Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

VIRTUAL FIRIBGARLARDAN OGOH BO'LING!

12.07.2024   4952   4 min.
VIRTUAL FIRIBGARLARDAN OGOH BO'LING!

Mazkur maqola orqali barcha yurtdoshlarimizga hozirgi kunda tez-tez uchrab turgan virtual firibgarlik haqida oz bo'lsada ma'lumot berishni va shuning asnosida o'zlarini ulardan himoya qilish yo'llarini eslatib o'tishni maqsad qildik.

Bizning asrimizga kelib ilm-fan va texnika yuksak cho'qqilarni zabt etdi. Va buning muqobilida ba'zi insonlar olgan bilimlaridan noto'g'ri maqsadda foylanish yo'lini tutdilar. Bugungi kunda tez-tez qulog'imizga chalinib turadigan bank plastik kartasidan o'z-o'zidan pullarni yo'qolib qolishi, yoki turli xil aktsiyalar bahonasida plastik kartalardagi ma'lumotlarni o'zlashtirib olish holatlari ko'payib qoldi. Ular o'zlarining g'arazli niyatlarini amalga oshirish uchun prezident farmonlari yoki katta-katta aktsiyador korxonalarning nomlaridan ham foydalanishadi. Bundan ko'zlagan masadlari o'z qurbonlarini ishontirishdir. Ular qanday yo'l tutishini quyida bilganimizga sizlarga aytib o'tamiz:

  • 1. Sizga telefon qilib o'zlarini CLICK evolution kompaniyasining xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtirishadi va sizning plastik kartangizga hozirgina xakkerlik hujumi bo'lganligini aytishadi (juda ko'pchilik bunga osongina ishonishadi). Keyin, ular biz sizga sms kod yubordik shu kodni aytsangiz plastik kartangizga himoya o'rnatib beramiz deyishadi. Kodni aytgan odam esa plastik kartasidagi barcha pullarini o'g'irlatib qo'yganini keyin sezib qoladi. Bu firibgarlarning eng yomon tomoni hozircha bundaylarni kimligini topishning imkoni yo'qligidir.

Bunday paytda qanday yo'l tutish kerak? Sizga telefon qilishdi va o'zlarini mazkur kompaniyadan deb tanishtirishdi shu zahoti bilingki, bular firibgarlar. Imkoni boricha bular bilan muloqotga kirishmang va telefongizga kelgan sms kodni hech kimga ayta ko'rmang.

  • 2. Keyingi firibgarlik, telefoningizga sms tariqasida yoki telegram kanallaridan prezident farmonlarini asos qilib aholiga pul tarqatilayotganini juda ishonchli qilib bayon etishadi yoki sizga katta aktsiyadorlik kompaniyasidan yutuq chiqqanini aytishadi va u pul yoki yutuqni plastik kartangizga yuklab olishingiz uchun sizga saytga kirish uchun havola (ssielka) yuborishadi. Agar siz mazkur havola orqali saytga kirsangiz va plastik karta raqamlarini tersangiz bor pulingizdan mahrum bo'lasiz.

  • 3. Navbatdagi o'g'irlik, agar siz internet do'konlar orqali biror mahsulotingizni sotmoqchi bo'lib reklama qo'ysangiz masalan, OLX.uz ilovasi orqali biror moddiy qiymatdagi buyumni sotmoqchisiz. Sizga o'zlarini xaridor sifatida tanishtirib maxsulot pulini plastik kartangizga o'tkazib berishlarini va mahsulotni pochta orqali yuborishingizni iltimos qilishadi. Shu o'rinda ular sizga telefoningizga kelgan maxfiy sms kodni aytganingizdan keyin pul o'tkaza olishlarini uqtirishadi. Bunday holatda bilingki bular firibgarlar va aslo maxfiy kodni ayta ko'rmang.

Yana bir ma'lumotni aytib o'tishni burchimiz deb bildik, agar sizga biror bir inson ehson tariqasida sizga moddiy yordam berish uchun plastik kartangiz ustidagi 16 talik raqamlarni yuborishni so'rasa mayli u inson do'stingiz bo'lsa ham plastik kartangizni rasmga olib yubormang. Faqat 16 talik raqamlarni yozib yuboring xolos. Agar, vaqtingiz ziq bo'lib rasmga olib yuborsangiz ham karta ustidagi amal qilish muddatini yashiring. Misol uchun sizning kartangiz amal qilish muddati deylik, 04/28 aynan mana shu raqamlarni yashiring.

O'ylaymizki, oz bo'lsada kerakli ma'lumotlarni sizlarga etkazdik. Musulmon odam doimo o'ziga xushyor va o'zgalarga nisbatan bir qadar hamiyatli bo'lmog'i lozim.

Mir Arab oliy madrasasi matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   38803   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari