Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Omir ibn Shurahbil Sha'biy (davomi)

12.06.2024   2523   8 min.
Omir ibn Shurahbil Sha'biy (davomi)

Abdulmalik ibn Marvon xalifalik taxtiga o'tirganida, Iroq hukmdori Hajjojga: “Menga maslahatchi, nasihatgo'y va hamsuhbat bo'la oladigan, din va dunyo ilmlarini egallagan bir kishini huzurimga yubor” deb maktub yo'lladi. Shunda Hajjoj o'sha davrda tobe'inlar sardori sanalgan Sha'biyni yuboradi. Halifa uni o'ziga eng yaqin kishilardan qilib, qiyin ishlarda uning keng ilmiga tayanar, tashvishli onlarda uning fikriga suyanar va qo'shni davlatlarga elchi qilib yuborar edi. Halifa Sha'biyni Rum imperatori Jistinyonning oldiga yuborgani ana shu elchilikdan biri bo'lib, tarix sahifalariga muhrlangan e'tiborli hodisa bo'lgan. Elchi bo'lib kelgan Omir ibn Shurahbil Sha'biyning so'zlarini eshitgan Rum imperatori uning zakovati, ulug'vorligi, so'zga mohirligi va hozirjavobligidan dahshatga tushadi. Odatda, boshqa elchilarga ko'rsatilmaydigan ehtirom bilan huzurida bir necha kun qoldiradi. Va nihoyat ketishga izn berar ekan, Sha'biydan so'raydi: “Siz xalifaning ahli baytidan bo'lasizmi?”. Sha'biy: “Yo'q, men musulmonlarning biriman, xolos”. Rum imperatori: “Halifaning huzuriga qaytgach, bu erda bo'lgan barcha gaplarni aytib berganingizdan so'ng, unga mana shu maktubni bering”, - deydi. Sha'biy Damashqqa qaytgach, xalifaning huzuriga kiradi va ko'rgan, eshitgan barcha narsalarni so'zlab, xalifa so'ragan savollarga javob beradi. Qaytish oldidan esa Rum imperatori omonat qilgan maktubni xalifaga berib chiqib ketadi. Abdulmalik ibn Marvon maktubni o'qishi bilan soqchilarga Sha'biyni tezda huzuriga qaytarishni buyuradi. Sha'biy kelgach, Abdulmalik ibn Marvon: “Mana bu maktubda nima bitilganini bilarmidingiz?” deb so'raydi. Sha'biy: “Yo'q, ey mo'minlar amiri, bilmas edim”, deb javob beradi. Abdulmalik ibn Marvon: “Rum imperatori maktubda menga quyidagilarni ma'lum qilibdi: “Arablarga hayronman, qanday qilib o'zlariga bu yigitdan boshqani podshoh qilib yuribdilar?”. Sha'biy: “U sizni ko'rmagani uchun shunday degan, agar ey mo'minlar amiri, u sizni ko'rgan bo'lganida bunday demagan bo'lar edi”. Abdulmalik ibn Marvon: “Nima uchun Rum imperatori menga bunday maktub yo'llaganini bilasizmi?” deb so'radi. Sha'biy: “Yo'q, bilmayman”, dedi. Abdulmalik ibn Marvon aytdi: “Menda sizdek zakovatli kishi borligiga, Rum hukmdori hasad qilganidan shunday qilgan. Bu bilan u sizni qatl qilishga meni tezlab, sizdan xalos bo'lishni istagan”. Rum hukmdoriga bu gaplar etib borganida: “Otasiga balli, qoyilman, qasamki, darhaqiqat bundan boshqa narsani maqsad qilmagan edim”, dedi. Imom Sha'biy ilmda shunday yuqori darajaga erishdiki, hatto u o'z asridagi to'rtta zabardast olimlarning biri bo'lib tanildi. Imom Zuhriy bunday degan edi: “Ulamolar to'rttadir: Bular Madinai munavvarada Said ibn Musayyab, Kufada Omir ibn Shurahbil Sha'biy, Basrada Hasan Basriy va Shomda Makhul”.

Imom Sha'biy kamtarligidan biron kishi unga olim deb murojaat qilsa, xijolat bo'lib ketardi. Kunlarning birida bir kishi unga: “Ey faqih olim, menga javob bersangiz”, deb savol so'ramoqchi bo'lganida, “Hoy, baraka topgur, bizda yo'q sifat bilan bizni ko'tar-ko'tar qilmagin. “Faqih” deb Alloh harom qilgan narsalardan taqvo qilgan, “olim” deb, Allohdan haqiqiy qo'rqqan kishiga aytiladi. Ular qayerda-yu biz qayerda?!” - degan edi. Yana bir kishi bir masala haqida so'raganida: “Bu haqda Umar ibn Hattob bunday deganlar, Ali ibn Abu Tolib bunday deganlar”, deb javob berdi. So'rovchi: “O'zingiz nima deysiz?” deb so'radi. Shunda Sha'biy uyalgan holda tabassum qilib: “Umar va Ali roziyallohu anhumoning so'zini eshitgach, meni so'zimni nima qilasiz”, dedi. Imom Sha'biy go'zal axloq va buyuk xislatlarga ega olim edi. Mana shu xislatlardan biri u talashib-tortishishni yomon ko'rar, foydasiz narsalarga berilib ketishdan o'zini asrardi. Bir kuni suhbatdoshlaridan biri: “Ey Abu Amr, odamlar gapirayotgan mana bu ikki kishi haqida siz nima deysiz?” deb so'raganida, Imom Sha'biy: “Qaysi ikki kishi haqida so'rayapsan?” dedi. Suhbatdosh aytdi: “Usmon bilan Ali”. Sha'biy: “Allohga qasamki, Qiyomat kuni Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumoga xusumatchi bo'lib qolishdan pokman”, deb javob berdi. Sha'biy ilm bilan birga halimlikni ham jamlay olgan olim edi. Rivoyat qilinishicha, bir kishi uni jerkib, yomon so'zlar bilan haqorat qilganida: “Agar menga qilayotgan tuhmatlaringda rost bo'lsang, Alloh meni kechirsin. Agar nohaq xaqorat qilayotgan bo'lsang, Alloh seni kechirsin”, deyishdan nariga o'tmagan ekan.

Imom Sha'biy naqadar qadri baland va ulug' fazilat sohibi bo'lishiga qaramay, ma'rifat va hikmatni o'zidan sha'ni past odamlardan olishdan bo'yin tovlamasdi.  Bir a'robiy uning ilm majlisiga kelishni o'ziga odat qilib olgan edi. Biroq doim jim o'tirardi. Sha'biy unga: “Gapirmaysizmi?” deganida, a'robiy: “Jim o'tirsam – salomat bo'laman, eshitsam – o'rganaman. Kishining quloqlaridan bo'lgan ulushi o'ziga qaytadi. Ammo tilidan bo'lgan ulushi esa boshqaga boradi”, deb aytganida, Sha'biy to vafot etguniga qadar a'robiyning shu so'zlarini qaytarib yurardi. Balog'at va fasohat bilan go'zal gapirish va uni chiroyli boshqara bilish kabi in'om juda nodir kishilargagina berilgan bo'lib, shulardan biri Imom Sha'biyda mujassam edi. Buning misoli o'laroq, Imom Sha'biyning ikki Iroq amiri Umar ibn Hubayra bir jamoa musulmonlarni qamab qo'ygandagi unga aytgan so'zini misol qilsak bo'ladi: “Ey Amir, agar ularni nohaq qamagan bo'lsangiz, haq ularni chiqaradi. Agar ularni haq bilan qamagan bo'lsangiz, afv ularga ham o'tadi”. Sha'biyning so'zidan hayratda qolgan amir uning hurmatidan barchalarini ozod qilib yuborgan ekan. Imom Sha'biy o'ta shijoatli, din va ilmda darajasi nihoyatda yuqori bo'lishi bilan birga, ochiq ko'ngilli, yana hazilkash kishi ham edi. Hazil o'rni kelib qolsa, uni o'tkazib yubormasdi. Shulardan biri: Sha'biy ayoli bilan o'tirganida, bir kishi kelib: “Qaysi biringiz Sha'biy bo'lasiz?” deganida, ayolini ko'rsatib: “Mana bu”, degan. Yana bir kishi: “Shaytonning ayolini ismi nima?” deb so'raganida. “Biz u to'yda qatnashmagan edik”, - deb hazillashib qo'ygan ekan. Imom Sha'biy haqidagi eng yaxshi tasavvurni uning o'zi haqida aytgan so'zlaridan topsak ajabmas: “Odamlar ko'z tikib turgan narsaga aslo o'rnimdan turmaganman. Qo'l ostimdagilarni aslo urmaganman. Biron qarindoshim bo'ynida qarzi bo'lgan holda vafot etib qolsa, darhol uning nomidan qarzini to'lab qo'yganman”. Imom Sha'biy sakson yoshdan ko'proq umr kechirdi. Alloh taolo chaqirig'iga labbay deb jonni topshirganida, Hasan Basriy ta'ziya izhor qilib shunday degan edi: “Alloh rahmatiga olgan bo'lsin. Darhaqiqat, Imom Sha'biy ilmi keng, halimlikda tengi yo'q ulug' inson edi. Islomda uning yuksak o'rni bor”.

Internet materiallari asosida O'MI xodimi

Ilyosxon AHMYeDOV tayyorladi.

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   19745   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari