Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447

Ustoz otangdan ulug'!

01.10.2023   2573   19 min.
Ustoz  otangdan  ulug'!

 

Alloh  taolo olamlarni bunyod etgandan co'ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg'asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko'paytirdi.

Rivoyat etilishicha, odamzotning ko'ngliga 3 narsa urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan.

Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.

Inson ko'ngliga urmaydigan ikkinchinarsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan.  Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo  ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon.

Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug'  narsa bu kitob ekan. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Ikra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so'zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e'tiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji  – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma'naviyati bo'lmish milliy va diniy kadriyatlarimiz esa bularning   hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan kimmat, bebaxo va abadiy qadriyatlarimiz, engilmas kuchimizdir!

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»; «maorif» degan ma'nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Islom dini paydo bo'lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo'lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma'rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O'z ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bag'rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo'lish, qon to'kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo'lish, dunyodan o'tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da'vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o'z qadrini hamda o'zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma'noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.   

Bizning qadimiy va go'zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon tsivilizatsiyasi  beshiklaridan biri bo'lganini xalqaro  jamoatchilik tan olmoqda va e'tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar etishib chiqqani, umumbashariy tsivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga  aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog'liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga etgan ulug' allomalarning hizmatlari  beqiyos ekani bizga ulkan  g'urur va iftixor bag'ishlaydi.

Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2 ) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o'rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);

5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;

6) mo'ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham  insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni xurmatlashga targ'ib etadi.

Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos.

         Bizning dono xalqimiz

      «Ustoz – otangdek  ulug'»,

«Usta borida qo'lingni tiy,

Ustod borida – tilingni»,

 

          «Usta bo'lsang, ustozingni unutma»,

       «Ustozingga tik  qarasang, to'zasan,

                                              Hurmat qilsang, asta-asta o'zasan»,

deb bejiz aytmagan.

Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O'ZI bo'lsa

“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: “Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!”  (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustoziPAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustoziuning  OTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug'ilishi bilanoq to ota-onaning o'zi bu dunyodan o'tmaguncha, o'z farzandiga mehribonlik qilib o'tadi...

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.  

Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar... Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga serqirrali e'tiborimizni berishimizda quyidagi purma'noli, sermazmunli tarafini ham e'tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Shunchalik ulug' (!) darajaga ustozning mavqe'i ko'tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o'rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e'zozlab «USTOZ» deydi.

 

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

O'shanda Navoiy  otidan tushib,

O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.

Mulozimlar hayron, a'yonlari lol –

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

 

 

Bir a'yon qo'lini ko'ksiga qo'yib,

So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,

Salom berishi dushvor!»

Navoiy debdiki, men ko'rgan bola

Ustozim – bolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

Ustozim men uchun otadan ulug',

Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligim – gunohu azim!

 

Qur'oni karim oyati karimalari va muborak hadisi shariflarga asoslangan holda o'quvchini o'qituvchiga nisbatan muomalayu madaniyatni shariatimiz belgilab bergan:

 

1) O'qituvchiga birinchi bo'lib salom bering!

 

2) O'qituvchi oldida mavzuga oid bo'lmagan ortiqcha gap-so'zlar gapirmang!

 

3) O'qituvchi so'ramagan narsalardan tilingizni tiying!

 

4) Savol berishdan oldin ruxsat so'rang!

 

5) O'qituvchining gapiga yoki javobiga e'tiroz bildirmang!

 

6) O'qituvchi xatosini aytib, bilimdon ekanligingizni ko'rsatmang!

 

7) O'qituvchi oldida yon sherigingiz bilan suhbatlashish juda xunuk ishdir.

 

8) O'qituvchisini hurmat qilgan o'quvchi har tarafga qarab o'tirishdan o'zini tiyadi va diqqatini o'qituvchisiga qaratadi.

 

9) Yurayotgan holatda savol berish hurmatsizlik hisoblanadi.

 

10) O'qituvchi o'rnidan turdimi, siz ham turing!

 

11) O'qituvchi oldingizda ekan, hech ham baland ohangda gapirmang!

 

12) Iloji bo'lsa o'qituvchiga ism-sharifi bilan emas, balki "Muallim" yoki "Ustoz" deb murojaat qiling!

 

Agar inson bilim yo'lida ketayotgan ekan, Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning nurlari tomon borayotgan ekan, bu asosiy qoidalarga rioya qilishi lozim.

Ba'zida odob, hurmat qoidalariga bo'ysinmay, o'qituvchisidan bilim olayotganlar ham bor.

To'g'ri, inson o'qituvchisini oldida kitob o'qishi, biror-bir hunar o'rganishi yoki fan bilimlarini olishi mumkin. Lekin ustoziga hurmat bo'lmasa, bu kabi bilimlar oddiy ma'lumotga aylanadi. Bunday bilimda baraka bo'lmaydi!

Azozil ismli farishtani eslaylik. Hozir uning ismi Shayton. Bilimga ega, hattoki boshqa farishtalarga ham saboq bergan. Ho'sh, shunday bilimlar to'g'ri yo'ldan adashishidan Azozilni qutqarib qola oldimi? Yo'q, chunki Allohni hurmat qilmadi, e'tiroz bildirdi. Beodoblik qildi. Yaratganning buyrug'iga bo'ysinmadi. Betgachoparlik qilib, mag'rurligini namoyon etgani uchun la'natlangan va xaydalgan.

Hozirgi kunda odamlarni nojo'ya yo'llarga etaklayotgan, jamoatda qarama-qarshi qarashlar paydo qilayotgan, o'zlari ham adashgan "aqlli"lar qanday paydo bo'lganini anglab olishimiz mumkin. Bular ustoziga va boshqa olimlarga nisbatan odobni qo'llamagan, hurmatni bilmagan, o'z bilimlarini to'g'ri yo'lga sola olmaganlardir.

 

Ulamolarimizning aytishlaricha, 7 xil insonlar o'rtasida hech qachon tenglik bo'lmas ekan.

Bu tengsizlikni ALLOH TAOLONING O'ZI (❗️) o'rnatgan! Aqlsiz odamgina bularni tenglashtiradi:

 

1) erkak – ayol;

2) er – xotin;

3) ustoz – shogird;

4) katta – kichik;

5) ota-ona – farzand;

6) ilmli – ilmsiz;

7) rahbar – xodim.

 

ALLOH TAOLONING O'ZI (❗️) o'rnatgan tengsizlikni buzishga harakat qilganni oxir-oqibat ALLOH TAOLONING O'ZI holini voy qiladi.

 

Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinadi:

    

Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog'imni uzatmaganman.

 

Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi.

 

Ustoz Hammodning vafotlaridan so'ng qachon namoz o'qisam, har safar albatta ota-onamga qo'shib, u zotga ham Allohdan mag'firat so'rayman.

 

     Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o'rgangan bo'lsam yoki kimdir menga nimadir o'rgatgan bo'lsa, albatta o'sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag'firat so'rayman”.

Dono xalqimizni o'z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan. Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'xlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni barchamizga nasib etsin!

IbrohimjonINOMOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi

09.04.2026   4644   3 min.
Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sohibqiron Amir Temur tavallud topganining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.


Ma’lumki, Movarounnahrni yagona davlat sifatida birlashtirgan Sohibqiron poytaxti Samarqand bo‘lgan qudratli saltanat tuzdi. O‘zining dunyoga mashhur “Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning huquqiy mezonlarini belgilab berdi. Ilm-fan va madaniyat rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shib, Ikkinchi uyg‘onish davri – temuriylar Renessansiga asos soldi.


Uning davrida bunyod etilgan bebaho obidalar o‘zbek xalqining milliy g‘ururi va o‘lmas tarixiy merosi bo‘lib xizmat qilmoqda.


Bobomizning “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin”, deya ta’kidlagan hikmatli so‘zlari bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda yaqqol aks etmoqda.


Ushbu ulug‘ zot tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5 fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori qabul qilindi.


Hujjatga ko‘ra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.


Qaror ijrosi doirasida dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Raqamlashtirish orqali imkoniyatlari kengaytirilib, ekspozitsiyalari yangilandi, jumladan, xorijdagi to‘plamlardan xarid qilingan eksponatlar bilan boyitildi.


Jumladan, muzeyning birinchi qavatida “Buyuk Sohibqiron – Ikkinchi Renessans asoschisi” bo‘limi tashkil etildi. Ikkinchi qavatda esa sun’iy intellekt va “aqlli” texnologiyalar asosida Amir Temur davri va temuriylar haqida interaktiv ekspozitsiyalar joylashgan. Shuningdek, 3D formatdagi eksponatlar hamda xaritalar namoyish qilingan.


Davlatimiz rahbari Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etishning naqadar muhim ekaniga urg‘u berdi.


– Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi bo‘ldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi O‘zbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi – ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.


Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif asnosida Temuriylar tarixi davlat muzeyining mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.


President.uz

 

Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi Prezidentimiz yangilangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi
O'zbekiston yangiliklari