O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Muborak Qurbon hayitining ma'naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag'rikenglik, muruvvat, do'stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi o'rni va ahamiyati beqiyosdir.
Ushbu qutlug' ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada o'tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g'oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug'lash maqsadida:
1. 2024 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun' – yakshanba kuniga to'g'ri kelishi to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma'lumot uchun qabul qilinib, yurtimizda 16 iyun' kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar:
a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to'g'ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17 iyun' – dushanba kuniga ko'chirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko'rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to'xtatib qo'yish mumkin bo'lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko'chirilmasligi;
b) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 22 dekabrdagi “2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risida”gi PF–213-son Farmoni bilan 18 iyun' – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo'shimcha dam olish kuni etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muborak Qurbon hayitini xalqimizning milliy an'ana va urf-odatlariga uyg'un holda o'tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Turizm qo'mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida mo''tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoev
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati