Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Sutraning balandligi qancha bo'lishi kerak?

12.06.2024   2236   9 min.
Sutraning balandligi qancha bo'lishi kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

«Sutra», deganda namozxonning oldidan biror narsa o'tmasligi uchun qo'yilgan to'siq tushuniladi. «Sutra»ni Hanafiy va Molikiy mazhablari mandub, Shofe'iy va Hanbaliy mazhablari mustahab, deganlar. Devor, ustun, nayza, aso, boshqa biror narsa sutra bo'lishi mumkin. Hech narsa topilmasa, bir chiziq chizib qo'ysa ham bo'ladi. Maqsad namozxonning oldidan biror narsa o'tib ko'nglini buzmasin, xususan, Shayton vasvasa qilmasin.

Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namoz joylari bilan devor orasida bir qo'y sig'adigan joy bor edi». Uchchovlari rivoyat qilishgan.

Sharh: Ba'zi bir ulamolar, u zot sollallohu alayhi vasallamning qadamlari bilan devorning orasida bir qo'y siqqudek joy bor edi, dedilar. To'g'rirog'i, sajdaga bosh qo'yadigan joylari bilan devor orasida deganimizdir.

Yaziyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Salama roziyallohu anhu mushaf yonidagi ustun oldida namoz o'qishni tanlar edi. Men unga: «Ey, Abu Muslim, ushbu ustun oldida namoz o'qishni tanlaganingizni ko'rmoqdaman?» dedim. U: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamni uning oldida namoz o'qishni tanlaganlarini ko'rgan edim», dedi». Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Sharh: Ushbu rivoyatda nomlari zikr qilinayotgan shaxs mashhur sahobiy Salama ibn al-Akva' roziyallohu anhudirlar.

«Mushaf yonidagi ustun» degani, Qur'oni Karim yozilgan sahifalar bir sandiqqa solinib, o'sha sandiq «Muhojirlar ustuvonasi» nomli bir mashhur ustunning ostiga qo'yib qo'yilgan edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishilar oldilarini kesib o'tmasligi uchun sunnat va nafl namozlarni ko'proq o'sha ustunni to'siq qilib olib o'qir edilar.

Salama ibn al-Akva' roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu odatlarini yaxshilab kuzatib yurgan ekanlar va o'shanga taqlid ham qilar ekanlar. Bu holni esa ushbu hadisning roviyci Salama ibn al-Akva' roziyallohu anhuning ozod qilgan qullari Yaziyd ibn Abu Ubayd roziyallohu anhu mulohaza qilib, o'z xojalaridan so'rab bilib olib, so'ngra gapirib yurar ekanlar.

Bunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga har bir narsada ergashish, u zotning namoz o'qigan joylarida namoz o'qish yaxshi ekanligi bilinadi.

Demak, masjidda yakka o'zi namoz o'qiyotgan odam ustunni o'ziga to'siq qilib olib o'qigani yaxshi. Ba'zi birlarimiz shu narsaning farqiga bormaymiz. Ko'ringan joyda, hatto, ko'pchilik o'tib turadigan joylarda ham namoz o'qib yuborib o'zimizga ham o'zgalarga ham tanglik yaratamiz.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kalta nayza sanchib berilardi va u zot o'shanga tomon namoz o'qir edilar». Uchovlari rivoyat qilishgan.

Sharh: Sahobalardan birlari «Harba» yoki «Anza» deb ataladigan kalta nayzani ko'tarib yurar edi. Ochiq joylarda namoz o'qiladigan bo'lsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning to'g'rilariga sanchib qo'yilar edi. O'sha nayza to'siq vazifasini o'tar edi. Imomning to'sig'i qavmga ham to'siq hisoblanar edi.

Yana o'sha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ulovlarini ko'ndalang qilib turib, o'shanga tomon namoz o'qir edilar». Uchchovlari rivoyat qilishgan.

Sharh: Demak, minib yurgan hayvonni to'siq qilib olib namoz o'qisa ham bo'lar ekan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozxonning sutrasi haqida so'rashdi. Bas, u zot: «Egarning suyanchig'i balandligicha», dedilar». Muslim rivoyat qilgan.

Sharh: Demak, savol sutraning balandligi haqida bo'lgan. Arablarda odam suyanib ketishi uchun egarning orqasi maxsus ravishda baland qilinadi. Ana o'sha suyanchiq balandligidagi narsa sutra uchun kifoya qilar ekan.

Tolha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki, biringiz oldiga egar suyanchig'ichalik narsani qo'ysa, uning ortidan kim o'tganiga e'tibor bermay namozni o'qiyversin», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.

Sharh: Demak, sutra qo'yib olgan odam sutra orqasidan kim yoki nima o'tganiga e'tibor bermasligi kerak. Zotan, sutra o'zi shuning uchun qo'yiladi. Sutraning orqasidan o'tgan narsa uning namoziga hech qanday zarar qilmaydi.

Ato rahmatullohi alayhi: «Egarning suyanchig'i bir arshin va undan balandroqdir», dedi». Abu Dovud rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu rivoyat sohiblari mashhur tobe'in Ato ibn Abu Rabohdirlar. U kishi o'z ilmlari ila hatto sahobalar ichida ham mashhur bo'lganlar. Islom ummatining ilm dengizi, laqabini olgan buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan Makka ahli bir masalani so'rashganida, ichingizda Ato turib mendan so'raysizlarmi, degan ekanlar.

Ato ibn Abu Raboh rahmatullohi alayhi egarning suyanchig'i o'sha vaqtlarda, ya'ni, hadislarda zikr qilinganlari qanchalik balandlikka ega ekanini tushuntirib bermoqdalar. Biz, arshin, deb tarjima qilgan so'z arabchada «ziro'» deyilib, aslida qo'lning panja uchidan, chig'anoqqacha bo'lgan qismiga aytiladi. Uzunlik o'lchovi sifatida 58 santimetrni tashkil etadi. Demak, sutra qilinadigan narsa ana shu balandlik yoki undan biroz yuqoriroq bo'lsa kifoya qilar ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz namoz o'qiydigan bo'lsa, yuzi tomonga biror narsa qo'yib olsin. Agar hech narsa topmasa, asoni tiklab qo'ysin. Bas, agar u bilan aso ham bo'lmasa, bir chiziq chizib qo'ysin. So'ngra uning oldidan kim o'tsa ham zarar qilmaydi», dedilar».

Sharh: Bu hadisda namoz o'quvchining oldida sutrasi bo'lishiga katta e'tibor berilmoqda. Shuningdek, sutra nimalardan iborat bo'lishi mumkinligi tartib bilan bayon qilib berilmoqda. Avval imkoni bo'lsa, biror narsa qo'yib olish kerak. Agar undoq narsa bo'lmasa, asoni tiklab qo'yish kerak. Agar aso ham bo'lmasa, chiziq chizib qo'yish kerak. Shundan sutra namozxonning ko'ngli mushavvash bo'lishining oldini olish uchun qilinadigan narsa ekani bilinib turibdi.

Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bir shoxga yoki ustunga, yoxud daraxtga tomon namoz o'qiyotganlarini ko'rsam, albatta, o'sha narsani o'ng yoki chap qoshlari to'g'risiga olib o'qiyotganlarini ko'rdim. U narsaga to'ppa-to'g'ri turmas edilar». Ikkalasini Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.

Sharh: Demak, namozxon sutraning qoq ro'barusiga olmay biroz o'ng yoki chap tomoniga olishi kerak ekan.

Manba:Islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

16.09.2026   472   5 min.
XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

XI asr o‘rtalarida Samarqand zaminida barpo etilgan tabobat maskani hamda uning mukammal moliyaviy-iqtisodiy ta’minoti o‘rta asrlar Sharq davlatchiligida ijtimoiy himoya va xalq salomatligini muhofaza qilish yuqori darajada tashkil etilganini namoyon etadi.

Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.

Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.

Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.

Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.

Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.

Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.

Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari