Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2026   |   9 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
24 Iyun, 2026, 9 Muharram, 1448

Jonliq qanday so'yiladi?

13.06.2024   4704   7 min.
Jonliq qanday so'yiladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Allohtaologabitmas-tuganmashamdusanolarbo'lsin.

Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

 

Arabcha «zabiha» so'zi so'yiladigan hayvon degani, hayvon so'yishga oid ilm esa «zaboih» deyiladi, bu «zabh» – so'yishning ko'plik shaklidir. «Zabh» so'zi lug'atda «yormoq» ma'nosini bildirsa-da, keyinchalik hayvonlarning bo'g'iz tomonidan halqumini kesishga nisbatan ishlatila boshlagan.

Fuqaholar nazdida «zabh» so'zi uch xil ma'noda qo'llaniladi:

- halqumni kesish, halqum jag' bilan labba (ko'krakning yuqori, bo'yinning pastki qismi) o'rtasidagi joy;

- halqum yoki labbani kesish; v) hayvonning halolligiga sabab bo'lishi uchun kesish. Bu ixtiyoriy, ya'ni bemalol so'yiladigan hayvonda  halqumni yoki labbani kesish, iztiroriy, ya'ni bemalol bo'lmagan hayvonda to'g'ri kelgan joyiga nayza otib yoki jarohatlovchi ovchi hayvonni jo'natib, jonini chaqarish bilan bo'ladi.

Odatda zaboih – so'yishlar bobida so'yishga tegishli bir necha istilohlar ishlatiladi. Asosiy mavzuga o'tish oldidan ularga sharh berib o'tish zarur bo'ladi.

Nahr – lug'atda ko'krak va ko'krakning yuqori qismini bildiradi. Fuqaholar istilohida esa, labba, ya'ni bo'g'izdan pastdagi bo'yin qismidan so'yishga ishlatiladi. Odatda zabhning muqobilida nahr ishlatiladi. Tuyalarni nahr bilan so'yish mustahab sanaladi.

Aqr – aslida tuya yoki qo'y va echkilarning tik turgan holida qilich bilan oyoqlarini chopib tashlashga aytiladi. Keyinchalik qatl va halok qilishga ham ishlatiladigan bo'ldi. Gohida tuyani nahr qilishga ham ishlatiladi. Chunki tuya so'yuvchi odatda tuyaning oyog'iga qilich urib, keyin bo'ynidan so'yar edi. Fuqaholar bog'lab so'yish imkoni bo'lmagan hayvonlarni to'g'ri kelgan joyiga jarohat etkazib o'ldirishga ham bu istilohni ishlatadilar.

Jarh – lug'atda kasb qilishga ishlatiladi. Alloh taolo: “Alloh kunduzda nima kasb qilganingizni biladi”, deb marhamat qilgan. Shuningdek, biror narsaga qurol orqali jarohat etkazishga ham ishlatiladi. Fiqh kitoblarida aqr ma'nosida ham ishlatiladi.

Soyd – lug'atda vaxshiy hayvon yoki yirtqich qushning ovni tutishiga hamda ovlangan yoki endi ovlanadigan narsalarga ishlatiladi. Fuqaholar esa, ovlanuvchi hayvonni, ov qilishni “soyd” so'zi bilan ifodalaydilar. 

Tazkiya – lug'atda hayvonni (Alloh taoloning ismini zikr qilib) zabh yoki nahr qilishga aytiladi. Fuqaholar istilohida esa, go'shti eyiladigan hayvonning pok va go'shtini eyish halolligiga shar'iy sabab hamda go'shti eyilmaydigan hayvonning terisi, go'shti va yog'laridan eyishdan boshqa o'rinlarda foydalanish halolligiga shar'iy sabab «tazkiya» deyiladi. Soddaroq qilib aytganda, go'shti eyiladigan hayvonni shar'iy yo'l bilan so'yib-halollab olish “tazkiya” deyiladi.

 Agar hayvon cho'chqa kabi tirik va o'lik holida ham go'shti eyilmaydigan, najas hayvon bo'lsa, shar'iy yo'l bilan so'yish unga hech qanday ta'sir qilmaydi, ya'ni, go'shtini ham, terisini ham, suyagini ham poklamaydi. Agar ayiq, xonaki eshak kabi go'shti eyilmaydigan, lekin to'ng'iz kabi najas bo'lmagan, tirikligida pok, o'lganidan keyin nopok hayvonlar bo'lsa, Alloh taoloning ismi bilan so'yilsa, go'shti va yog'larini surtish va yirtqichlarga ozuqa qilib berish halol bo'ladi. Lekin undan odamlarning eyishi joiz emas. Terisi oshlashdan avval ham pok bo'ladi.

Agar chumoli va ari kabi qoni yo'q, tirik holida ham, o'lik holida ham pok jonzot bo'lsa, uni tazkiya qilishga hojat yo'q. Hasharotlarni eyish halol bo'lmasa-da, suv kabi suyuqliklarga tushsa, ularni nopok qilmaydi.

Go'shti eyiladigan hayvonlar agar quruqliq hayvoni bo'lib, qoni bo'lsa, tazkiya qilishga loyiq bo'ladi va tazkiya qilish unda uch xil ta'sir qiladi:

1) pokligi boqiy qoladi.

2) oshlanmasdan avval terisi va yunglaridan foydalanish halol bo'ladi

3) go'shtini eyish halol bo'ladi.

Go'shti eyiladigan hayvonlarda harom qilingan narsa asosan uning tomirlarida oquvchi qonidir. Bu qon zabh yoki nahr qilish orqali chiqarib yuboriladi. Alloh taolo faqat pokiza narsalarni halol qilgan. Qur'oni karimda shunday deyilgan: «(Ey Muhammad), ular o'zlariga nima halol qilinganini so'rashadi. Siz: «Barcha pokiza narsalar sizlarga halol qilindi. Alloh sizlarga bildirganiday ovchi it kabi o'rgatilgan yirtqichlar tutib keltirganini Alloh nomini zikr qilib eyaveringlar. Allohdan qo'rqinglar, Allohning hisobi albatta tezdir», deng» (Moida surasi, 4-oyat).

«Ular o'z huzurlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holida topiladigan, ularni ma'rufga buyurib, munkardan qaytaradigan, ularga pokiza narsalarni halol qilib, nopok narsalarni harom qiladigan, ustlaridagi yukni engillatib, kishanlarni echadigan ummiy Nabiy, Rasulga ergashishadi»(A'rof surasi, 157-oyat).

Poklik faqat qonni zabh yoki nahr qilish orqali chiqarib yuborish bilan bo'ladi. Ushbu qon «dam masfuh» – oquvchi qon, deyiladi. Ana shu qon chiqib ketmas ekan, hayvon halol bo'lmaydi. Alloh taolo insonga hayvonning ruhini olib, uni eyishga ijozat berishi Alloh taolo insonni ikrom qilganining belgisidir. Shunday ekan, hayvonning ruhini olish Alloh taoloning ko'rsatmasiga muvofiq bo'lishi kerak.

Abdumannon Abdulloh

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Korrupsiya va poraxo‘rlik - jamiyat kushandasi

23.06.2026   1991   4 min.
Korrupsiya va poraxo‘rlik - jamiyat kushandasi

Islom dini adolat va halollik ustiga qurilgan. Jamiyatda adolat mezonlarini buzuvchi, insonlar haqqini poymol qiluvchi eng xatarli illatlardan biri bu — korrupsiya (fasod) va poraxo‘rlik (rishvat) dir.

  1. Pora — La’natga , yurtni inkirozga olib boruvchi va odamlar orasidagi adovatga sabab bo‘luvchi amaldir.

Dinimizda birovning haqqini nohaq yo‘l bilan yeyish qat’iyan man etilgan. Pora berish va olish Allohning rahmatidan uzoqlashishga olib keladi.

Hadisi sharifda shunday deyiladi: ​

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رضي الله عنهما قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّاشِيَ وَالْمُرْتَشِيَ.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natladilar" (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)

La’nat — bu Allohning rahmatidan quvilish demakdir. Bu illat bilan shug‘ullanuvchi kimsa nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham rasvolikka yuz tutadi.

  1. ​Botil yo‘l bilan mol yeyishning haromligi

Korrupsiya orqali topilgan mablag‘ — harom luqmadir. Qur’oni karimda insonlar bir-birlarining mollarini nohaq o‘zlashtirishidan qaytarib shunday deyiladi: 

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ.
 

"Mollaringizni oralaringizda botil yo‘l bilan yemang. Va bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyishingiz uchun uni hukkamolarga (pora qilib) tutmang" (Baqara surasi, 188-oyat).

  1. ​Davlat mulkiga xiyonat (G‘ulul)

Korrupsiyaning eng yomon ko‘rinishlaridan biri — bu mansabni suiiste’mol qilish va davlat (xalq) mulkini talon-toroj qilishdir. Bu islom huquqida «g‘ulul» deb ataladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:


​مَنِ اسْتَعْمَلْنَاهُ عَلَى عَمَلٍ فَرَزَقْنَاهُ رِزْقًا فَمَا أَخَذَ بَعْدَ ذَلِكَ فَهُوَ غُلُولٌ

​"Biz kimni bir ishga tayinlasak va unga maosh belgilasak, u o‘sha maoshdan tashqari nima olsa, bu xiyonat (g‘ulul)dir".

Poraxo‘rlikning jamiyatga yetkazadigan zararlari:

Adolatsizlik: Layoqatli insonlar qolib, poraxo‘rlar yuqoriga chiqadi, bu esa iqtidorlarning so‘nishiga olib keladi.

Barakaning uchishi: Harom aralashgan jamiyatda xotirjamlik, tinchlik va rizq barakasi bo‘lmaydi.

Zulm: Kambag‘al va haqdor insonlarning huquqlari puldorlar tomonidan poymol bo‘ladi.

Duoning ijobat bo‘lmasligi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam harom luqma yegan insonning duosi qabul bo‘lmasligi haqida ogohlantirganlar.

Xulosa

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va omillarini bartaraf etish hamda aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish kabi chora-tadbirlar korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Poraxo‘rlik faqat bir shaxs yoki tashkilotga emas, balki butun jamiyatga zarar keltiradi. U ishonch muhitini zaiflashtiradi, halol mehnat va adolat tamoyillariga putur yetkazadi. Shu bois har bir fuqaro korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi, qonunlarga rioya qilishi va jamiyatda halollik qadriyatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shishi zarur.

Pora va korrupsiya nafaqat qonunbuzarlik, balki katta ma’naviy jinoyatdir. Musulmon kishi o‘z mehnati, halol kasbi va taqvosi bilan yashashi lozim. Zero, harom bilan to‘plangan boylik do‘zax oloviga otuvchi vositadir.

Poklik va halollik - iymon belgisi.

Saydullo Yaminov, 
Mingbulok tumani  “Mulla Nazar Oxun” jome masjidi noib imomi

Maqolalar