Alloh taolo olamlarni bunyod etgandan co'ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg'asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko'paytirdi.
Rivoyat etilishicha, odamzotning ko'ngliga 3 narsa urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan.
Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.
Inson ko'ngliga urmaydigan ikkinchinarsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon.
Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug' narsa bu kitob ekan. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Ikra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so'zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e'tiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma'naviyati bo'lmish milliy va diniy kadriyatlarimiz esa bularning hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan kimmat, bebaxo va abadiy qadriyatlarimiz, engilmas kuchimizdir!
Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan, demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»; «maorif» degan ma'nolarni anglatadi.
Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.
Islom dini paydo bo'lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo'lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma'rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O'z ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.
Yaxshilik va ezgulik, bag'rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo'lish, qon to'kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo'lish, dunyodan o'tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da'vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o'z qadrini hamda o'zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma'noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.
Bizning qadimiy va go'zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon tsivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo'lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e'tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar etishib chiqqani, umumbashariy tsivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog'liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga etgan ulug' allomalarning hizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g'urur va iftixor bag'ishlaydi.
Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:
1) ota;
2 ) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o'rgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);
5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;
6) mo'ysafid odam;
7) adolatli rahbar.
Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni xurmatlashga targ'ib etadi.
Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos.
Bizning dono xalqimiz
«Ustoz – otangdek ulug'»,
«Usta borida qo'lingni tiy,
Ustod borida – tilingni»,
«Usta bo'lsang, ustozingni unutma»,
«Ustozingga tik qarasang, to'zasan,
Hurmat qilsang, asta-asta o'zasan»,
deb bejiz aytmagan.
Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O'ZI bo'lsa
“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: “Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!” (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat),
musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!
Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug'ilishi bilanoq to ota-onaning o'zi bu dunyodan o'tmaguncha, o'z farzandiga mehribonlik qilib o'tadi...
Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.
Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar... Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga serqirrali e'tiborimizni berishimizda quyidagi purma'noli, sermazmunli tarafini ham e'tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.
Shunchalik ulug' (!) darajaga ustozning mavqe'i ko'tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o'rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e'zozlab «USTOZ» deydi.
Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
O'shanda Navoiy otidan tushib,
O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.
Mulozimlar hayron, a'yonlari lol –
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir a'yon qo'lini ko'ksiga qo'yib,
So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki, men ko'rgan bola
Ustozim – bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun otadan ulug',
Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim – gunohu azim!
Qur'oni karim oyati karimalari va muborak hadisi shariflarga asoslangan holda o'quvchini o'qituvchiga nisbatan muomalayu madaniyatni shariatimiz belgilab bergan:
1) O'qituvchiga birinchi bo'lib salom bering!
2) O'qituvchi oldida mavzuga oid bo'lmagan ortiqcha gap-so'zlar gapirmang!
3) O'qituvchi so'ramagan narsalardan tilingizni tiying!
4) Savol berishdan oldin ruxsat so'rang!
5) O'qituvchining gapiga yoki javobiga e'tiroz bildirmang!
6) O'qituvchi xatosini aytib, bilimdon ekanligingizni ko'rsatmang!
7) O'qituvchi oldida yon sherigingiz bilan suhbatlashish juda xunuk ishdir.
8) O'qituvchisini hurmat qilgan o'quvchi har tarafga qarab o'tirishdan o'zini tiyadi va diqqatini o'qituvchisiga qaratadi.
9) Yurayotgan holatda savol berish hurmatsizlik hisoblanadi.
10) O'qituvchi o'rnidan turdimi, siz ham turing!
11) O'qituvchi oldingizda ekan, hech ham baland ohangda gapirmang!
12) Iloji bo'lsa o'qituvchiga ism-sharifi bilan emas, balki "Muallim" yoki "Ustoz" deb murojaat qiling!
Agar inson bilim yo'lida ketayotgan ekan, Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning nurlari tomon borayotgan ekan, bu asosiy qoidalarga rioya qilishi lozim.
Ba'zida odob, hurmat qoidalariga bo'ysinmay, o'qituvchisidan bilim olayotganlar ham bor.
To'g'ri, inson o'qituvchisini oldida kitob o'qishi, biror-bir hunar o'rganishi yoki fan bilimlarini olishi mumkin. Lekin ustoziga hurmat bo'lmasa, bu kabi bilimlar oddiy ma'lumotga aylanadi. Bunday bilimda baraka bo'lmaydi!
Azozil ismli farishtani eslaylik. Hozir uning ismi Shayton. Bilimga ega, hattoki boshqa farishtalarga ham saboq bergan. Ho'sh, shunday bilimlar to'g'ri yo'ldan adashishidan Azozilni qutqarib qola oldimi? Yo'q, chunki Allohni hurmat qilmadi, e'tiroz bildirdi. Beodoblik qildi. Yaratganning buyrug'iga bo'ysinmadi. Betgachoparlik qilib, mag'rurligini namoyon etgani uchun la'natlangan va xaydalgan.
Hozirgi kunda odamlarni nojo'ya yo'llarga etaklayotgan, jamoatda qarama-qarshi qarashlar paydo qilayotgan, o'zlari ham adashgan "aqlli"lar qanday paydo bo'lganini anglab olishimiz mumkin. Bular ustoziga va boshqa olimlarga nisbatan odobni qo'llamagan, hurmatni bilmagan, o'z bilimlarini to'g'ri yo'lga sola olmaganlardir.
Ulamolarimizning aytishlaricha, 7 xil insonlar o'rtasida hech qachon tenglik bo'lmas ekan.
Bu tengsizlikni ALLOH TAOLONING O'ZI (❗️) o'rnatgan! Aqlsiz odamgina bularni tenglashtiradi:
1) erkak – ayol;
2) er – xotin;
3) ustoz – shogird;
4) katta – kichik;
5) ota-ona – farzand;
6) ilmli – ilmsiz;
7) rahbar – xodim.
ALLOH TAOLONING O'ZI (❗️) o'rnatgan tengsizlikni buzishga harakat qilganni oxir-oqibat ALLOH TAOLONING O'ZI holini voy qiladi.
Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinadi:
“Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog'imni uzatmaganman.
Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi.
Ustoz Hammodning vafotlaridan so'ng qachon namoz o'qisam, har safar albatta ota-onamga qo'shib, u zotga ham Allohdan mag'firat so'rayman.
Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o'rgangan bo'lsam yoki kimdir menga nimadir o'rgatgan bo'lsa, albatta o'sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag'firat so'rayman”.
Dono xalqimizni o'z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan. Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'xlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni barchamizga nasib etsin!
IbrohimjonINOMOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqqa yaqin bo‘lgan bandalarning oldida dunyoning chin haqiqati ochilib bo‘lgandir. Ular uning qanchalar haqir va arzimas ekanligini yaxshi biladilar. Shuning uchun unga ahamiyat ham e’tibor ham bermaydilar. Naql qilishadiki, bir gal janobimiz hazrati Ali ibn Abu Tolib karamallohu vajhahu qabristonga kelib uning ahliga yuzlangan holda dedilar:
– Assalomu alaykum, ey qabr egalari! Sizga tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Siz o‘z dunyoyingiz yangiliklaridan xabar berasizmi yo biz o‘zimiznikidan aytaylikmi?
Bunga javoban shunday ovoz eshitildi:
– Sizga ham tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Bizdan so‘ng nimalar bo‘lgani haqida avval siz gapirib bering!
Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu davom etdilar:
– Mulkingiz taqsimlandi, xotinlaringiz erga tegib, bolalaringiz yetim bo‘lib qolishdi, mustahkam uylaringizga dushmanlaringiz kirib, joylashib olishdi. Bizda shunaqa yangiliklar. Sizdachi?
Yana o‘sha ovoz javob qaytardi:
– Kafanlarimiz ado bo‘ldi, sochlarimiz to‘kilib, badanlarimiz bo‘laklarga bo‘lindi, ko‘zlarimiz, burunlarimiz yonoqlarimizdan oqib tushib, chirib ketdi. Dunyoda ne qilgan bo‘lsak, bu yerda o‘shanga yarasha (muqobili)ni topdik, o‘zimizdan so‘ng qoldirgan dunyolarimiz uchun esa, hasratdamiz. Qilgan ishlarimizning tutqunlarimiz.
Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu deydilar:
“Bordiyu menga butun dunyoni qiyomat kunida hisobini bermaslik sharti bilan taklif etishganlarida ham qabul qilmagan bo‘lardim. Men uchun bu dunyo hatto yonidan o‘tilganda ham kiyimni bulg‘ab qo‘yishi mumkin bo‘lgan bir o‘limtik kabi manfurdir!”.
Ibrohim Adham quddisa sirruhu go‘sht narxi oshayotganini bilib:
– Arzonlashtiring, ya’ni umuman sotib olmang! – dedilar.
Shunday qilib ahli tariqatlar quyidagi xulosaga keldilar:
“Kimki dunyoga muhabbat va havas ko‘zi bilan boqsa, Alloh uning qalbidan zuhd va yaqin (chin ishonch) nurini tamomila olib qo‘yadi ”.
Abul-Husayn Havvoriy quddisa sirruhu-dan dunyo lazzatiga ko‘ngul bermaslik va undan qutilish haqida so‘raganlarida, u zot quddisa sirruhu shunday javob berdilar:
– Zuhd – bu dunyoga tahqir ko‘zi bilan qarash hamda undan batamom, oxirgi haddigacha, sharaf bilan voz kechishdir.
Hurmatli janobimiz, qutbul – orifiyn Sayyid Ahmad Husayn quddisa sirruhu “Al Iqd an-nafis” kitobida yozadilar:
“Alloh Muso alayhissalomga dedi: “Agar Senga faqirlik yetgan bo‘lsa: “Marhabo, xush kelibsan, ey solihlar sifati!” deb, kutib olgin. Agar dunyo kelganini ko‘rsang: “Bu gunohlarim sababli shu dunyoning o‘zidayoq yetgan balo!” deb hisoblagin”.
Hadisi sharifda marhamat etiladi:
“Sizlar qanoatli bo‘linglar! Chunki qanoat bitmas-tuganmas boylikdir” (Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Tabaroniy rivoyati)
Solihlardan birlari debdilar:
“Qanoat, mening fikrimimcha, mabodo uchrab qolsa, yaxshi pishgan va yaxshi pishmagan arpa nonini farq qilmaslik hamda o‘shanda ham namoziga quvvat bulgunchalik miqdorda tanovul qilish bilan kifoyalanishdir”.
Salafi solihiyn qazo bo‘lgan bolasi uchun motam tutib yig‘lab, qazo bo‘lgan namoziyu umri uchun afsus chekib yig‘lamagan insonni, nodon, ahmoq deb bilgan ekanlar. Aslida bunday odam go‘yo shunday deyayotgan kabi: “Meni Allohimdan chalg‘itgan narsa uchun yig‘layapman”.
U aksincha, bu holdan xursand bo‘lib, batamom Allohga yuzlanishi kerak edi, chunki Parvardigor uni mashg‘ul qilib turgan narsadan qutqarib, O‘ziga yaqin bo‘lish uchun imkoniyat yaratib beryapti.
Darhaqiqat, bolalar, ayollar, xizmatkoru do‘stlar sen o‘lib qolguday bo‘lsang, sen uchun yig‘lamaydilar, balki sendan olishlari mumkin bo‘lgan narsani yo‘qotganlari uchun yig‘laydilar xolos. Shu sababli ulardan avvalroq: “Men uchun yig‘lashlaridan oldin Allohdan olishim mumkin bo‘lgan narsalarni olish imkoniyatini qo‘ldan berganim sababli o‘zim uchun o‘zim yig‘laganim yaxshiroqdir”, deb aytib, o‘zing yig‘la.
Alloh kimnidir o‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib qo‘yadi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.