Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

22.05.2020 y. Muhtojlarga g‘amxo‘rlik – ulkan savob

14.08.2020   6766   8 min.
22.05.2020 y. Muhtojlarga g‘amxo‘rlik – ulkan savob

بسم الله الرحمن الرحيم

MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK – ULKAN SAVOB

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Alloh taolo bergan barcha narsalar bizlarga omonat bo‘lganidek, molu davlatimiz ham omonatdir. Alloh bergan bu molu davlatni O‘zi buyurgan va rozi bo‘ladigan joylarga sarflashimiz ayni muddaodir. Xayru ehson va sadaqa qilishda peshqadam va barcha ezgu ishlarda imkon qadar ko‘makchi va homiy bo‘lishga harakat qilish – musulmonning eng go‘zal sifatlaridan biri hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida xayr-ehsonning savobi ko‘pligi va fazilati ulkanligi haqida marhamat qiladi. Jumladan, Oli Imron surasida shunday degan:

لَنْ تَنَالُوا الْبِرَّ حَتَّى تُنْفِقُوا مِمَّا تُحِبُّونَ وَمَا تُنْفِقُوا مِنْ شَيْءٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ

(سورة آل عمران، الاية-92).

ya’ni: Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir (Oli Imron surasi, 92-oyat).

Yana bir oyati karimada Alloh taolo bu haqda shunday degan:

إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ

وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ.

ya’ni: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).

Oyatning zohiridan sadaqalarning barcha turlarini oshkora yoki pinhona berishning joizligi, ammo pinhona sadaqaning afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin ba’zi ulamolar farz yoki vojib sadaqalarni, ya’ni zakot, ushr, fitr sadaqasi va kafforatlarni oshkora bergan afzal, ixtiyoriy nafl sadaqalarni esa pinhona berilgani yaxshidir, deydilar. Zero, vojib sadaqalar pinhona berilsa, odamlarda zakot bermaydi, degan shubhalar tug‘ilishi mumkin. Ammo nafl sadaqalar ham ba’zida boshqalar ko‘rib o‘rnak olsin degan niyat bilan oshkora berilgani yaxshidir.

Infoq-ehson qilishning savobi borasida hadisi shariflarda ham juda ko‘p ma’lumotlar bordir. Xayri-ehsonning foydasi nafaqat bu dunyoda balki, qabr va qiyomatda ham borligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ الصَّدَقَةَ لَتُطْفِئُ عَنْ أَهْلِهَا حَرَّ الْقَبور، وَإِنَّمَا يَسْتَظِلُّ الْمُؤْمِنُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فِي ظِلِّ صَدَقَتِهِ

(رَوَاهُ الإِمَامُ الْطَبَرَاني عن عقبة بن عامر رضي الله عنه).

ya’ni: “Albatta sadaqa o‘z egasini qabr issiqligidan saqlaydi. Sadaqa qiluvchi mo‘min Qiyomat kuni o‘z sadaqasi soyasida turadi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

اَلصَّدَقَةُ تُطْفِئُ الْخَطِيْئَةَ كَمَا يُطْفِئُ الْمُاءُ النَّارَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه).

ya’ni: “...Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ulamolarimiz xayr-ehson – insonning  imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayr-ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham undan manfa’at umid qilmaydigan odamga imkoniyatidan kelib chiqib bir narsani beradi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"اَلصَّدَقَةُ بُرْهَانٌ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مسلم عن أبي مالك رضي الله عنه).

ya’ni: “Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni, imoni borligiga)” (Imom Termiziy rivoyatlari). Demak, xayri ehson qilish orqali kishi yana bir bor imonini mustahkamligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Qolaversa, hozirgi sinovli kunlarda xayru ehson qilish va imkon boricha o‘zgalarga yordam berishning savobi juda katta. Chunki hozir ehtiyojmand aholi nisbatan ko‘proq. Badavlat kishilar bu fursatni g‘animat bilib, imkoniyatdan foydalanib qolishlari, katta savoblarni qo‘lga kiritishlari ayni muddaodir. Chunki tezda Ramazon ham, bu sinovli kunlar ham o‘tib ketadi, keyin bunday bir ajru savob beriladigan fursatni topib bo‘lmaydi.

Xayr-ehson qilish bilan hargiz mol ozaymasligi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

"ثَلَاثَةٌ أُقْسِمُ عَلَيْهِنَّ، وَأُحَدِّثُكُمْ حَدِيْثاً فَاحْفَظُوهُ: "مَا نَقَصَ مَالُ عَبْدٍ مِنْ صَدَقَةٍ، وَلَا ظُلِمَ عَبْدٌ مَظْلَمَةً فَصَبَرَ عَلَيْهَا،

 إِلَّا زَادَهُ اللهُ بِهَا عِزًّا، وَلا فَتَحَ عَبْدٌ بَابَ مَسْأَلَةٍ إِلَّا فَتَحَ اللهُ عَلَيْهِ بَابَ فَقْرٍ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ عن أبي كبشة الأنماري رضي الله عنه).  

ya’ni: “Uch narsaga qasam ichaman: “Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Bir kuni Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhdan bir gadoy pul so‘ragan edi, u zot bir dirham ehson qildilar. Shunda u zotning ba’zi do‘stlari: “Bu gadoylar qovurilgan go‘sht va faluzaj (shirinlik) kabi taomlarni iste’mol qiladi. Unga bu pulning bir qismini bersangiz ham kifoya qilar edi”, –dedi. Shunda Abdulloh ibn Muborak: “Xudo haqqi, men ularni ko‘kat va nondan bo‘lak biror taom iste’mol qilmaydilar, deb o‘ylardim, siz aytgandek ular faluzaj va go‘sht yeydigan bo‘lsalar unda ularga bir dirham ozlik qiladi”, –dedilarda va o‘z xizmatkorlaridan biriga: “Gadoyni qaytarib kelgin-da, unga o‘n dirham berib yubor”, – deya amr qildilar.

Muhtaram jamoat! Ba’zi bir qo‘li uzun, boy kishilarni shunday deganlarini eshitamiz: “Odamlarga hayronman, juda ko‘pchilik oldimga har xil muammolar bilan kelib yordam so‘raydi. Birovdan yordam so‘ramasdan o‘zini-o‘zi eplasa bo‘lmaydimi?!” Bunday shikoyatni o‘rniga boy kishilar shunday deyishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi: “Shuncha molu davlatni odamlar ichidan tanlab menga bergan Allohga hamd va shukrlar bo‘lsin. Meni ko‘pchilik qiynalgan musulmonlarga yordam beruvchi kimsalar qatorida qildi. Meni birovlardan yordam so‘raydiganlardan qilmadi. Qo‘limdan kelganicha, imkon qadar birovlarga yordam beraman”. Chunki, Alloh xohlagan kimsani boy qiladi, xohlaganini esa kambag‘ar qiladi. Boyni muhtoj va muhtojni boy qilish Allohga nihoyatda osondir. Shunday ekan, birovga yordamimiz tegishidan xursand bo‘lishimiz va mana shunday martabani bergan Allohga doimo hamd aytib, bu ezgu ishda peshqadam va bardavom bo‘lishimiz kerak. Bu haqda  Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

"مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا، نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ، يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا، سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya’ni: “Kim bir mo‘mindan dunyo mashaqatlaridan birini  aritsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini dunyoyu oxiratda berkitadi, modomiki kishi birodarini yordamida ekan, Alloh uni yordamidadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shunday ekan, bitta amalga ko‘plab savoblar va’da qilingan Ramazondan foydalanib, xayr-saxovatni turli ko‘rinishda qilish mumkin. Masalan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam qilish, qarovsiz qolganlar, xususan boquvchisini yo‘qotgan oilalar, bemor va qariyalar holidan xabar olish ayni savobdir. Qolaversa, hozirgi karantin paytida muhtojlarga oziq-ovqat yoki dori-darmon kabi kunlik ehtiyojlarini yetkazib, ularni xursand qilish juda ulkan ajr hisoblanadi.

Alloh taolo kelayotgan Ramazon hayitini barchamizga muborak aylab, bizni ehson qiluvchi, saxiy va ko‘pchilikka yordami tegadigan kimsalar qatoridan qilib, ularga va’da qilingan savob va fazilatlaridan barchamizni bahramand aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jannatning misoli

26.08.2026   8924   3 min.
Jannatning misoli

“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli shuki, uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir” (Ra’d surasi, 35-oyat).


Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax bir­biriga o‘xshash emas.


Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).


Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.


Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.


Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.


Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.


Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.


Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.


Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan

Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Ibratli hikoyalar