Shu yil 27-28 iyun' kunlari Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumi bo'lib o'tmoqda. Unda turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Nufuzli tadbir doirasida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o'rinbosari Tariq Ali Baxit, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Halqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'ofurov yangi bog'ni ochib, unga manzarali daraxt ko'chatlarini o'tqazdilar.
Tadbir Qur'on tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
So'zga chiqqan Zayniddin domla O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlarining forum ishtirokchilariga yo'llagan tabrik va qutlovlarini o'qib eshittirish barobarida xayrli tilaklarini bildirdilar.
Shuningdek, forumda yurtimizda yoshlar ta'lim-tarbiyasiga qaratilgan e'tibor, ularni har tomonlama etuk shaxs qilib kamol topishlari borasida olib borilayotgan xayrli ishlar, xususan, diniy ta'lim muassasalarida talaba-yoshlar o'qib-o'rganishlari uchun qilingan shart-sharoitlar to'g'risida so'z yuritildi.
Tadbirda yurtimiz va xorijlik mutaxassislar o'zaro tajriba almashish barobarida ushbu yo'nalishdagi yangilik va ilmiy tadqiqotlardan bahramand bo'ldi.
Ertaga, 28 iyun' kuni mazkur tadbirning ikkinchi bosqichi o'tkaziladi.









O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati