O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning “Islom fiqhi asoslari” nomli kitobi nashrdan chiqdi.
Mazkur kitobda islom fiqhining paydo bo'lish tarixi va ildizlari haqida bayon etilgan. Islom shariatining o'ziga xos xususiyatlari haqidagi ushbu kitobning yozilishidan maqsad dinimiz voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga ham muvofiq kelishini ilmiy asoslashdan iboratdir.
Hijriy ikkinchi va uchinchi asrlarga kelib mujtahid ulamolar tomonidan Islom shariati ahkomlarini o'zida ifodalovchi mazhablarga asos solindi. Jumladan, Ko'fada Imom Abu Hanifa, Madinada Imom Molik, Hijozda Imom Shofe'iy va Bag'dodda Imom Ahmad rahimahumulloh o'zlaridan avvalgi zotlarning ta'limi asosida keyingi avlodga shariat ahkomlariga amal qilishning yo'l-yo'riqlarini ko'rsatib berdilar.
Ularning ilmiy asosga ega usullari va joriy qilgan qoidalari hozirgacha o'z ahamiyatini yo'qotmay kelayotgani mavjud mazhablarning naqadar puxta va mustahkam ekaniga dalolat qiladi. Ushbu kitobda mavjud to'rt mazhabning aynan Qur'on va sunnatga asoslangani va dinimizning zamonlar osha yuzaga keladigan muammolarini hal qilishda aynan mazhab ulamolari joriy qilgan usul va qoidalarga asoslanishi ham bayon etilgan.
Alloh taolo ushbu kitobni ilm talabida bo'lgan kitobxonlarga manfaatli aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.