Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448

Faol imom-xatib va otinoyilar taqdirlandi

04.10.2023   990   3 min.
Faol imom-xatib va otinoyilar taqdirlandi

Millat ma'naviyatini isloh etish, odamlarni ma'rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o'rgatish va mudroq tafakkurni uyg'otishning eng asosiy omili sifatida jadidchi bobolarimiz matbuotning qadrini baland ko'targanlar. Ular nazdida matbuot – fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo'lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko'zgu edi.

Bugun O'zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligida O'zbekiston musulmonlari idorasining "Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot-matbaa ijodiy uyi davriy nashrlari – "Hidoyat" va "Mo'minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga 2023 yil obuna jarayonida faolik ko'rsatgan vakillarni taqdirlash, 2024 yil uchun obunani uyushqoqlik bilan tashkil etish yuzasidan yig'ilish o'tkazildi.

Tadbirda "Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot-matbaa ijodiy uyi Bosh muharriri Abdujalil Ho'jamov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirok etdi.

– Obuna jarayonida, avvalo, har bir imom-xatib o'zi namuna bo'lishi kerak, – dedi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov. – Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan 134 nafar imom-xatib, 265 nafar noib imom hamda 166 nafar otinoyi mazkur nashrlarni muntazam o'qib borishi kerak. Shu bilan birga, ushbu nashrlarda diniy soha xodimlari o'zlarining maqolalari bilan qatnashishi ham amri ma'ruf va nahyi munkar bo'ladi. Bir imom, deylik, juma kuni biror mavzuda mav'iza qilsa, uning ma'ruzasini 1,5 ming, 2 ming kishi eshitishi mumkin. Lekin birgina maqolasini yuz minglab odam o'qiydi, shuncha xonadonga nur kiradi, ziyo kiradi.

Tadbir so'ngida Hidoyat" va "Mo'minalar" jurnallariga hamda "Islom nuri" gazetasiga 2023 yil obuna jarayonida faolik ko'rsatgan imom-xatiblar nashriyot sovg'alari bilan taqdirlandi.

Yig'ilish so'ngida xayrli duolar qilindi.

 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi
"Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot-matbaa ijodiy uyi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“ABU NAHV” YOXUD 57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

20.09.2026   7495   4 min.
“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

Yaxshilar yodi


Muhammadlatif domla dastlabki ta’limni otasi Shayx mulla Olim rahmatullohi alayhdan o‘rganish barobarida u zotning duolarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shu duoning sharofati bilan u kishi katta olim bo‘lib yetishdi.


Maktabni oltin medal bilan tamomlagan ustoz harbiy xizmatdan qaytgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasida, so‘ngra Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil oldi. O‘sha kezlarda ma’hadga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mudir edi.


Muhammadlatif domla institutni tugatgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga talabalarga saboq berish uchun yuboriladi. Keyinchalik yana Toshkentga qaytib, ma’hadda mudarris bo‘lib ishlaydi. O‘sha paytda Toshkent islom institutida eronlik, tojikistonlik va afg‘onistonlik talabalar ham ta’lim olishgan. Muhammadlatif domla fors tilini yaxshi bilgani uchun chet ellik talabalarga shu tildan dars bergan. Qattiqqo‘lligi bois ayrim dangasa talabalar domlaning ustidan shikoyat qilishgan.


Shikoyat chet ellik talabalar nomidan bo‘lgani uchun Tashqi ishlar vazirligi darajasigacha chiqqan. Tabiiyki, bu shikoyat qanoatlantirish uchun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbariyatiga topshirilgan. Idora rahbariyati rektor Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga murojaat qilib, shikoyat yozilgan qog‘ozni ko‘rsatgan.


Shunda Shayx hazratlari muftiyga: “Talabalarning bilmasdan yozgan shikoyatlari sababli tajribali o‘qituvchini ishdan olish adolatdan emas. Agar shunday qilinsa, shikoyatlar yana ko‘payishi mumkin. Buning o‘rniga Muhammadlatif domlaning darsini kuzatish uchun maxsus vakil tayinlayman. Agar vaziyat rostdan ham talabalar shikoyat qilganidek bo‘lsa, u domla bir kun ham ishlamaydi”, degan. Vakil darsni kuzatib, hech qanday e’tiroz yo‘qligini va domlaning talabi o‘rinli ekanini aytadi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi muftiysi bo‘lganida, Muhammadlatif domla Toshkent islom intitutiga rektor etib tayinlandi. Ikki ulamo O‘zbekistonda diniy ta’limni tubdan isloh qilishga, talabalar sonini ko‘paytirishga va xalqimiz o‘rtasida diniy ta’limni keng yoyishga harakat qiladi.


Shayx hazratlariga o‘sha paytlarda tuhmatlar bo‘ldi va bu tuhmatlardan Muhammadlatif domla ham benasib qolmadi. Ikkala ulamo ishdan bo‘shashga majbur bo‘lishdi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari chet elga chiqib ketdi. Muhammadlatif domla esa “Ko‘kaldosh” madrasasida o‘qituvchi va “To‘xtaboyvachcha” jome masjidiga imom bo‘lib ishga kirdi. Lekin tuhmatlar tinmadi. Oqibatda domla Rossiyaning Qozon shahriga ketib, u yerdagi islom universitetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Keyinchalik Chechenistonning prezidenti Ahmad Qodirovning taklifiga binoan Grozniy shahridagi islom universitetiga mudarris bo‘ldi.


Muhammadlatif domla sarf va nahv ilmini yaxshi bilish barobarida fiqh, tafsir va boshqa ilmlarni puxta o‘zlashtirdi. “Kofiya”ni yod oldi. Talabalarga shu fanlardan yoddan dars o‘tar edi. Shu bois u kishi ilm ahli orasida “Abu nahv”, ya’ni nahv ilmining otasi, deya tanildi.


Muhammadlatif domla Chechenistonda dars berib yurgan paytlarida 57 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod oldi. Domladan shogirdlari: “Kalomullohni keksaygan chog‘ingizda yodlashingizning boisi nima?” deb so‘rashganida, u kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qur’on sohibi jannatga kirganida unga: “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. Bas, u o‘qiydi va har bir oyatni o‘qiganida bir daraja yuqorilaydi. (Qur’ondan) oxirgi narsani o‘qigunicha shunday bo‘ladi” (Ibn Moja rivoyati), degan hadislari menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plab talabalarga saboq berdim. Ularning ko‘pi Qur’oni karimni to‘liq yod olishdi. Men, inshoalloh, Allohning inoyati bilan jannatga kirsam, Qur’oni karimni yodlamaganim uchun behishtning quyida qolib ketishni xohlamayman», degan.


Alloh taolo marhum ustozimizning oxiratlarini obod qilsin. Niyatlariga yarasha jannatning eng oliy darajalaridan nasib qilsin.

 

Tolibjon NIZOM

 

“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA
Ibratli hikoyalar