Iyd Qurbon barchamizga muborak bo'lsin! Mana shunday ulug' kunlarga tinchlik-osoyishtalikda, sog'-salomatlikda etkazgani uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar va shukronalar bo'lsin! Haq taolodan barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizga erishtirishini, Vatanimiz tinch, yurtimiz obod bo'lib, turli xil xavfu-xatar, fitnalardan Yaratganning O'zi asrashini iltijo qilib qolamiz.
Alloh taoloning sizu biz bandalariga ato etgan cheksiz fazlu marhamatlaridan biri shuki, yilning ma'lum oy va kunlarini toatu ibodat qilib, ko'plab savob topish uchun imkoniyatlar vaqti qilib berdi. Ana shunday fazilatlarga boy, unda qilingan amali solihlarning savobi ko'paytirib beriladigan oylardan biri Zulhijja oyidir.
Iyd Qurbon bayrami kunlari yaqinlarimizni yo'qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug'larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko'rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman, bayramning ko'rkiga ko'rk qo'shadigan amali solihlar bilan o'tkazish maqsadga muvofiqdir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo'lar, etim-esirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta'minlanganlardan xabar olar, ularning ko'ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo'lish lozim.
Yurtimizda «Inson qadri uchun» degan tamoyil barcha islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda, odamlarning og'irini engil qilish, munosib hayot sharoitlarini ta'minlashga yo'naltirilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug'lash, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini ta'minlash hisoblanadi. Buning uchun yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasiga e'tibor qaratishimiz, ularni yuksak odob-axloqli, tarbiyali, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan xabardor, dunyoqarashi keng insonlar etib voyaga etkazishimiz zarur. Chunki farzandlarimiz – bizning ertangi kunimiz. Qaysiki xalq mana shu vazifani muvaffaqiyatli ado etsa, kelajagi farovon, turmushi saodatli bo'ladi.
5 iyun' kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Makka shahrida bo'lib turgan O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qildi.
Yurtboshimiz Muftiy hazratlaridan Makka va Madina shaharlarida bo'lib turgan ziyoratchilarimizning haj ibodatiga tayyorgarlik jarayonlari, ular uchun yaratilgan sharoitlar, sihat-salomatligi va kayfiyati haqida so'radi.
Muloqotda Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Prezident hojilarning holidan xabar olishidan ziyoratchilar xursand bo'layotganini hamda u kishining salom va tilaklarini barcha haj ibodati niyatida turgan yurtdoshlarimizga etkazishini ma'lum qildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan inson qadrini ulug'lash haqidagi odilona siyosat muborak diyorda ham amalda bo'layotgani, yurtdoshlarimiz e'zozu hurmatda bo'lib, ular uchun barcha sharoitlar hozirlangani, bu qulayliklarni nafaqat o'zimizning ziyoratchilar, balki Saudiya Arabistoni hukumatining haj ishlari mas'ullari va o'zga yurt hojilari e'tirof etayotganini aytib o'tdi.
Bu yilgi Qurbon hayiti arafasida ham an'anaga muvofiq muhtaram yurtboshimizning xalqimizga yo'llagan Qurbon hayiti tabrigi mo'min-musulmonlarimizni behad xursand qildi.
Biz bu tabrik bilan tanishib chiqib, uning mazmun-mohiyatini fuqarolarimizga etkazdik. Ushbu tabrik zamirida muqaddas dinimizga e'tibor, asriy an'analarimizga hurmat timsolini ko'rishimiz mumkin.
Bu yilgi Qurbon hayiti o'zgacha fayz, o'zgacha tarovat bilan o'tganligini yurtdoshlarimiz yuzlaridagi xursandchilik ifodalaridan ham bilishimiz mumkin.
Bu yil yurtimizdan 15 130 nafar, viloyatimizdan 1634 nafar hojilar muborak Haj safariga borib, muqaddas Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlari o'z ibodatlarini ado etishlari butun yurtimiz uchun behad xursandchilik bo'ldi. Bu buyuk tuxfa uchun muborak safarga muyassar bo'lganlar ham, kelgusida boradiganlar ham chin qalblaridan yurtboshimiz haqlariga duoi xayrlar qildilar.
Yurtimizdan haj safariga musharraf bo'lgan Hojilarimiz Mino, Arafot, Muzdalifa vodiylarida turib, duolar ijobat bo'ladigan fursatlarda duoyi xayrlar qilishlari bu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, farzandlarimiz kamoli, bir so'z bilan aytganda nimaki yaxshi tilaklar bo'lsa ularning ijobatini so'rab, Yaratganga tilaklar, umidlar, iltijolar qildilar.
Yana bir bora barchalarimizga bu bayram muborak bo'lsin! Shunday fazilatli ayyomda duoga qo'l ochib, ona Vatanimiz va butun dunyoni tinchlik va osudalik, xalqimizni farovon aylab, keyingi yil Qurbon hayiti kunlariga sog'-salomatlik bilan etib borishni barchamizga nasib etishini so'raymiz! Alloh taolo yurtimizni bundan ham obod qilib, xalqimizning moddiy va ma'naviy boyligini bundanda ziyoda bo'lib borishini muyassar aylasin!
Musoxon Abbasitdinov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi