O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "Firdavs" jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovning volidai muhtarmalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O'z mag'firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o'zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Baxtiyor domlaga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar masalalarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 9 sentyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Unda masjidlar ochilishi, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy va uy-joy masalalari hamda moddiy yordam so‘rab qilingan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqotlar jarayonida oilaviy masalalar yuzasidan shar’iy yechim va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizga belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, boshqa masalalar ham vakolat doirasida ko‘rib chiqilib, mas’ullar tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar olishdi.
Bu kabi qabullar aholining diniy va ijtimoiy muammolarini tezkor hamda manzilli hal etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati