Dunyodagi mashhur “Al-Azhar” islom universiteti Tailandda dinlarning tinch-totuv yashashni targ'ib etishiga bag'ishlangan konferentsiya o'tkazishni rejalashtirmoqda. Unga jahonning yirik diniy konfessiyalar rahbarlari taklif etiladi, deb xabar bermoqda, “Arab News” nashri.
Anjumandan ko'zlangan maqsad – o'zaro birdamlikni mustahkamlash, dinlar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, tinchlik va bag'rikenglik masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Mazkur xalqaro tadbirni muvofiqlashtirish maqsadida “Al-Azhar” majmuasi raisi, doktor Ahmad at-Toyyib Bangkokda Tailand qiroli Maxa Vajiralongkorn va qirolicha Suthida bilan suhbatda bo'ldi.
Uchrashuvda “Al-Azhar” universitetida tailandlik talabalar sonini oshirish va mamlakatdagi islom markazlariga universitet dasturiga muvofiq dars o'tishga ruxsat berish bo'yicha kelishuvga erishildi, deb yozadi, “Arab News”.
Bundan tashqari, doktor Ahmad at-Toyyib Tailandda arab tilini o'rganish markazlarini ochishga tayyorligini ma'lum qildi va Tailand imomlarini “Al-Azhar”da malaka oshirish uchun o'qishga taklif qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati