Sarlavhadan ma'lum bo'lganidek, siz va bizga bir mazhabga ergashish vojib. Mazhabni ushlamaslik oxiri dinsizlikka olib boradi. Gapimnig tasdiqi o'laroq Ramazon Butiy rahimahullohi alayh “Mazhabsizlik dinsizlikka ko'prikdir” kitobida “Biz bu kabi holatga tushgan juda ko'p insonlarni ko'rdik. O'zlaricha bir nechta hadisni ma'nosini bilib olib: “Men o'zim Qur'on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”,-deb, borib borib beqaror insonlarga aylanishdi. Bir ish borasida o'zining foydasiga nima dalil kelsa o'shani ushlab olaveradi. Hatto eng chekkadagi zaif qavllarni ham ushlab, nafsi xohlagan narsani qilib ketadigan bo'lib qolishdi. Alkash bo'lib ketganlari qancha. Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh o'zlarining “Malfuzot” kitoblarida Hindistonda mazhabsizlikni targ'ib qilgan bir muhaddisni “Men 25 yillik tajribam asosida shuni bildimki, hozirgi davrda biror mazhabni tutmaslik oxir oqibat dinsizlikka olib borar ekan” degan gaplarini iqtibos keltirgan.
Din dushmanlari bu ummatni to'g'ridan-to'g'ri dindan olib chiqib ketishni uddasini qilolmagach, oxiri mazhabsizlik g'oyalarini targ'ibotini boshlashdi. Buning uchun ba'zi sanoqli masalalardagina o'z mazhabidan chetga chiqqan hanbaliy mazhabidagi Ibn Taymiya rahmatullohi alayhni asos qilib olishdi. U kishi hanbaliy mazhabida bo'lib, bir yuz oltitagina aqoid va ibodatga tegishli ba'zi masalalarda mazhabdan tashqariga chiqqanlar. Boshqa hammasida hanbaliy mazhabini mahkam ushlaganlar. Lekin U kishi ham o'zlaridan avvalgi ulamolarni kofirga chiqargan emaslar. Hatto Boyazid Bistomiy, Abdulqodir Jiloniy kabi tasavvuf mashoyixlarini ham maqtov bilan zikr qilganlar. Mazhabdan chiqqan o'rinlarda ummat ulamolarining qattiq raddiyalariga uchraganlar. Demak, xatolarining asosiy sababi- ular mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasligidadir. Alhamdulillah! Bizning diyorning aksar qismi hanafiylardan tashkil topgan. Imom Sha'roniy rahimahulloh shofe'iy mazhabida bo'lsalar ham: “Hanafiy mazhabini tekshirib chiqdim va sahih hadislarga bino qilingan holatda topdim”.
Mazhab imomlarimizdan ham, bu mazhabni bizga etkazgan buyuk mujtahid allomalarimizdan ham Alloh rozi bo'lsin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV