Rivoyat qilishlaricha Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu tunda namoz o'qir va orom olayotgan o'g'liga qarata: “Sen tufayli, bolajonim”, deya yig'lab, “...Ularning otalari solih kishi edi...”(Kahf surasi, 82-oyat) oyatini tilovat qilar edilar.
Ka'bul Ahbordan rivoyat qilinadi: “Qanchadan-qancha tunlari bedor kishilar bor, ularning amallari qabul bo'lgan va qanchadan-qancha uxlab yotganlar bor, ularning gunohlari kechirilgan. Buning boisi shuki, ikki kishi Alloh yo'lida do'stlashadilar. Ulardan biri tunlarni ibodat bilan o'tkazadi, Alloh taolo uning namozi va duosidan rozi bo'ladi. Biror duosini rad qilmaydi. U esa (uxlab yotgan) birodarini tundagi duosida eslab: “Ey Parvardigorim, birodarim falonchini ham gunohlarini kechir”, deydi. Alloh esa uxlab yotgan birodarining ham gunohlarini kechirib yuboradi”.
Ulug' tobe'in Sa'id ibn Jubayr roziyallohu anhu aytadilar: “Men mana bu o'g'limni deb ham namozimni uzunroq qilib o'qiyman”.
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu bir kishini qisqa namoz o'qiyotganini ko'rib, uni chaqirdilar va: “Birodar, namozda Parvardigoringdan so'raydigan hojating yo'qmi? Men namozimda Allohdan, hatto tuzni ham so'rayman”, dedilar.
Abdulloh Muhammad Abdulmu'tiyning "Mehr oyi" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Ro'zaliyev tarjimasi.
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati