Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislaridan birida shunday deyiladi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan "Qabrlarni zyorat qilinglar chunki u sizlarga oxiratni eslatadi" Ibn Moja rivoyati.
Qabr ziyorati payg‘ambarimiz tomonlaridan ruxsati berilgan amallardandir. Ulamolar, valiy va solih zotlarning qabrlarini ziyorat qilish hukman boshqa qabrlar ziyorati kabi bo‘ladi, shar’an bu amal sunnat va fazilatli ishlardan hisoblanadi. Albatta qabr ziyoratining ziyoratchiga ham qabr sohibiga ham foydalari bordir.
Ziyoratchiga bunda ibrat, eslatma olish, duolarining qabul bo‘lish ehtimoli bo‘lsa, qabr sohibiga esa salomning foydasi, haqiga duo qilinishi va uning shodlanishi bor.
Shayx Abdulloh al Ajmiy aytadi: "Qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardandir, biz nubuvvat oilasi vakillari, biror avliyo yoki yaqinlarimizdan birining qabri oldida nima qilmog‘imiz kerak? Albatta duo, salom va zikr qilmog‘imiz lozim. Chunki biz tabarruk joyda turibmiz ro‘paramizda Allohga suyuklilardan birining qabri turibdi, bu ishni (ya’ni qabr ziyorat qilish, salom aytish va u yerda duo qilishni) harom yoki gunoh deydiganlarning gapiga e’tibor bermaymiz, zero qabrlarni ziyorat qilish, salom berish nabaviy sunnatlardandir.
Abu Sa’iyd al Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi "Qabr jannat bog‘laridan bir bog‘dir yoki do‘zah chohlaridan bir chohdir". Imom Termiziy rivoyati. Demak avliyolar va solihlarning qabrlarini ziyorat qilib unda duo qilinsa go‘yo jannat bog‘lari atrofida duo qilingandek bo‘ladi va duo ijobat bo‘ladi, inshaalloh!
Solih zotlarning, avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishda foyda bordir.
Qabr ziyorati bid’at, unda duo qilish harom deydiganlar bu ishni salaflar qilmaganlar, bu keyin paydo bo‘lgan ish, shuning uchun joizmas deb da’vo qiladilar, ammo, Rasulimiz bu ishni qilganlar, Oisha onamiz va sahobalar, tobe’inlar bu ishni qilishgan. Manbalarda keladiki:
Qadim davrlarda Samarqand aholisi qurg‘oqchilikdan shikoyat qilib o‘z davrining shayxlaridan biriga maslahat uchun borishadi, shunda shayx u jamoani qayerdan kelganini so‘raydi, ular Samarqanddan ekanini aytadilar, shunda shayx "sizlar tomonda imom Buxoriyning qabrlari borku, shu zotni ziyorat qiling va shu zotni vasila qilib Allohga duo qiling hojatingiz yechiladi" deydi. Aholi shayxning aytganini qilishadi va diyorlari suvga serob bo‘ladi. Alloh ajdodlarimiz buyuk zotlarning barakotidan yurtimizga abadiy tinchlik, salomatlik, rizqimizga kenglikni nasib etsin.
Rasulxon Ubaydullayev,
Namangan shahri “Yahyoxon to‘ra” jome
masjidi imom noibi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati tuman-shahar bosh imom-xatiblari va otinoyilari ishtirokida tahliliy yig‘ilish o‘tkazdilar.
Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Burhonjon Qo‘ldoshev, soha mas’ullari va bosh imom-xatiblar ishtirok etib, hududda amalga oshirilgan xayrli ishlar va oldinda turgan dolzarb vazifalarni muhokama qildilar.
Majlisda Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi masjidlar, Qur’on kurslari va majmualar barpo etilayotgani, xususan, joriy yilda Qo‘qon shahrida “Masjidul Latif”, Qo‘shtepa tumanida “Umar ibn Xattob” hamda Yozyovon tumanida “Al Farg‘oniy” jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, Qo‘qonda yangi tajvid kursi ish boshlaganini alohida e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan 42 mingta ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, 6 500 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgani, 6 000 nafar migrant oilalari holidan xabar olingani hamda 400 ta ajrim yoqasidagi oila yarashtirilgani ijobiy baholandi.
Shuningdek, homiylar va imomlar tashabbusi bilan ehtiyojmandlarga 3 mlrd so‘mlik va madrasalarga 136 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilib, 3 ta oilaga yangi uy qurib berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu bilan birga, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Imom-xatiblarga aholi orasida targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirish, Mustaqilligimizning 35 yilligi va «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida masjidlarni obod qilish topshirildi.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish va ijtimoiy tarmoqlarda notiq imom-xatiblar tomonidan tayyorlangan videoma’ruzalarni keng tarqatib, axborot makonida sog‘lom e’tiqod muhitini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Muftiy hazratlari har bir xodim o‘zini shariat xodimi sifatida anglab, taqvo, halollik va yuksak mas’uliyat bilan xalqimizga xizmat qilishi lozimligini uqtirdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi mutaxassislari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati