buning orasida bir yo'l tuting»(Isro surasi, 110-oyat).
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ali roziyallohu anhuning haqqiga “Rabbim uni issiqdan ham, sovuqdan ham asra”, deb duo qilganlar. Shu bois Ali roziyallohu anhu qishda yozning, yozda qishning libosini kiyib yurar edilar. U kishiga na issiq, na sovuq ta'sir qilardi» (Imom Ibn Moja rivoyati).
Payg'ambarimiz alayhissalom Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuning topganiga baraka berishini so'rab duo qilganlar. U zotning topganiga shu darajada baraka yog'ildiki, “Toshni ko'tarsam ham, tagidan tilla chiqishiga ishonib qolgandim”, deydi Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu.
Bu kabi duolar ijobatini solih insonlar hayotida ham uchratamiz.
Imom Bayhaqiy rivoyat qiladi: «Bir kuni Ahmad ibn Hanbalning ziyoratiga bir yigit kelib: “Ey Ahmad ibn Hanbal, onamning haqqiga shifo so'rab Allohga duo qiling. U yigirma yildan beri yurolmaydi”, dedi. Yigitning gaplarini eshitib, Ahmad ibn Hanbalning qattiq jahli chiqdi. Yigitga: “U bizning duo qilishimizga emas, u bizning haqqimizga duo qilishiga ko'proq muhtojmiz”, dedi. So'ng Alloh taologa yuzlanib, yigitning onasi haqqiga shifo so'rab duo qildi. Yigit uyiga onasining oldiga qaytdi va uyga kirish uchun eshikni taqillatdi. Yigirma yildan beri yurolmaydigan onasi o'z oyoqlari bilan yurib chiqib: “Ey o'g'lim, Alloh menga shifo berdi”, deya uni kutib oldi» (Ibn Kasir, “al-Bidaya va an-Nihaya”).
Ibodatning iligi bo'lgan duoni ko'p qilaylik. Chunki Rasululloh alayhissalom: “Allohga duodan ko'ra mukarramroq narsa yo'q”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati