Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

MATBUOT VA OAV HODIMLARI QUTLANDI

27.06.2024   4041   1 min.
MATBUOT VA OAV HODIMLARI QUTLANDI

Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasida 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda matbuot, televideniye, radio, internet saytlari xodimlari, blogerlar hamda Diniy idoraning hududiy vakillari Matbuot xizmati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Qur’oni karim tilovati va ezgu duolar bilan boshlandi.

Yig‘ilgan hamkor OAV xodimlari, jurnalistlar, internet saytlari muharrirlariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qutlovlari yetkazilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Fatvo markazi ulamosi Muhammad Ayyubxon domla Homidov so‘z olib, ijod ahlini muborakbod etib, Haq taolodan barcha yig‘ilganlarga sharafli va mas’uliyatli ishda muvaffaqiyatlar, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik va fayzu baraka tiladi.

Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori OAV vakillarini bayram bilan qutlab, mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati tahsinga loyiq ekanini bildirib, muborak dinimizni keng yoyish, diniy-ma’rifiy ishlarni xalqimizga to‘laqonli yetkazishda ijod ahlining juda ham katta o‘rni borligini alohida qayd etdi.

Yig‘ilganlar e’tibor va ehtirom uchun tashakkur izhor etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

02.09.2026   2309   3 min.
Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

Avvalo, Aziz qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarimni, hurmat va ehtiromimni izhor etaman.

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, qalblarimiz bir-biriga eng yaqin xalqlardanmiz. Mustahkam birodarlik rishtalarimiz mavjud. Umumiy tariximiz, madaniy merosimiz va qadriyatlarimiz bor. O‘zbekiston bizning ota yurtimizdir.

Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy darajada mustahkamlanib, izchil rivojlanmoqda.

Bunga misol sifatida joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng tarkibdagi delegatsiya bilan Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini keltirish mumkin. Ushbu tashrif doirasida Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi hamda Hatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun barpo etilgan “O‘zbekiston mahallasi”ning ochilish marosimlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.

Hurmatli birodarim – O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan birgalikda Hatay viloyatining Arsuz tumanida joylashgan “O‘zbekiston mahallasi”ga nom berish marosimida ishtirok etdik. Marosim samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, Turkiyada yuz bergan zilziladan keyin O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beqiyos qardoshlik yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.

“O‘zbekiston mahallasi” va “O‘zbekiston maktabi” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning abadiy ramzlariga aylandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan taraqqiyotni biz har bir tashrifimizda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki fikr, falsafa, ilm-fan va san’at sohalarida ham Islom sivilizatsiyasining Uchinchi Renessansi sari dadil qadam tashlamoqda.

Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli va samarali rahbarligini alohida e’tirof etaman hamda unga chuqur hurmatimni bildiraman.

Ishonamanki, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Islom olami uchun yangi yuksalish davrining boshlanishi bo‘ladi.

Buyuk madaniy merosga ega O‘zbekiston Alisher Navoiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ali Qushchi va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetishtirgan zamindir. Bu yurt ilm-fan, falsafa, astronomiya va boshqa ko‘plab sohalarda insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos meros qoldirgan.

Shu bilan birga, islom ilmlari sohasida ham O‘zbekiston ulkan ma’naviy boylikka ega. Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk tasavvuf ulamolarining merosi ushbu zaminning Islom tafakkuridagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi butun islom olamining bebaho boyligi hisoblanadi.

Umid qilamanki, O‘zbekiston ilm-fan, taraqqiyot va ma’rifat sohasidagi yutuqlari orqali nafaqat o‘zining yanada yuksalishiga, balki Turk dunyosi va butun Islom olamining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shishda davom etadi.

Yana bir bor aziz O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti va xalqaro maydondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo o‘zlariga sihat-salomatlik, uzoq va barakali umr ato etsin hamda O‘zbekiston xalqi, Turk dunyosi va Islom olami yo‘lida yanada ulkan xizmatlarni amalga oshirish nasib qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari