Shu yil 1 fevral' kuni Toshkent shahrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar taqdimoti o'tkazildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi mas'ul xodimi Jasur Najmiddinov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Jaloliddin domla Hamroqulov, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'afurov, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi direktori o'rinbosari Firdavs Halimov, hamkor tashkilot va ilmiy doira vakillari hamda Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda Markaz tomonidan 2023 yilda nashrga tayyorlangan Imom Buxoriyning “At-Tarixus sag'ir”, Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Abu Azabaning “Ar-Ravzatul bahiyya fiyma baynal asho'ira val moturidiyya”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy aqidasi”, Sayyid Abdulmojid G'avriyning “Hadis ilmi istilohlari entsiklopediyasi” asarlari, shuningdek, “Islom dinida tinchlik” va “G'uluvning xatarlari” nomli risolalar taqdim etildi.
Taqdimotning ochilishida so'zga chiqqanlar Imom Buxoriy va boshqa alloma ajdodlarimiz merosini o'rganishning ahamiyati, taqdim etilayotgan kitoblarning ilmiy qiymati, mutafakkirlar asarlarini tadqiq etish borasidagi ishlarning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar, shuningdek, Yangi O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to'xtaldi.
Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi, doktor Muhammad Nazir Ayyad hamda Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich videotabrik yo'lladi.
Darhaqiqat, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar islomning asl qadriyat va tamoyillarini hamda insonparvarlik g'oyalarini tarannum etishda, zamonlar osha yuksak qadr-qimmatini yo'qotmay kelayotgan asarlarning tub mohiyatini ochib berishda muhim dasturulamaldir. Ona tilimizda chop etilgan mazkur asarlar mutafakkirlarimiz ilmiy qarashlari ma'nosini yanada yaxshiroq anglashga, ular ta'limotini yanada teran idrok etishga asos bo'lib xizmat qiladi.




O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.
Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.
B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati