Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2026   |   11 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:41
Xufton
18:55
Bismillah
30 Yanvar, 2026, 11 Sha`bon, 1447

Avval o‘yla, keyin so‘yla

09.08.2020   3719   8 min.
Avval o‘yla, keyin so‘yla

1991 yil xalqimiz mustaqillikka erishgach Islom dini arkonlariga amal qilish, uning ta’limotlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ro‘yobga chiqarish borasida imkoniyatlar ochildi. O‘sha davrlarda Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy jome masjidida imom-xatib vazifasida faoliyat olib borayotgan Usmonxon Alimov o‘z hamfikrlari bilan birgalikda xalqning diniy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida masjid qoshida Imom Buxoriy madrasasiga asos soldi hamda ushbu maskanda ustozlik qila boshladi. Dastlab, o‘rta maxsus diniy bilim yurti, so‘ng hadis ilmi markazi sifatida faoliyat yuritgan ushbu bilim yurti bir necha yuzlab diniy ulamolar yetishtirib berdi. Bugungi kunda juda ko‘plab masjidlarning imom-xatib, imom noibi, bilim yurtlarining mudarrislari sifatida va boshqa sohalarda ushbu mutaxassislar faoliyat olib borib, xalqimizning diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishda xizmat qilib kelmoqdalar.

Hammamizga ma’lum, keyinchalik ushbu ta’lim maskani negizida Usmonxon Alimov hazratlarining O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasida ish olib borish jarayonida xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil qilindi. 2019 yilga kelib esa Imom Buxoriy nomli hadis oliy maktabi ham o‘z ish faoliyatini boshladi va hadis ilmi sohasida yetuk olimlar tayyorlash bo‘yicha sobiq ittifoq hududidagi yagona ta’lim muassasiga aylandi.

Ko‘p yillar masjid imomi, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida mehnat qilgan Usmonxon Alimov 2006 yilga kelib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandilar. O‘zining ilmu ma’rifati, ish yuritish salohiyati, adolat, og‘ir va vazminlik bilan fikrlashi, musulmonlar manfaatini o‘ylab ish boshqarishi muftiy hazratlarining uzoq yillar davomida idora raisligi vazifasida ishlashini ta’minladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hazrat har qanday vaziyatda ham musulmonlar idorasi, masjid va madrasalarning bir maromda ish olib borishi, ularga nisbatan har xil ta’na toshlar otilishi, turli zararlar yetishini oldini olganligi ayniqsa shu soha ichida bo‘lganlarga ko‘proq ayondir, shu jumladan kaminga ham. Nafaqat zarar yetishi, balki ularni takomillashtirish, xalqimizning masjid va madrasalarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasida musulmonlarning rahbari sifatida ko‘plab ishlarni amalga oshirgani hech kimga sir emas. Yangi masjidlarning ochilishi, 500dan ziyod masjidlarda qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, Buxoro shahridagi “Mir Arab”, Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy hadis maktabi” diniy oliy bilim yurtlari, 2020 yil Surxondaryo viloyatidagi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti yangidan ochilib, faoliyat olib borayotgani, diniy bilim yurtlariga talabalar qabul kvotasining oshirilishi, viloyatlarda hadis, kalom, aqida, fiqh maktabalarining faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, diniy bilim yurtlari qoshida Qur’on kurslari tashkil etilganligi kabi ko‘plab xayrli ishlar aynan muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining diniy idora rasiliklari davrida amalga oshilirlagani hazratning ushbu sohadagi samarali mehnatlaridan dalolat beradi. Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston musulmonlarining rahbari, bugungi kunda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ko‘plab mutaxassislarning ustozi bo‘libgina qolmay, yon qo‘shni mamlakatlar, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston muftiyotlari tomonidan ham ustoz sifatida e’tirof etilganini qayd etishimiz lozim. Ular ko‘plab masalalarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, hazratning idora tarixida ilk bor 2012 yil Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylanganlari, islom dini ma’rifatini keng tarqatish, buzg‘unchi kuchlarga qarshi birga kurashish va o‘zaro hamkorlikdagi keng ko‘lamli ishlar uchun Rossiya  Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanishi, Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qilgani, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni tiklash va avaylab asrashga qo‘shgan hissasi uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali “Ыntimoq” medali (“Ittifoq”) bilan taqdirlanishlari, Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egallaganlari xalqaro e’tibor va ehtiromga sazovar bo‘layotganlariga dalolat qiladi.

Muftiy hazratlari Islom dini ma’rifatining targ‘ibotchisi sifatida ham nafaqat yurtimizda, balki, ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqdalar. U kishi yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalarning muallifi hisoblanadi. “Tafsiri Irfon”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Yoshlar kelajagimiz”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi” kabi asarlari shular jumlasidandir.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Islom dini va musulmonlar manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari va olib borayotgan sa’y harakatlari haqida yana ko‘plab to‘xtalishimiz mumkin. Alloh taoloning inoyati ila mana shunday salmoqli ishlar muftiy hazratlari boshchiliklarida bardavom bo‘lmoqda. Ammo, bugungi kunda ba’zi bir dilni xira qiladigan, musulmonlarni o‘z rahbariga qarshi chiqishga undaydigan, ular orasida fitna va parokondalikka chaqiruvchi ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi xabar va gaplarning tarqalishi biz diniy soha vakillari va musulmonlarning noroziligimizga sabab bo‘lmoqda. Ilm ahllarining darajalarini Alloh taoloning  O‘zi baland qilgan. Bu tortishmaydigan masaladir. Chunki, Alloh taolo “Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darjalarini ko‘tarur” (Mujodala-4), deya marhamat qilgan. Olimlarga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o‘xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urush qilgan g‘olib bo‘larmidi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman” (Buxoriy rivoyati). Ibn Hajar aytadi: Allohning do‘stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo‘ladigan olimdir.

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo‘ladi”, deganlar.

Ahli ilm, imomlarga samimiy xayrixoh bo‘laylik. Aslida islomning mohiyati ham shunday, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni o‘z hadislarida ta’kidlaganlar.

Tami ibn Avs Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Din samimiy xayrixohlikdir”, dedilar. Biz: “Kim uchun?” dedik. U zot: “Alloh uchun, Uning Kitobi uchun, Rasuli uchun hamda musulmonlarning imom-rahbarlari va hammalari uchun”, dedilar”. (Imom Muslim rivoyati).

Barchamiz uchun ustoz bo‘lgan, olim, fazilatli shayx Usmonxon Alimov hazratlarini o‘z vazifasiga noloyiq, olib borayotgan ishlarini samarasizlikda ayblamang! Muftiy hazratlarining odilona, ilmu ma’rifat va mo‘tadillik bilan ish boshqarishlari natijasi o‘laroq masjidlarimiz obod, talabalarimiz ilm chashmasidan bahramand, soha vakillari o‘zaro ittifoqlikda mehnat qilib, xalqning ma’rifati, tinchligi, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay, halol-haromni farqlaydigan bo‘lib shakllanishi davom etmoqda. Zero, hikmatlarda “Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir”, deyilishi bilan har bir ishni mo‘tadil holda bajarish afzal ekanligini ta’kidlangan.

Muftiy hazratlariga uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlarini Alloh taolo nasib aylasin!

 

Zayniddin ESHONQULOV,

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi

 

 

 

 

                   

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halollikning qudrati

30.01.2026   3437   2 min.
Halollikning qudrati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.

Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.

— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:

— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.

— Keyin nima bo‘ldi?

Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.

Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.

Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.

Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

Maqolalar