Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Ibodatning iligi

11.06.2024   3983   6 min.
Ibodatning iligi

“(Biz halok qilgan qishloqlardan) biror qishloq (ahli) iymon keltirganda edi, iymoni unga foyda bergan (va halok bo'lmagan) bo'lur edi. Illo, Yunus qavmi (shunday qildi). Iymon keltirishgach, ulardan dunyo hayotidagi xorlik azobini ketkazdik va ularni (ma'lum) vaqtgacha (hayot lazzatidan) bahramand qildik”(Yunus surasi, 98-oyat).

Yunus alayhissalom payg'ambar etib yuborilgan Naynavo qavmining boshiga kelgan ofat duo tufayli qaytarildi.

Imronning ayoli Hanna qizini dunyoga keltirgach, bunday duo qildi: “Men unga Maryam deb ism qo'ydim. Men bu qizga va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning (yomonligidan) panoh berishingni Sendan iltijo qilib so'rayman”(Oli Imron surasi, 36-oyat). Mazkur duoning ijobatini Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislaridan bilib olamiz: “Dunyoga kelgan har bir go'dakka shayton teginadi, shu sababdan ular yig'lab tug'iladi. Maryam hamda o'g'li bundan mustasno”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibrohim alayhissalomning: “Parvar­digoro, ularning orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmatni (Qur'on va hadisni) o'rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg'ambarni yubor...”(Baqara surasi, 129-oyat) duolari oradan 20 asrdan ortiq vaqt o'tgach, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam siymolarida ijobat bo'ldi.

Nabiy alayhissalomning duolari ijobat bo'lgani haqidagi xabarlar muta­votirdir. .

Huzayfa roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir odamning haqqiga duo qilsalar, duolari uning farzandi va farzandining farzandiga ham etib borar edi”, degan (Imom Tabaroniy rivoyati).

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Islomni Umar roziyallohu anhu yoki Abu Jahl bilan aziz etilishini so'rab duo qilganlar. Hazrat Umar roziyallohu anhu hidoyatga kelishi bilan Islom aziz bo'ldi”. Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Umar musulmon bo'lganidan so'ng aziz bo'ldik” (Imom Buxoriy rivoyati).

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

قُلِ ادْعُواْ اللَّهَ أَوِ ادْعُواْ الرَّحْمَنَ أَيًّا مَّا تَدْعُواْ فَلَهُ الأَسْمَاء الْحُسْنَى وَلاَ تَجْهَرْ بِصَلاتِكَ وَلاَ تُخَافِتْ بِهَا وَابْتَغِ بَيْنَ ذَلِكَ سَبِيلاً

«Siz: “Allohga duo qilinglar, Rahmonga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, baribir. Go'zal ismlar Unikidir”, deb ayting. Namozingizni juda baland ovoz ila o'qimang, uni juda maxfiy ham o'qimang, buning orasida bir yo'l tuting»(Isro surasi, 110-oyat).

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ali roziyallohu anhu­ning haqqiga “Rabbim uni issiqdan ham, sovuqdan ham asra”, deb duo qilganlar. Shu bois Ali ro­ziyallohu anhu qishda yozning, yozda qishning libosini kiyib yurar edilar. U kishiga na issiq, na sovuq ta'sir qilardi» (Imom Ibn Moja rivoyati).

Payg'ambarimiz alayhissalom Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuning topganiga baraka berishi­ni so'rab duo qilganlar. U zotning ­topganiga shu darajada baraka yog'ildiki, “Toshni ko'tarsam ham, tagidan tilla chiqishiga ishonib qolgandim”, deydi Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu.

Bu kabi duolar ijobatini solih insonlar hayotida ham uchratamiz. 

Imom Bayhaqiy rivoyat qiladi: «Bir kuni Ahmad ibn Hanbalning ziyo­ratiga bir yigit kelib: “Ey Ahmad ibn Hanbal, onamning haqqiga shifo so'rab Allohga duo qiling. U yigirma yildan beri yurolmaydi”, dedi. Yigitning gaplarini eshitib, Ahmad ibn Hanbalning qattiq jahli chiqdi. Yigitga: “U bizning duo qilishimizga emas, u bizning haqqimizga duo qilishiga ko'proq muhtojmiz”, dedi. So'ng Alloh tao­loga yuzlanib, yigitning onasi haqqiga shifo so'rab duo qildi. Yigit uyiga onasining oldiga qaytdi va uyga kirish uchun eshikni taqillatdi. Yigirma yildan beri yurolmaydigan onasi o'z oyoqlari bilan yurib chiqib: “Ey o'g'lim, Alloh menga shifo berdi”, deya uni kutib oldi» (Ibn Kasir, “al-Bidaya va an-Nihaya”).

Ibodatning iligi bo'lgan duoni ko'p qilaylik. Chunki Rasululloh alayhissalom: “Allohga duodan ko'ra mukarramroq narsa yo'q”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). 

Mavjuda NURIDDINOVA

tayyorladi.

 

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

09.09.2026   33835   1 min.
Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlanib, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi barpo etilgan "Hadis" mehmonxonasi ochilishi bilan qutlandi. Shuningdek, delegatsiyaga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Diniy idora, Ulamolar Kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.

Muloqot davomida XIV asr oxiri XV asr boshlarida Indoneziyada Islom ma’rifati yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi xalqlarimizni chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi. Yaqin o‘tmishda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani iliq xotirlandi.

Uchrashuvda Haj va Umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, yurtimizdagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Indoneziya vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Yakunda mazkur tashabbus va takliflarni hayotga tatbiq etish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari