Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

15.05.2020 y. Qadr kechasining fazilati

14.08.2020   2311   9 min.
15.05.2020 y. Qadr kechasining fazilati

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله فضل شهر رمضان على غيره من الشهور، وخصه بليلة القدر، التي هي خير من ألف شهر، والصلاة والسلام على نبينا محمد صلى الله عليه وسلم وعلى آله وصحبه أجمعين، أما بعد:

QADR KЕCHASINING FAZILATI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Ramazon oyining fazilatlaridan yana biri Qadr kechasini shu oyda bo‘lishidir. Qadr kechasining ulug‘ligi va undagi ajr-savoblarga  yilning boshqa oylaridagi biror-bir kecha teng kela olmaydi. Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni Bani Isroil payg‘ambarlaridan Ayyub, Zakariya, Huzayqiyl va Yusha’ ibn Nun alayhissalomlarni zikr qilib, “ular Allohga sakson yil ibodat qilganlar. Bu muddat davomida bir ko‘z ochib yumguncha ham gunoh ish qilmaganlar” deganlarida sahobai kiromlar bundan g‘oyatda ajablandilar. Shunda Rasululohning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Ummatingiz shundan ajablandimi? Alloh taolo sizlarga undan ko‘ra yaxshisini nozil qildi”, deb, quyidagi Qadr surasini vahiy orqali tushurganlar:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ  وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ  لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ  تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ  سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

 (سورة القدر/1-5)

ya’ni: “Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 1-5 oyatlar). 

Shundan keyin Jabroil alayhissalom: “Bu sezning ummatingiz ajablangan narsadan afzaldir”, dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va atroflaridagi sahobai kiromlar juda xursand bo‘ldilar.

Demak, Qadr kechasi uchun alohida bir to‘liq surani nozil bo‘lishi – bu kechaning naqadar ulug‘ ekaniga dalolat qiladi. 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:

"لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ"

(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim undan foydalanib qolmasa, shubhasiz (juda ko‘p narsadan) mahrum bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o‘tkizkan kishi 83 yilu to‘rt oy to‘xtovsiz ibodat qilganni savobini olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!

Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:

"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Azizlar! Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sababi, bandalar Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida imkon qadar kechalarini toat-ibodat, duo-tazarru’lar bilan o‘tkazib, dunyo va oxiratlariga tegishli barcha narsalarni bunday duolar ijobat bo‘ladigan kunlarda so‘rab olsinlar.

Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Laylatul qadrni qaysi kecha ekanini so‘raganlarida Ramazon oyining uchinchi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag‘aviy”).

Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ"

(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا).

ya’ni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, Ramazon oyining ushbu fazilatli kechalarini g‘animat bilish, uni toat-ibodat va solih amallar bilan o‘tkazishga himmat qilishimiz, ko‘proq qazo yoki nafl namoz, zikru tasbih, istig‘for, gunohlarga tavba, Qur’on tilovati,  hamda duo-tazarru’lar bilan o‘tkazishimiz ayni muddao bo‘ladi.

Qadr kechasi haqidagi dalillarni o‘rganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma yettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma yettinchiga o‘tar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga ba’zi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma yettinchi kechada ekaniga yengil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga ko‘ra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qur’oni karim biz bilgan har qanday nisbiy  qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi to‘qqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yig‘indisi yigirma yettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma yettinchi kechada ekaniga ishora bo‘lmoqda, deydilar.

Yana bundan tashqari ushbu sura o‘ttizta kalimadan tashkil topgan. Bu kalimalarning yigirma yettinchisi “هِيَ ” ya’ni “U” olmoshidir. Ushbu olmoshdan “Laylatul Qadr” iroda qilingan. Demak, bu o‘rinda ham Qadr kechasining yigirma yettinchi kechada ekaniga yengil ishora bor deyilgan.

Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi o‘n kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibdodatga berilmog‘i kerak bo‘ladi. Shoyad, Alloh taolo o‘zining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq bo‘lgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!

Oysha roziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘raganlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"

(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها).

ya’ni: “Siz: “Allohumma innaka ’afuvvun, tuhibbul ’afva fa’fu ’anniy”, ya’ni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Mana shunday sinovli kunlarda bu ulug‘ va g‘animat kechalarni qadriga yetib, fursatdan foydalanib ibodatlar qilaylik! Ibodatimiz so‘ngida Alloh taologa duo-tazarrular qilib, bu sinovli kunlardan va Koronavirus kasalligidan dunyo xalqlari qatori bizning yurtdoshlarimizni ham tez kunlarda xalos qilishini so‘raylik! Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, har xir balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida saqlasin! 

Muhtaram azizlar! Shu o‘rinda Ramazonning saxovat oyi ekanini yana bir bor yodga olsak. Qavmu qarindosh va mahalla ko‘y ichida boquvchisi yo‘q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish mo‘minning og‘irini yengil qilish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ

   (رواه الإمام الطبراني)

ya’ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi) (Imom Tabaroniy rivoyati).

Dinimiz ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, o‘zganing ehtiyojini o‘zinikidan ustun ko‘rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan chinakam islomiy fazilatdir.

Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo‘ni-qo‘shni, do‘stu yorlar va turli insonlar orasida qiyinchiliklarga uchragan kishilarga duch kelamiz. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ham moddiy ham ruhiy ko‘mak berish mo‘minlik vazifasi hisoblanadi. Qolaversa, bundan xayrli ishlarni nafl ibodatga farzni savobi beriladigan va farz ibodatga yetmishta farzni savobi beriladigan Ramazon oyida qilsak ayni muddao bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon oyining qadriga yetish, Qadr kechalarini topish va duolarimizni ijobat aylash baxtini nasib aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   3484   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari