Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari diniy boshqarmasi “Markaziy muftiylik” qarorgohida muftiy Abdulquddus Asharin boshchiligidagi Ural musulmonlarining O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb yozadi “IslamNews”.
O'zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiya vakillaridan O'zbekiston Respublikasi musulmonlari idorasi Halqaro aloqalar bo'limi mudiri o'rinbosari Ibrohim Inomov, Andijon viloyatidagi “G'ishtli” jome masjidi imom-xatibi Botirjon Tojiboyev, Rossiya Federatsiyasi, Yekaterinburg shahridagi O'zbekiston Respublikasi Bosh konsuli vazifasini bajaruvchisi Samandar Yuldashev va O'zbekistonning Yekaterinburg shahridagi konsuli Ulug'bek Hallakov mazkur yig'ilishda qatnashdilar. Yig'ilishda mezbonlar tomonidan Sverdlovsk viloyati Halqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining 1-xalqaro bo'limi etno-iqtisodiy aloqalar va konfessiyaviy munosabatlar bosh mutaxassisi Pavel Kox va Sverdlovsk viloyati ichki siyosat boshqarmasining ekstremizmning oldini olish bo'yicha ishlarni tashkil etish bo'limi boshlig'i Ivan Paderin ishtirok etdi.
O'zbekiston delegatsiyasi O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining Ural musulmonlariga salom va duolarini etkazishdi. O'zbekiston imom-xatiblari delegatsiyasining Ural musulmonlari diniy idorasi taklifiga binoan dindoshlariga yot g'oyalar tashviqotiga qarshi profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish bo'yicha Yekaterinburgga tashrifi bilan boshlangan bugungi hamkorlikdan mamnunligini bildirdi.
Muftiy Abdulquddus Asharin mehmonlar uchun Markaziy muftiylik qarorgohi bo'ylab tashrif uyushtirdi va Yekaterinburgda markaziy jome masjidi qurilishi rejalari haqida so'zlab berdi.
Tomonlar O'zbekistondagi qadamjolarga safar qilish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish, O'zbekiston va Ural musulmonlari o'rtasidagi do'stona aloqalarni mustahkamlash, qo'shma ta'lim tadbirlari bo'yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati.
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati