Rivoyat qilishlaricha, Umar roziyallohu anhu Shom diyorida yashaydigan bir baquvvat yigitning hol-ahvoli haqida surishtirdilar. U yigit sharobga mukkasidan ketib, sarxush bo'lib yurganidan xabar topgach, kotibga dedilar: “Umardan falonchiga. Senga salom bo'lsin. Alloh taolo barcha maqtovlarga haqdor yagona Zotdir. U gunohni mag'firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, iqobi shiddatli va fazlu karam sohibi bo'lgan Zotdir. Undan o'zga ibodatga sazovor Zot yo'q. Qaytish Uning O'zigadir”, deb yoz.
Hatni tamomlagach muhr qo'ydilar va eltuvchiga: “Uni faqat es-hushi joyidaligida topshir”, dedilar. So'ngra yigitning haqqiga duo qilib, Alloh taolo uning gunohlarini kechirishini va tavbasini qabul qilishini so'radilar. Atrofdagilar ham duoga qo'shilib “Omiyn”, deb turishdi.
Maktub etib borgach, yigit uni o'qir ekan bunday dedi: “U gunohni mag'firat qiluvchi”. Demak, Robbim mening gunohlarimni kechirishni va'da qilgan.
“Tavbani qabul etuvchi, iqobi shiddatli” – bu bilan meni jazodan ogohlantirmoqda.
“Fazlu karam sohibi bo'lgan Zotdir” – U Zotning marhamati cheksiz.
“Qaytish Uning O'zigadir”. Yigit maktubni takror-takror o'qir ekan, o'zini yig'idan to'xtata olmadi. Qilgan barcha gunohlari uchun tavba qildi. Holi o'nglana boshladi. Bu xabar mo'minlar amiri Umar roziyallohu anhuga etib bordi.
U zot roziyallohu anhu: “Birodaringiz yomon yo'lga kirib toyilganini ko'rsangiz mana shunday yo'l tuting. Uni qilayotgan ishidan qaytarib, to'g'ri yo'lga soling. Haqqiga duo qiling. Allohtaolo uning tavbasini qabul qilishini so'rang. Aslo uni battar gunohga botishiga sabab bo'luvchi ish qilib, shaytonga yordamchi bo'lib qolmang”, dedilar.
Abdulloh Muhammad Abdulmu'tiyning “Mehr oyi” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Ro'zaliyev tarjimasi.
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati