Atrofimizda oila va jamiyatga oid sanoqsiz muammolar borki, ularni eshitib, qalbing og'riydi, hasrat chekasan, xafa bo'lasan kishi. Muammolarni o'rganib qaralsa, eng achinarlisi mast qiluvchi ichimliklar hamda giyohvand moddalar sababli sodir etilayotgan muammolar ekaniga guvoh bo'lamiz.
Farzandlarimizga befarq bo'lishimiz ularni bekorchi ishlar bilan shug'ullanishiga sabab bo'lmoqda. Bekorchilik oqibatida ular inson ko'rinishidagi shaytonlar bilan do'stlashadilar, maishatparastlikka beriladilar. Bu esa achinarli oqibatlarga olib boradi. Shuning uchun biz kelajagimiz bo'lmish yoshlarimizni turli xil xatarlardan asrab-avaylashimiz, ularni to'g'ri yo'nalishda tarbiyalashimiz darkor. Biz farzandlarimiz tarbiyasiga loqayd bo'lganimiz uchun o'g'illarimiz u yoqda tursin, hatto qizlarimiz ham ichkilik illatiga mubtalo bo'lishmoqda. Bundan og'ir musibat bo'lishi mumkinmi?!
Alloh taolo aroq va qimorning haromligini bayon qilib, bunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo'ling. Shoyadki, najot topsangiz. Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko'rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to'sishni xohlaydi. Endi to'xtarsizlar?!”(Moida surasi, 90-91-oyatlar).
Ushbu ikki oyat ulkan nasihatlarni o'z ichiga olgandir. Alloh aroq bilan qimorni iflos narsa, shaytonning ishlaridan, deydi. Iflos narsa bu yomonlarning yomoni, nihoyatda yaramas narsa, degani. Chunki bu ikki narsadan juda ko'plab yomonliklar va fasodlar kelib chiqadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o'z ummatlarini mast qiluvchi narsalardan qaytarganlar. U zot alayhissalom: “Har bir mast qiluvchi narsa haromdir”, deganlar.
Bu hadisdan bilinadiki, har bir tanani bo'shashtiruvchi, mast qiluvchi narsalar haromdir. Bu narsa hozirda ko'pincha ichkilikda yaqqol namoyon bo'lmoqda. Aroq, konyak, vino, pivo kabi vositalar borki, ularning barchasi haromdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko'pi mast qiladigan narsaning ozi ham haromdir”, deganlar.
Mast qiluvchi ichimliklar sababli la'natlangan kimsalar xususida Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
1) aroqni tayyorlagan;
2) tayyorlatgan;
3) ichgan;
4) olib kelgan;
5) olib keltirgan;
6) quyib bergan;
7) sotgan;
8) pulini egan;
9) sotib olgan;
10) unga atab sotib olingan kishidir.
Azizlar, musulmon inson, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la'natlariga duchor bo'lib, Allohning rahmatidan badarg'a bo'lishga rozi bo'lishi mumkinmi?! Yo'q, albatta! Musulmon kishi o'zining musulmon ekanini, iymoni bor ekanini unutgan vaqtidagina bu qabih ishga qo'l urishi mumkin. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aroq ichuvchi kishi mo'min holatida ichmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Har bir davr va jamiyat bu jirkanch illatga qarshi azal-azaldan kurashib kelgan. Chunki bu illat xalqlar uchun moddiy va ma'naviy zarar manbai bo'lgan. Tibbiyot ham ichkilikni qoralagan holda uning inson vujudiga, uning nasli va zurriyotiga bo'lgan salbiy ta'sirini isbotlab bergan.
Shu bois ichkilikbozlikni bartaraf etish shaxs va jamiyat barkamolligini ta'minlaydi.
Ming afsuslar bo'lsinki, bugunga kelib muqaddas kitobimiz bo'lmish Qur'oni Karimda xarom qilingan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini iste'mol qilishdan ogohlantirgan, ko'pgina ma'siyatlarga sabab bo'layotgan, inson jismini va ruhini emiradigan zahri qotil do'kon rastalarida savlat to'kib turibdi. Taassufki, musulmonlik da'vosini qilayotgan bechoralar umumiy ovqatlanish joylarida, kafe va barlarda bu shayton suvini hech tap tortmay sipqormoqdalar. Marosimlar, nikoh to'ylari bu shayton suvisiz o'tmay qoldi. Shaffof qadahlarga quyib ichilayotgan bu ichkilikni aslida jahannam oloviga uloqtiruvchi iblisning zahri ekanligini hech kim bilmaydi.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aroqqa mukkasidan ketib o'lgan kishi qiyomatda Alloh taologa butga ibodat qilgan kishidek yo'liqadi”, deganlar. Sababi, aroqqa mukkasidan ketish shunday bir bosqichki, unda inson aroqning bandasiga aylanadi. Aroq uchun kerak bo'lsa obro'sini ham, hayotini ham beradi.
Ibn Moja rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aroqqa mukkasidan ketgan inson jannatga kirmaydi”, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aroq ichgan kishiga tiynatul xabol ichirishni Alloh O'z zimmasiga olgan”, deganlar. Sahobalar tiynatul xabol nima ekanini so'rashganida Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: “Do'zax ahlidan chiqqan ter”, deb javob berganlar. Shuningdek, aroq ichgan kishining qirq kunlik namozi qabul qilinmasligi ham sahih hadislarda aytib o'tilgan.
Aroqning zararlarini sanab oxiriga etkazib bo'lmaydi. Aroq ichgan kishini vijdonsiz, uyatsiz qilib qo'yadi. Jamiyatga vijdonsiz va uyatsizlikdan ko'proq zarar keltiradigan narsa bo'lmasa kerak. Chunki, aroqxo'r kishi axloq-odobga e'tibor bermay qo'yadi va barcha yomonliklarni tap tortmay qilaveradi. Hozirgi kunda ko'plab zino va oilaviy xiyonatlar aroq tufayli bo'lmoqda. Buning oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketmoqda.
Ko'pincha to'polonlar, tartibsizliklar, odam o'ldirish va shunga o'xshash turli jinoyatlar aroq tufaylidir. Aroqning ijtimoiy zararlarining ham son-sanog'i yo'q. Aroq tufayli do'stlar dushmanga aylanmoqda, jamiyat turli sohalarda aroqdan cheksiz zarar ko'rmoqda. Hozirgi kunda bu oddiy haqiqat bo'lib, har bir insonga ravshan. Yuqoridan aytilganidek, aroq ya'ni kishini Allohning zikridan va namozdan ham to'sadi. Chunki mast odamning aqli bo'lmaydi, aqlsiz odam qanday ibodat qiladi? Ibodat aqlga bog'liqdir. Shuning uchun ham Islom bundan XV asr muqaddam aroqni batamom harom qildi va uni ichuvchilarga uqubatlar belgiladi.
Mast qiluvchi ichimliklarga mukkasidan ketgan kimsa hurmatga loyiq emas. U o'zining jirkanch qilmishi bilan jamiyat orasidagi o'z hurmatini yo'qotadi. Unday illatga ruju qo'yganlar o'z oilasida ham, jamiyatda ham munosib o'rinlarini egallay olmaydilar. Uyiga aroq ichib, mast bo'lib keladigan ota qanday qilib farzandlariga yaxshi o'rnak bo'la olsin. U mast-alast yurishi bilan ko'pchilikka ozor etkazishining o'zi ham atrofdagilarni unga nisbatan bo'lgan iliq munosabatlardan to'sadi.
Mast qiluvchi ichimlik ichadigan kimsaga qanday munosabatda bo'lish xususida o'tgan salafi solihlarning tutgan yo'llari barchaga o'rnak bo'larlidir. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: “Aroq ichuvchilar betob bo'lishsa, ularni ziyorat qilgani bormanglar”.
Albatta bu ularga qattiq ta'sir qilishi mumkin. Ba'zilar odamlardan uyalib bo'lsa ham bir yomon amaldan o'zini tiyib turadi.
Ba'zi ulamolarimiz aytgan ekanlar: “Aroq ichuvchilarni ziyorat qilish va ularga salom berish man qilinganining boisi, aroq ichuvchi la'natlangan, fosiqdir. Agar u sotib olib ichsa, ikki marta la'natlangan, boshqa birovga ham quyib bersa, uch marta la'natlangan. Agar ular tavba qilsalar, ularni yana ziyorat qilish va salom berish joiz bo'ladi. Kimki tavba qilsa, Allox uning tavbasini qabul qiladi”.
“Sizdan kim bir gunoh ishni ko'rsa, uni qo'li bilan qaytarsin, agar bunga qodir bo'lmasa tili bilan qaytarsin, agar unga ham qodir bo'lmasa qalbi bilan qaytarsin, ana o'sha iymonning zaifligidir”.
Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratdi. Dunyodagi barcha pokiza narsalarni unga rizq qilib berdi. Bu haqda Robbul Olamiyn O'z kalomida bunday marhamat qiladi: “Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo'ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro'z berdik va ularni O'zimiz yaratgan juda ko'p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo'ydik”(Isro surasi, 70-oyat).
Insonning boshqa maxluqlardan farqi uning mukarram qilinganligidir. Unga eng pokiza narsalar rizq qilib berildi. Bu yorug' dunyodagi barcha mavjudotlar Odam bolalariga beminnat xizmatkor o'laroq buysundirib qo'yildi. Albatta bundagi hikmat inson o'z yaratgan Parvardigorini tanishi va unga ibodat qilishi, Uning bergan ne'matlariga shukr qilishi uchundir.
Inson bu dunyoga o'yin-kulgi uchun, eb-ichish uchun yohud erda buzg'unchilik, fitna-fasod qilish uchun yaratilgani yo'q. Mehribon va Rahmli Parvardigorimiz O'zi Qur'oni Karimda bu haqiqatni o'z bandalariga bayon qildi.
“Men jin va insni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. Men ulardan biron rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini istamasman. Zero Allohning O'zigina (barcha xaloyiqqa) rizqu ro'z berguvchi, kuch-quvvat sohibi va qudratlidir”(Zoriyot surasi, 56-58-oyatlar).
Umr insonga bir marta beriladi. Umr shunday ne'matki, qadriga etish lozim bo'lgan ne'matlarning shukri aynan umr ne'matiga shukronalikdan boshlanadi.
Alloh taolo butun dunyoni, xossatan, jonajon vatanimizni bu kabi razolatlardan, illatlardan, ikki dunyoda xor qiladigan amallardan o'z panohida asrasin. Adashib qolganlarning to'g'ri yo'lga qaytishlariga O'zi nusrat bersin!
Muhammad Quddus Abdulmannon,
Ho'jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati